23:43 / 30.10.2020
2 565

Internetda bog‘cha xodimlari «ko‘mir tappi» qilayotgani surati tarqaldi

Internetda bog‘cha xodimlari «ko‘mir tappi» qilayotgani surati tarqaldi
Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘mir kukunidan «tappi» tayyorlayotgan ayollar surati tarqaldi. Suratlar e’lon qilingan postlarda holat qaysi tumanda, qaysi bog‘chada sodir bo‘lganiga oydinlik kiritilmagan. Suratlardan birining ostiga Samarqand, yana birida esa Andijon deb yozilgandi.

Holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazib, maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati va Samarqand viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi mutasaddilaridan izoh oldik. Shuningdek, postlardan birida aytilgan Samarqanddagi bog‘cha mudiri bilan ham bog‘landik.

Samarqand viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilfuza Azizovaning aytishicha, tarqalgan suratni ertalab ko‘rib, gap qaysi bog‘cha haqida ketganini aniqlay olmagan. Bu borada Samarqand viloyatidagi barcha tuman MTB mudirlariga ma’lumot jo‘natilgan va ichki surishtiruv o‘tkazilgan.

Ko‘mir qanday yetkazib beriladi?
Shu o‘rinda boshqarma qaramog‘idagi bog‘chalarga ko‘mir qanday yetkazib berilishi bilan qiziqdik. Dilfuza Azizovaga ko‘ra, viloyatdagi mavjud bog‘chalarda yillik qancha ko‘mir ishlatishi aniq va shunga ko‘ra ko‘mir taqsimlanadi. Viloyat boshqarmasi ro‘yxat shakllantirib, viloyatdagi bog‘chalar kuz-qish mavsumi uchun qancha ko‘mir olishi lozimligini viloyat hokimligi va maktabgacha ta’lim vazirligiga yuboradi. Maktabgacha ta’lim vazirligi barcha viloyatlardan yuborilgan ma’lumotlarni «O‘zbekko‘mir»ga jo‘natadi.

Shundan so‘ng, omborlarga ko‘mir kelganda viloyat hokimligidan shu ishga mas’ul bo‘lgan mutasaddilar ko‘mirni turli tashkilotlarga taqsimlaydi va tumanlardagi maktabgacha ta’lim bo‘limlari navbati bilan o‘z hududidagi bog‘chalarga ko‘mir olib beradi.

Joriy yil Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan bog‘chalar uchun «O‘zbekko‘mir»ning Samarqand ko‘mir yetkazib beruvchi filialidan 894 tonna ko‘mir va 1686 tonna ko‘mir briketi xarid qilingan. Bundan tashqari, «Ko‘mir ta’minot» MCHJdan 859 tonna briket olingan.

Dilfuza Azizovaga «Bog‘chalarga berilayotgan ko‘mirning sifatini nazorat qilasizlarmi? Mabodo qaysidir bog‘chaga sifatsiz ko‘mir to‘g‘ri kelib qolsa,o‘sha bog‘cha qanday yo‘l tutadi?», deb savol berdik. Uning aytishicha, bunday holatlarda bog‘chalar ombordan qanday ko‘mir berishsa, o‘shani olib ketishga majbur.

Shuning uchun ham maktabgacha ta’lim tizimi mutasaddilari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish masalasi ko‘ndalang kelganda «O‘zbekko‘mir»ga ham, hukumatga ham, joylarda hokimlik mutasaddilariga ham ko‘mir emas, briket so‘rab murojaat qilishyapti. Ammo hozircha briketni hammaga yetkazib bo‘lmayapti. Berilayotgan ko‘mirning sifati esa yaxshi emas.

Bog‘chalarga berilayotgan ko‘mirning yarmi kukunga chiqadi. Ayrim bog‘chalar ko‘mir deb berilayotgan ko‘mir kukunini amallab yoqayotgan bo‘lsa, ayrimlari xodimlari bilan uni «ko‘mir tappi» qilib yoqmoqda.

Samarqand viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasining moliyalashtirish va buxgalteriya hisobi bo‘limi vakili Oybek Tugizovning aytishicha, aksariyat hollarda bog‘chalar omborga qanday ko‘mir kelsa, o‘sha ko‘mirni olishga majbur.

Voqea yuzasidan maktabgacha ta’lim vazirligining axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayevadan izoh oldik. Uning aytishicha, ko‘mir kukunidan ayollar qo‘lbola briket tayyorlayotgan suratlar tarqalgach, vazirlik Samarqand va Andijonda alohida ishchi guruh tuzib, suratda qaysi bog‘cha ekanini bilish uchun surishtiruv boshlangan. Suratdagi Andijonda ekani aytilgan bog‘chalardan biri bu viloyatdan «topilmagan». Ikkinchisini esa Samarqanddan surishtirishyapti.

Topildi
Mavluda Asqarxo‘jayevaning aytishicha, u ko‘mir kukunidan «tappi» qilayotgan ayollar suratini Feysbukdagi sahifasiga joylagan ayol bilan bog‘langan. Ayol holat Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi 14-bog‘chada sodir bo‘lganini aytgan.

Toyloqdagi 14-bog‘cha mudiri bilan telefon orqali bog‘landik. U suratdagi holat o‘zi boshqarayotgan bog‘chada emas, tumandagi 30-bog‘chada sodir bo‘lganini aytdi. Keyin Toyloq tumanidagi 30-bog‘cha mudiri Matluba Nig‘matovaning telefon raqamini topib, undan internetda tarqalgan surat haqida izoh so‘radik. Matluba Nig‘matova suratlar chindan o‘zi rahbarlik qilayotgan maktabgacha ta’lim muassasasida olinganini tasdiqladi.

Uning aytishicha, bog‘chaga berilgan ko‘mirning sifati uncha yomon bo‘lmagan. Shunchaki ko‘mirni tushirib olishgandan so‘ng undan chiqqan kukunni bog‘cha xodimlari isrof bo‘lmasin deb «tappi» qilishgan. 30-bog‘cha 140 o‘rinli bo‘lib, bu yerda jami to‘rtta isitish qozoni o‘rnatilgan. Ularga bu yil jami 12 tonna ko‘mir berilgan. Bog‘cha mudiri berilgan ko‘mirning sifati yaxshi bo‘lganini qayta-qayta ta’kidlab, bu borada e’tirozi yo‘qligini aytdi. Shuningdek, xodimalarini ham bu ishga hech kim majburlamaganini, o‘zlari rozi bo‘lib shu ishni qilganini aytdi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Internetda bog‘cha xodimlari «ko‘mir tappi» qilayotgani surati tarqaldi