12:12 / 28.10.2020
832

Qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmagan shaxs oqlandi

Qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmagan shaxs oqlandi
Haqiqat egiladi, bukiladi, lekin sinmaydi- deydi dono xalqimiz. Kundalik hayotimizda bunga misollar juda ko‘p. Ayniqsa muqaddam sudlangan shaxslarning yillar o‘tib, oqlanayotgani ana shu haqiqatning yoyinki adolat qaror topganligining yaqqol bir ko‘rinishidiir. Voqeamiz qahramoni B.Jo‘rayev bu kunlarni qanchalar orziqib kutgan edi. Mana vanihoyat 10 yil deganda u oqlandi. Uning bo‘ynidan “Sudlangan” degan tamg‘a olib tashlandi.

2020 yil sentabr oyining 7 kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Nurota tuman sudining ochiq sud majlisi o‘z binosida bo‘lib, sudya Z.S.Ibragimovning raisligida, sudya yordamchisi M.Hamroyevaning kotibaligida, taraflardan davlat ayblovchisi Nurota tuman prokurori katta yordamchisi J.Axmedov, B.Jo‘rayev va uning himoyachisi Navoiy shahar “ISHONCH” advokatlik firmasi advokati N.Barotov, fuqaroviy da’vogar Eshpulatov Baxtiyor Umarovichning ishtirokida, Jo‘rayev Botir Abdiraxmonovichga nisbatan №1-126-10-sonli jinoyat ishini ko‘rib chiqildi.

Jo‘rayev Botir Abdiraxmonovich - 1971 yil 20 sentabr kuni Nurota tumanida tug‘ilgan, o‘zbek, O‘zbekiston fuqarosi, oilali 3 farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, ma’lumoti tugallanmagan oliy, ilgari Nurota tumani sobiq Ijtimoiy ta’minot bo‘limida pensiya va nafaqalarni tayinlash guruhi rahbari bo‘lgan, ayni paytda ham Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Nurota tuman bo‘limida pensiya va nafaqalarni tayinlash guruhi rahbari lavozimida ishlaydi.
U O‘zbekiston Respublikasi (eski tahrirdagi) JKning 205-moddasi 2-qismi “a,v” bandlari va 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ayblangan edi.

Unga “1995 yildan 01.02.2010 yilga qadar Nurota tuman sobiq ijtimoiy ta’minot bo‘limida pensiya va nafaqalarni tayinlash guruhi rahbari pensiya va ijtimoiy nafaqa tayinlash komissiyasi a’zosi lavozimida ishlab kelib, o‘z mansab vakolatidan qasddan foydalanib, 1993 yil 3 sentabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonun talablarini qo‘pol ravishda buzib, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 22.10.2007 yildagi 179-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Tuman (shahar) ijtimoiy ta’minot bo‘limlari rahbar va mutaxassis xodimlarining lavozim majburiyatlari”da ko‘rsatilgan pensiya va ijtimoiy nafaqa ishlarini rasmiylashtirish, taqdim qilingan hujjatlarning to‘g‘ri va asosli ekanligini tekshirish, pensiyani tayinlash va qayta hisoblashni amalga oshirish, komissiyaning qaroriga asosan taqdim qilingan hujjatlarning asosligini joyiga chiqib tekshirish, har bir nafaqa oluvchiga shaxsiy hisob varaqasini ochishi va shu orqali to‘g‘ri to‘ldirish va uni yuritish, pensiyalarni to‘g‘ri to‘laganligini tekshirishi, to‘lov hujjatlari to‘g‘ri, qonuniy va o‘z vaqtida tayyorlanishiga, shuningdek, kompyuter ma’lumotlar bazasini to‘g‘ri yuritilishi va saqlanishi, to‘lov hujjatlarida pensiya miqdorlarining to‘g‘ri ko‘rsatilishi va shaxsiy hisob varaqalarining yuritilishi yuzasidan javobgar shaxs bo‘lsa-da, o‘z mansab vakolatini suiiste’mol qilish orqali amaldagi qonun hujjatlariga rioya etmasdan, 2008 yildan 2010 yil fevral oyidagi davri mobaynida pensioner tomonidan taqdim qilingan hujjatning asosliligini o‘rganmasdan boquvchisini yo‘qotganligi uchun pensiyaga chiqqan nafaqaxo‘r S.Ulashevaga boquvchi vafotiga qadar ikkinchi guruh nogironi sifatida pensiya olib kelganligi sababli pensiya qonunining 34-moddasi bo‘yicha nogironlik pensiyasi hisoblangan 1988-1993-yillar ish haqlaridan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi hisoblanishi lozim bo‘lsa-da, qonunga zid ravishda 2000-2005-yillar ish haqlaridan hisoblanganligi natijasida 15.07.2009 yildan 28.02.2010 yilga qadar 927.787 so‘m pul mablag‘ini ortiqcha to‘lanishiga yo‘l qo‘yib, davlat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilishiga sababchi bo‘lgan” – deb ayblov qo‘yilgan edi.

Sud, dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi Jo‘rayev Botir Abdiraxmonovichga nisbatan e’lon qilingan ayblovlarni keltirgan vajlar asosida tahlil qilib, unga asossiz qo‘yilgan ayrim ayblovlarni quyidagi asoslarga ko‘ra, aybidan chiqarishni lozim topdi.
  • Chunonchi, JPKning 22-moddasida, sud jinoyat yuz berganligi, uning sodir etilishida kim aybdorligi, shuningdek u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi shartligi, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi, ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan, shuningdek uning javobgarligini ham yengillashtiradigan, ham og‘irlashtiradigan holatlar aniqlanishi va hisobga olinishi lozimligi;
  • 463-moddasida, ayblov taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emasligi va faqat sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomda isbot qilingan taqdirdagina chiqarilishi, ayblov hukmiga jinoyat sodir etilishining ish bo‘yicha barcha mumkin bo‘lgan holatlarini tekshirish, ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha mumkin bo‘lgan holatlarini tekshirish, ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kam-ko‘stni to‘ldirish, yuzaga kelgan hamma shubha va qarama-qarshiliklarga barham berish natijasida yig‘ilgan ishonchli dalillargina asos qilib olinishi lozimligi;
  • 467-moddasida, hukmda sudning har bir sudlanuvchiga nisbatan xulosalariga asos bo‘lgan dalillar va sudning boshqa dalillarni rad etish sabablari yozilishi lozimligi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2014 yil 23 maydagi “Sud hukmi to‘g‘risida”gi 7-sonli Qarorining 5-bandi 2-xatboshisida,
“Hukm JPKning 26,90 va 455-moddalari talabiga binoan faqat sud majlisida tekshirilgan va sud majlisi bayonnomasida o‘z aksini topgan dalillarga asoslangan bo‘lishi lozimligi e’tiborga olinishi kerakligi, sud hukmda, surishtiruv, dastlabki tergov yoki boshqa sud majlisidagi sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvohlarning ko‘rsatuvlariga, ekspertning xulosalariga va tergov harakatlarining bayonnomalariga, JPKning 443-moddasiga muvofiq, ushbu dalillarga faqatgina sud majlisida o‘qib eshittirilgan va tekshirilgandagina havola qilinishi mumkin”ligi, ushbu Qarorning 11-bandida, sud ayblov hukmi chiqarayotganda, JPKning 457-moddasi talablariga muvofiq, sudlanuvchi aybli deb topilayotgan qilmish haqiqatan sodir etilganmi, bu qilmish jinoyat deb hisoblanadimi va u Jinoyat kodeksining qaysi moddasida nazarda tutilgan, bu qilmishni sudlanuvchi sodir etganmi, sudlanuvchi jinoyat sodir etilishida ayblimi va JPK 457-moddasida ko‘rsatilgan boshqa masalalarni hal qilishlari lozimligi haqida tushuntirish berilgan.

Biroq, dastlabki tergov organi tomonidan yuqoridagi Qonun va Plenum qarori talablariga rioya qilinmagan.
O‘zbekiston Respublikasi JPK 415-moddasida, sud ayblovni o‘zgartirishga haqli.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining 2015 yil 20 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub’ektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ 391-monli Qonuni bilan JK sakkizinchi bo‘limiga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarga ko‘ra, mansabdor shaxs – doimiy, vaqtincha yoki maxsus vakolat bo‘yicha tayinlanadigan va saylanadigan, hokimiyat vakili vazifalarini bajaradigan yoxud davlat organlarida, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida, mulk shaklidan qat’iy nazar, korxonalarda, muassasalarda, tashkilotlarda tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini amalga oshiradigan va yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etishga vakolat berilgan shaxs, xuddi shuningdek xalqaro tashkilotda yoxud chet davlatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, ma’muriy yoki sud organida mazkur vazifalarni amalga oshiruvchi shaxs ekanligi belgilangan.

Mazkur Qonun bilan JK 205-moddasi dispozitsiyasi yangi tahrirda bayon etilib, ushbu moddadan mas’ul mansabdor shaxsning jinoyat sodir etganligi uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi kvalifikatsiya belgisi chiqarilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 13-moddasida, qilmishning jinoiyligini bekor qiladigan, jazoni yengillashtiradigan yoki shaxsning ahvolini boshqacha tarzda yaxshilaydigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega ekanligi ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-bandida, sudlanuvchining qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa, aybsiz deb topilishi va reabilitatsiya etilishi lozimligi belgilangan. Shuningdek, ushbu Kodeksning 464-moddasi 1-qismi 2-bandida, sudlanuvchi sodir etgan qilmishda jinoyat tarkibi bo‘lmasa, sud oqlov hukmi chiqarishi bayon etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2014 yil 23 maydagi “Sud hukmi to‘g‘risida”gi 7-sonli Qarorining 9-bandida,
“Agar ijtimoiy xavfli qilmish fakti va oqibatining kelib chiqqanligi aniqlangan bo‘lib, biroq sud muhokamasida taqdim qilingan va tekshirilgan dalillar bilan uning sudlanuvchi tomonidan sodir etilganligi inkor etilsa yoki o‘z tasdig‘ini topmasa, qilmishda jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli, oqlov hukmi chiqarilishi haqida tushuntirish berilgan.

Sud, bayon etilganlarga ko‘ra, B.Jo‘rayevni O‘zbekiston Respublikasi JKning 205-moddasi 2-qismi “a,v” bandlari va 209-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybsiz deb topishni hamda sodir etgan qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan reabilitatsiya etishni, jinoyat ishining unga oid qismini harakatdan tugatishni lozim topadi.

B.Jo‘rayev oqlandi. Uning qarindosh urug‘, qo‘ni qo‘shni mahalla ko‘y, qolaversa VIJDONi oldida yuzi oqlandi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, so‘nggi uch yarim yil ichida respublikamizda 2300 dan ziyod shaxslarga oqlov hukmlari chiqarildi. Muhtaram Yurtboshimizning odilona va oqilona siyosati tufayli B.Jo‘rayevdek o‘ksik qalblar oqlandi.
Bu raqamlar ortida millionlab o‘qsiq qalblarning adolat qaror topishiga umidi uyg‘onmoqda.

Zafar Saxodinovich Ibragimov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat
Nurota tuman sudining raisi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)