22:45 / 20.10.2020
1 013

Qo‘lqoplarni jamoat transportlarida taqish talabi qanchalik to‘g‘ri?

Qo‘lqoplarni jamoat transportlarida taqish talabi qanchalik to‘g‘ri?
Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva AOKA huzurida tashkil etilgan brifingda bugungi kunda umumiy avtotransportlardan foydalanishda qo‘lqoplarni taqish talabi qanchalik to‘g‘ri va foydali ekanligi borasidagi savolga javob berdi.

- "Oxirgi paytda qo‘lqoplarni avtotransportlarda kiyib yurish talabi kuchaytirilgani ko‘pchilikda qandaydir tushunmovchilik va noroziliklarni keltirib chiqarmoqda. Lekin eslasak, karantin talablari kamaytirilishi jarayonida ayrim talablar saqlanib qolinishi belgilangan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan siz o‘zingizni doimiy ravishda koronavirusdan himoyalashingiz uchun talab va tartiblar belgilangan.

Doimiy tarzda kasallikdan himoya qiladigan vositalardan biri — qo‘lqoplardan ko‘p insonlar kiradigan do‘konlar, umumiy avtotransportlarda foydalansangiz, avtotransportlarga kirib u yerdan chiqayotganda qo‘lqoplarni yechib tashlasangiz, siz o‘sha jarayonda qo‘llaringiz va teringizga virus yopishib qolishidan o‘zingizni himoya qilgan bo‘lasiz.

Keyinchalik virusni yuzingiz, ko‘zingizga tekkizib yuqtirish yoki oilangizga kirib borishining oldini olgan bo‘lasiz. Qo‘lqoplardan doimiy foydalanish sizni nafaqat kasallanishdan, balki oilangizga virus kirib borishidan ham himoya qiladi
", - deydi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva.

Eslatib o‘tamiz, 19 oktabrdan boshlab Toshkent shahar jamoat transporti (avtobus, metro, yo‘nalishli taksi) xizmatidan foydalanganda yo‘lovchilarning tibbiy niqob va qo‘lqopda bo‘lish tartibi joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Transport vazirligi bunda tashuvchilar tomonidan jamoat transporti yo‘lovchilariga qo‘lqoplar bepul taqdim etilishi, yo‘lovchilarning qo‘lqop taqqan-taqmaganini maxsus ishchi guruh nazorat qilib borishini ma’lum qilgan.

Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev esa jamoat transportida yo‘lovchilarga tarqatiladigan tibbiy qo‘lqoplar transport korxonalari hisobidan, ya’ni davlat tomonidan qoplanishini bildirgan. Shuningdek, jamoat transportida tibbiy qo‘lqop taqishning majburiy qilinishiga nima sabab bo‘lganiga ham to‘xtalib o‘tgan.

«Buning eng asosiy sababi – har bir yo‘lovchi bir kunda o‘rtacha 20-30 daqiqani transportda o‘tkazadi. Shu davrda yo‘lovchilarimizga chiptachilar, haydovchilar hamda metrodagi kassa va metro operatorlari tomonidan bepul bir martalik qo‘lqoplar tarqatilmoqda. Metro, avtobus tutqichlari qo‘lqoplardan foydalangan holda ushlansa, kasallikni yuqtirib olish xavfi kamayadi», — degan Toshkent shahar Transport boshqarmasi vakili.

U metropolitenning har bir vestibyuli, bekatida kuzatuv o‘tkazilganini, unga ko‘ra, antiseptik quyish moslamasi o‘rnatilgan bo‘lishiga qaramay, undan foydalanganlar ko‘rsatkichi, 5-10 foizni tashkil qilganini ta’kidlagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)