23:45 / 20.10.2020
3 910

Andijonda erini o‘ldirish uchun 30 ming dollarga odam yollagan ayolga sud hukmi o‘qildi

Andijonda erini o‘ldirish uchun 30 ming dollarga odam yollagan ayolga sud hukmi o‘qildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudida erini o‘ldirish uchun 30 ming dollarga odam yollagan ayolga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda viloyat sudi sudya katta yordamchisi Komronshoh Rasulov xabar berdi.

Viloyat sudi sudyasi Ulug‘bek Karimovning ma’lumot berishicha, 36 yoshli Farida (barcha ismlar o‘zgartirilgan) 2020 yil 7 fevral kuni turmush o‘rtog‘i Alisherni boshqa ayoldan rashk qilib, janjal ko‘taradi. Eri bilan tortishib qolib, uni o‘ldirish harakatiga tushadi.

Maqsadini amalga oshirish uchun tanishi Ikrom orqali Azamatni topib, shu kunning o‘zida Azamat bilan Asaka tumanida joylashgan «Gumbaz» kafesi oldida uchrashib, erini o‘ldirishni buyuradi. Xizmat haqi uchun 30 ming dollar va’da qilib, dastlabki to‘lov sifatida Azamatga 6400 dollar va tilla taqinchoqlarini beradi.

Oradan besh kun o‘tib, ya’ni 14 fevral kuni soat 22:30 da Asaka shahridagi «Iris» kafesida Azamat bilan uchrashib, erining qo‘l, oyoqlari bog‘langanini va qonga bo‘yalgan fotosuratini ko‘rib, bir dona ayollar zanjiri, uch dona ayollar brasleti, uch juft ayollar ziragi, to‘qqiz dona ayollar uzugi, o‘ziga tegishli bo‘lgan xonadonlaridan birining kadastr hujjatlarini bergan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olingan.

Sudlanuvchi Farida turmush o‘rtog‘i dastlab Surayyo, keyinroq Shohsanam ismli ayollar bilan ishqiy munosabatda bo‘lganidan xabar topib, ulardan rashk qilib, bir necha marta janjallashganini, bundan bezigan eri 2019 yil 7 oktabr kuni Shohsanam ismli qiz bilan Rossiyaning Murmansk shahriga ketib qolganini aytgan. Faridaning aytishicha, u eri va uning tanishini Rossiyaga ham izlab borgan va topgan. Erining xiyonatidan g‘azablanib, uni odam yollab o‘ldirmoqchi bo‘lgan.

Jabrlanuvchi Alisher sudda turmush o‘rtog‘i Farida mazkur harakatlarni rashk sabab qilganini, o‘rtasida mulk bo‘yicha kelishmovchilik yo‘qligini bildirgan.

Mazkur ishni ko‘rib chiqqan sud ayolni Jinoyat kodeksining 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) va 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan aybli deb topib, unga 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Biroq sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 72-moddasi (shartli hukm qilish) tatbiq qilinib, tayinlangan jazo shartliga almashtirilib, ikki yil sinov muddati belgilangan. Hukmni ijro qilish va aybdorning xulqi ustidan nazorat olib borish Asaka tuman ichki ishlar bo‘limi jazoni ijro etish inspeksiyasiga yuklatilgan.

Shuningdek, ashyoviy dalil tariqasida olingan 24 turdagi tillo taqinchoqlar hamda 6400 dollar pul davlat hisobiga o‘tkazilishi belgilangan.

«Daryo» muxbirining qo‘shimcha qilishicha, 20 oktabr kuni viloyat prokuraturasi tomonidan bildirilgan protest hamda jabrlanuvchining apellyatsiya shikoyati asosida apellyatsiya instansiyasida sud ish ko‘rilishi boshlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bosh prokuratura erini o‘ldirish uchun 50 ming dollarga odam yollagan ayol qo‘lga olinganini, ayolga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilganini xabar qilgandi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Andijonda erini o‘ldirish uchun 30 ming dollarga odam yollagan ayolga sud hukmi o‘qildi