09:13 / 01.11.2020
2 286

Mashinada baland ovozda musiqa tinglaganlik uchun jarima joriy etilishi mumkin

Mashinada baland ovozda musiqa tinglaganlik uchun jarima joriy etilishi mumkin
Endilikda mashinada baland qo‘shiq eshitish uchun jarima joriy qilinishi mumkin. Bu haqda IIV YHXBB vakillari ma’lum qilishdi.

Hozircha bunday jarima joriy etishning faqat loyihasi ko‘rib chiqilmoqda, lekin u tez orada amalda qo‘llay boshlanishi mumkin. IIV YHXBB boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Erali Bozorov Kun.uz bilan intervyuda bu borada tushuntirish berdi.

«Davlat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan fuqarolarning fikrlarini o‘rganib borish asnosida tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish kiritish borasida ishlar olib borilmoqda. Jumladan, amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham tegishli o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Bu, albatta, muhokamaga qo‘yilgan. Loyiha vazirliklar bilan kelishilgan holda ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

Yarim kechasi aholi yashash punktlarida ularning dam olishiga, aholi ko‘p to‘planadigan joylarda odamlar tinchini buzish, maktablar va bolalar bog‘chalarining oldida dars o‘tish jarayonlariga halal berish holatlari ko‘p kuzatiladi. Qonun qabul qilingandan so‘ng biz amaldagi me’yoriy hujjatlarga tegishli o‘zgartishlar kiritamiz: qayerda baland musiqa tinglash mumkin emas, aynan qaysi holatlarda, bunga qanday chora ko‘riladi va hokazo. Haydovchilar qaysi harakatlari uchun jazolanishini bilishadi.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda hozir ham tegishli normalar bor (signal chalish, motor tovushini kuchaytirib olish va boshqa shovqinlar), mana shu normalarga qo‘shimcha tarzda musiqani baland eshitish masalasi ham kiritilmoqda.

Qonunga itoatkorlikka o‘rgatish – asosiy maqsadimiz. Baland musiqa (signal, boshqa tovush) orqali aholi tinchini buzadiganlarni aniqlash uchun zamonaviy axborot texnologiyalari bizga yordam beradi. Bunday qoidabuzarlarni aniqlash va chora ko‘rish uchun aynan shundan foydalanamiz. Bizga fuqarolarimiz ham tasvirlar yuborib, yordam berishlari mumkin. Bu masalani qonun qabul qilingach, yana o‘rganib chiqamiz
», deydi polkovnik Erali Bozorov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mashinada baland ovozda musiqa tinglaganlik uchun jarima joriy etilishi mumkin