21:31 / 02.11.2020
2 482

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi loyihasini normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi (regulation.gov.uz) portaliga joylashtirdi.
Loyiha 2 qism, 70 ta bob va 1 178 ta moddadan iborat bo‘lib, quyidagi asosiy yangiliklarni o‘z ichiga olgan:

1. Investitsiya muhitini yaxshilash va iqtisodiyotda mulkiy munosabatlar barqarorligini ta’minlash maqsadida:
•xorijiy kompaniyalarga O‘zbekistonda o‘z filialini ro‘yxatdan o‘tkazib,
ular orqali tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini berish;
•ingliz huquqi institutlaridan hisoblangan opsion (option), shartli deponentlash (escrow) kabi ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda foydalanib kelinayotgan institutlarni fuqarolik qonunchiligiga kiritish;
•yer uchastkasini faqat oldi-sotdi qilish orqali emas, balki qurilish qilish huquqi (superfitsiy), shaxsiy foydalanish va egalik qilish huquqi (uzufrukt) kabi ashyoviy huquqlarning yangi turlari orqali munosabatlarga kiritish qoidalarini o‘rnatish;
•davlat reyestri ma’lumotiga ishonib mulkni sotib olgan mulkdordan, ilgarigi sotuvchi tomonidan huquqbuzilishga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa ham, mulkni qaytarib olinmasligini belgilash nazarda tutilmoqda.

2. Fuqarolik-huquqiy munosabatlarda axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish uchun huquqiy baza yaratish maqsadida:
•fuqarolik qonun hujjatlari virtual (internet) makonda vujudga keladigan munosabatlarga nisbatan ham qo‘llanilishi;
•elektron yoki boshqa texnik vositalar yordamida tuzilgan
bitimlarni yozma shaklga tenglashtirilishi;
•elektron aloqa vositalaridan foydalangan holda tovarlarni sotish, raqamli pul (kriptovalyuta) bilan muomala qilish tartibi, raqamli huquqlar tushunchasi va ularni amalga oshirishning asosiy qoidalari belgilanmoqda.

3. O‘zini o‘zi band qilish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida:
•alohida faoliyat turlarini yakka tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan ham amalga oshirish qonun bilan narzarda tutilishi mumkinligi;
•xo‘jalik yuritish huquqiga yoki operativ boshqaruv huquqiga asoslangan (davlat) unitar korxonalari kabi bozor iqtisodiyoti qoidalariga mos bo‘lmagan tashkiliy-huquqiy shakllardan voz kechish;
•yuridik shaxslarni ommaviy huquq va xususiy huquq yuridik shaxslariga ajratish, ommaviy huquq yuridik shaxslarining huquq layoqati muayyan davlat funksiyalari doirasida cheklanishini mustahkamlab qo‘yish;
•tijorat banklariga bank omonati shartnomasi bo‘yicha foizlar bilan bir qatorda boshqa shaklda ham daromad to‘lashga oid kelishuvlar tuzish huquqini berish;
•lizing kompaniyasi daromadini lizing ob’ektidan foydalanish natijalariga qarab belgilash imkoniyatini yaratish;
•shartnomani buzganlik uchun javobgarlik xavfini sug‘urta qilishga o‘rnatilgan cheklovni bekor qilish, sug‘urta kompaniyalariga qonun bilan taqiqlanmagan har qanday xavflarni sug‘urta qilishga ruxsat berish, o‘zaro sug‘urta faoliyatini erkinlashtirish.

4. Shartnomaviy munosabatlarni erkinlashtirish va xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtirish maqsadida:
•iqtisodiyot rivoji uchun ahamiyatli bo‘lgan yangi shartnoma turlarini (distribyutorlik shartnomasi, agentlash va boshqalarni) kiritish;
•taraflarning tengligi prinsipiga javob bermaydigan ayrim shartnoma turlarini (kontraktatsiya, tovarlar yetkazib berish to‘g‘risida davlat kontrakti) chiqarib tashlash;
•topshiriq, omonat saqlash va boshqa bir qator keng tarqalgan munosabatlar uchun, shartnoma qiymatidan qatiy nazar, og‘zaki shartnoma tuzilishiga qonuniy ruxsat berish nazarda tutilmoqda.

5. Jismoniy va yuridik shaxslarning fuqarolik-huquqiy himoyasini kuchaytirish maqsadida:
•boy berilgan foyda hamda ma’naviy zararni hisoblash qoidalari;
•davlat organlari va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qonuniy harakatlari natijasida yetkazilgan zararni qoplash asoslari;
•fuqaroning roziligisiz uning tasviridan (fotosurat, videoyozuv
va boshqalar) foydalanilganda, shaxsiy va oilaviy hayoti to‘g‘risidagi axborot tarqatilganda fuqarolik-huquqiy himoyani ta’minlash usullari;
•shaxsga yetkazilgan zarar uchun faqat zararni bevosita yetkazgan shaxs emas, balki uni shunga undagan yoki faol yordam bergan shaxs, shuningdek yetkazilgan zarardan foydalangan shaxs ham javobgar bo‘lishi qoidasi;
•qo‘shnichilik bilan bog‘liq fuqarolik-huquqiy munosabatlar (qo‘shni ko‘chmas mulkning ta’siri, qo‘shni yer uchastkasida bo‘layotgan xavf, yer uchastkalari o‘rtasida chegara belgisi o‘rnatish, qo‘shnining daraxti mevalari, tomirlari, shoxlari) tartibga solinmoqda.
Jamoatchilik muhokamasi natijasida kelib tushgan takliflar asosida Kodeks loyihasi yanada takomillashtiriladi.
Kodeks loyihasi bilan quyidagi havolalar orqali tanishish mumkin: https://regulation.gov.uz/uz/d/23955, https://regulation.gov.uz/uz/d/23980.

P.S. Hozirda loyihaning rus tiliga norasmiy tarjimasi amalga oshirilmoqda va u yaqin kunlarda e’lon qilinishi rejalashtirilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi