07:00 / 19.10.2020
2 022

O‘zbekistonda shaxs o‘z salohiyatining necha foizidan foydalana olishi hisoblab chiqildi

O‘zbekistonda shaxs o‘z salohiyatining necha foizidan foydalana olishi hisoblab chiqildi
Sentabr oyida Jahon banki dunyo mamlakatlarining 2020 yil uchun inson kapitali indeksini e’lon qilgandi. Unda O‘zbekiston ham qatnashib, tarixda ilk bor 62 foizlik natija qayd etdi. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayevning maqolasida bu reyting qanday tuzilishi, O‘zbekiston natijasi va keyingi rejalari haqida so‘z boradi.

Inson kapitali indeksi qanday aniqlanadi?
Bu yilgi indeksga 2020 yil mart oyigacha bo‘lgan ma’lumotlar kiritilgan. Indeks davlatlar o‘z fuqarolarining salohiyatidan qay darajada samarali foydalanayotganini o‘lchaydi. Bu orqali mamlakatda kelajak avlodga qilingan investitsiyaning samardorligini ham o‘lchash imkoni yaratiladi. Ta’lim va sog‘liqni saqlashga bo‘lgan e’tiborsizlik tufayli mamlakat qancha zarar ko‘rishi mumkinligi va bu zarar kelajak avlodga salbiy ta’sir etishi ham tahlil qilinadi.

Inson kapitali insonlar umri davomida to‘plab boradigan bilim, ko‘nikma va salomatlikdan iborat. Bular insonga jamiyatning kerakli a’zosi sifatida o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishga imkon beradi.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, davlatlarning iqtisodiy rivojlanish darajasi 30 foizgacha bo‘lgan holatda inson kapitali sifatiga qarab aniqlanadi.

Inson kapitali indeksi 3ta asosiy komponentdan iborat:
  • yashab qolish (tug‘ilgan bolaning maktab yoshigacha yashashi)
  • ta’lim (ta’lim davomiyligi va sifati)
  • salomatlik (maktab bitiruvchilarining mehnat bozoriga mehnatga yaroqli sog‘lom inson sifatida chiqishi)

Bu komponentlar 6ta ko‘rsatkich bo‘yicha: yangi tug‘ilgan bolaning 5 yoshgacha yashab qolish ehtimoli, ta’limning davomiyligi, ta’lim natijalari (bilim darajasi), voyaga yetgan bolalarning yashab qolish ko‘rsatkichlari, sog‘lom o‘sish, nuqsonsiz voyaga yetgan bolalar ulushiga qarab baholanadi.

O‘zbekistonda bir inson o‘z salohiyatini o‘rtacha 62 foiz ishlata oladi
O‘zbekiston o‘z tarixida ilk marotaba 62 foizlik natija bilan ushbu indeks reytingiga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Ya’ni pandemiyagacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonda tug‘ilgan bola o‘zining mahsuldorlik salohiyatini o‘rtacha 62 foiz qo‘llay oladi, deb baho berilmoqda.

MDH davlatlari orasida eng yaxshi natija Belarus (70 foiz), Rossiya (68 foiz) va Qozog‘istonda (63 foiz) qayd etilgan.

O‘zbekiston oldingi yillarda nega indeksda qatnashmagan?
Dunyo mamlakatlarida inson kapitalini baholash 1990 yillardan boshlangan. O‘zbekiston bu reytingdan o‘rin olishi uchun bir necha yil oldin harakatlar boshlangan. 2018 yilda e’lon qilingan «Inson kapitali indeksi – 2018» reytingida O‘zbekiston Respublikasining ma’lumotlari e’lon qilinmagan. Bunda O‘zbekiston tomonidan faqat sog‘liqni saqlash va iqtisodiy ko‘rsatkichlar taqdim etilgan va bu Jahon banki tomonidan qabul qilingan. Lekin 2017 yilgacha O‘zbekiston maktab o‘quvchilarining bilimini aniqlash uchun o‘tkazilgan monitoring ishlari xalqaro standartlarga mos emasligi sababli ta’lim sifati (o‘quvchilarning bilimini baholash) bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlar qabul qilinmagan.

Ta’lim sifatini yaxshilash uchun qilinayotgan ishlar doirasida Xalq ta’lim vazirligi va Jahon banki bilan hamkorlikda O‘zbekistonni «Inson kapitali indeksi» reytingiga kiritish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Jahon banki vakillari O‘zbekistonning indeks tadqiqotlarida birinchi marta ishtirok etayotganini hisobga olib, indeks uchun ma’lumotlar tayyorlash va xalqaro reytingni aniqlash uchun tashkil qilinadigan sinovlarni o‘tkazishda Ta’lim inspeksiyasiga ishonch bildirildi.

2019 yilning noyabr oyida Jahon banki bilan hamkorlikda TIMSS xalqaro tadqiqotlari savollari asosida matematika bo‘yicha maktab o‘quvchilarining bilimini o‘rganish bo‘yicha sinovlar tashkil etdik. Ushbu sinovlar uchun amaliy ko‘nikma va mantiqiy fikrlashni baholashga qaratilgan savollar xalqaro tan olingan testologlar tomonidan tuzib berildi. Mazkur sinovlarda qayd etilgan natijalar ham Jahon banki tomonidan O‘zbekistonda inson kapitalini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarda foydalanildi.

Jahon banki tomonidan o‘tkaziladigan o‘rganishlarda PISA va PIRLS xalqaro tadqiqotlari ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Shu sababli keyingi xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

62 foiz yaxshi ko‘rsatkichmi?
Jahon banki o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, O‘zbekistonda yangi tug‘ilgan 100 nafar bolaning 98 nafari 5 yoshgacha yashab qoladi. Bola 18 yoshga to‘lganida 12 yillik maktabni tamomlashini kutishi mumkin. Natijalarga ko‘ra, o‘quvchilarning o‘rtacha bilim ko‘rsatkichi shkala bo‘yicha 474 ballni tashkil etdi. O‘quvchilar tomonidan olingan bilimlar miqdorini hisobga olgan holda bolalarda o‘rtacha maktab yillari 9,1 yilni tashkil etadi.

Yashab qolish ko‘rsatkichi bo‘yicha 15 yoshdagi bolalarning 87 foizi 65 yoshgacha umr ko‘rishadi. Sog‘lom o‘sish ko‘rsatkichlari bo‘yicha mamlakatdagi 100 nafar bolaning 89 nafari sog‘lom o‘sishda muammolarga duch kelmaydi. 11 nafari esa rivojlanishda sustkashlikka uchrashi, kognitiv va jismoniy nuqsonlarga duch kelishi mumkin.

Jahon banki tadqiqotlarida moslashtirilgan test natijalariga ko‘ra, o‘quvchilarning bilim ko‘rsatkichi 625 ball eng yuqori, 300 ball esa eng past ko‘rsatkich deb oladigan bo‘lsak, O‘zbekiston qayd etgan natijani tadqiqotlardagi birinchi ishtirok uchun yaxshi natija sifatida baholashimiz mumkin.

Ammo bu ko‘rsatkichlar 2019 yilning noyabr oyida o‘tkazilgan O‘zbekiston o‘quv dasturlariga yaqin TIMSS xalqaro tadqiqotlari savollarining natijasi asosida shakllangan. 2021 yilning aprel-may oylarida tajriba-sinov tariqasida, 2022 yilda esa asosiy tadqiqot sifatida o‘tkaziladigan PISA va 2021 yilning aprel oyida o‘tkaziladigan PIRLS tadqiqotlari natijalari indeksdagi vaziyatni o‘zgartirishi mumkin. Chunki bu tadqiqotlar tartibi O‘zbekiston ta’lim tizimidan ancha farq qiladi. Shunga qaramay, bu tadqiqotlarga ham yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rish uchun harakat qilinmoqda.

Pandemiya yo‘qotishlarga sabab bo‘lishi mumkin
Pandemiya barcha sohalarni, ta’lim tizimini ham qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Barcha davlatlar oldida insonlar salomatligini saqlash uchun ta’lim muassasalarini yopish yoki sifatni ta’minlash uchun an’anaviy ta’lim berishni davom ettirish kabi qiyin tanlov paydo bo‘ldi.

YUNЕSKO tahlillariga ko‘ra, 2020 yilda 194ta mamlakatdagi ta’lim muassasalarining yopilishi 91 foiz o‘quvchi-talabalarga ya’ni 1.6 milliard ta’lim oluvchilarga o‘z ta’sirini o‘tkazdi.

Jahon bankining 157ta davlatdagi holatlar bo‘yicha tahlillariga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi ta’sirida, ta’lim muassasalari taxminan 4 oy davomida yopiq holatda qolgan bo‘lib, masofaviy tarzda ta’lim olish sinfxonada yuzma-yuz o‘tilgan dars kabi samarali bo‘la olmasligi taxmin qilinmoqda. Masofadan o‘qitish barcha o‘quvchilar uchun birdek qulay emasligi, ularni nazorat qilish qiyinroq bo‘lishi, aloqa vositalaridagi muammolar sababli o‘quvchilar bilimi minimal ko‘rsatkichdan tushib ketish ehtimoli borligi, o‘quvchilarning bilimidagi va o‘qish muddatidagi yo‘qotishlar keyinchalik iqtisodiy daromadlarining ham pasayishiga olib kelishi mumkinligi aytildi.

Xususan, Jahon banki tahlillariga ko‘ra, mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi sabab, maktablarning masofaviy tizimga o‘tkazilishi sohada 28 foizlik yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.

Buning ob’ektiv sababi sifatida esa masofaviy o‘qitish an’anaviy dars kabi samarali bo‘la olmasligi, masofaviy o‘qitish barcha o‘quvchilar uchun birdek qulay emasligi, ta’lim sifatini nazorat qilish qiyinligi kabi muammolarni keltirish mumkin.

Jahon banki tahlillariga ko‘ra, bolalar an’anaviy ta’limda o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan bilimlarning chorak qismidan ko‘prog‘ini o‘zlashtira olmagan. Agarda ushbu bo‘shliqni qoplash bo‘yicha zudlik bilan chora-tadbirlarni amalga oshirmasak, iqtisodiyot har yili o‘rtacha 425 million AQSH dollari miqdorida zarar ko‘rishi mumkinligi aytilmoqda.

Bugun maktablarda ta’lim olayotgan bolalar ertaga inson kapitali sifatida mehnat bozoriga kirib boradi. Bu holat ta’limdagi qashshoqlikning ham oshishiga sabab bo‘ladi. Masalan, pandemiya tufayli joriy etilgan karantin choralari sababli matematika bo‘yicha ta’limdagi yo‘qotishlarimiz 3 foizga oshdi. Ya’ni o‘zbekistonlik o‘quvchilarning matematika bo‘yicha o‘zlashtirishining pasayishi 48 foizdan 51 foizga yuqoriladi.

Albatta, buning oldini olish uchun ham zarur choralar vaqtida ko‘rilishi kerak.

Ulug‘bek Tashkenbayev,
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda shaxs o‘z salohiyatining necha foizidan foydalana olishi hisoblab chiqildi