11:27 / 25.10.2020
1 604

O‘zbekistonda aksar o‘lim holatlari qanday kasalliklar hissasiga to‘g‘ri kelishi ma’lum qilindi

O‘zbekistonda aksar o‘lim holatlari qanday kasalliklar hissasiga to‘g‘ri kelishi ma’lum qilindi
O‘zbekistonda 78 foiz o‘lim holatlari noinfeksion kasalliklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda tibbiyot fanlari doktori, professor, Tibbiy xodimlarni kasbiy malakasini rivojlantirish markazining Valeologiya kafedrasi mudiri Shuhrat Irgashev Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Sog‘lom turmush tarziga amal qilgan insonlar, avvalo, kasal bo‘lmaydi, biron joyi og‘rib qolganda ham tez va oson salomatligini yana qayta tiklab oladi. COVID-19 infeksiyasi keng tarqalgan bugungi tahlikali zamonda ham bu o‘z isbotini topmoqda.

Ortiqcha vazn yoki biror yondosh kasalliklari bor, sog‘lig‘iga yetarlicha e’tibor bermaydigan kishilarga virus yuqqanda og‘ir oqibatlarga olib kelgani kuzatilmoqda. Aksincha, immuniteti kuchli, sog‘lom turmush tarziga amal qiluvchi kishilar yoshidan qat’i nazar, virusni tez va oson yengib o‘tmoqda.

Shuningdek, birinchi navbatda sog‘lom turmush tarziga amal qilmaslik noinfeksion kasalliklarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bular yurak qon-tomir, qandli diabet, onkologik, nafas yo‘llari xastaligi kabi kasalliklar bo‘lib, O‘zbekistonda 78 foiz o‘lim holatlari ayni shu xastaliklar bilan bog‘liq
», – deydi Shuhrat Irgashev

Yuqumli bo‘lmagan xastaliklarga chalinmaslik uchun nima qilish kerak, degan savolga professor, birinchi navbatda to‘g‘ri hayot tarzini yo‘lga qo‘yish talab etilishini ta’kidlagan. U quyidagilarni sog‘lom turmush tarziga amal qilishning 4 asosiy yo‘li mavjudligini aytib o‘tgan.

Bular:
- to‘g‘ri ovqatlanish;
- jismoniy faollik;
- ruhiy salomatlik;
- zararli odatlardan voz kechish.

«Bugungi kunda mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzining mana shu to‘rt qoidasiga amal qilishni aholining odatiga, kundalik turmush tarziga aylantirish ishlari jadal ravishda olib borilmoqda. Ammo bunga faqatgina targ‘ibot-tashviqot ishlari yoki bir ikkita tadbir o‘tkazish bilangina erishib bo‘lmasligi aniq. Bu borada aniq bir mexanizm, uzoq muddatli tizimni yo‘lga qo‘yishimiz zarur», – deydi professor.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)