18:05 / 05.11.2020
2 278

Bosh prokuratura UzAuto Motors’ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad etdi

Bosh prokuratura UzAuto Motors’ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad etdi
Joriy yilning 21 avgust kuni Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv yakunlari bo‘yicha UzAuto Motors AJda qonunchilik hujjatlari buzilishi, korrupsion holatlar va iste’molchilar huquqlariga putur yetkazish kabi alomatlar ko‘rinayotganligi sababli bosh prokurorga “Deputatlik so‘rovi” yuborgan edi.

Rasul Kusherbayevning yozishicha, “Deputatlik so‘rovi” o‘zi, Doniyor G‘aniyev, Nodir Jumayev, Bekmirza Eshmirzayev, Zafar Jalolov, Anvarxon Temirov tomonidan yuborilgan. Unda masalani Bosh prokuratura mahkamasi tomonidan o‘rganib, huquqiy baho berish va jinoyat alomatlari bor yoki yo‘qligi yuzasidan o‘z nuqtayi nazarini bayon etish so‘ralgan.

Ko‘pchilik saylovchilarni qiziqtirayotgan so‘rov yuzasidan shu yilning 4 noyabr kuni bosh prokuror o‘rinbosari imzosi bilan xabarnoma shaklida javob xati oldik.

Bosh prokuratura tomonidan 2020 yil 28 oktabr sanasi bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan xabarnomada UzAuto Motors AJda o‘tkazilgan tekshirishda to‘plangan hujjatlar bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermaganligi sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilganligi, agar tekshirishdan norozi bo‘lsak qaror ustidan shikoyat qilishimiz mumkinligi ma’lum qilingan
”, – deb yozadi Rasul Kusherbayev.

Uning ma’lum qilishicha, “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasiga muvofiq davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari Qonunchilik palatasi deputatining, Senat a’zosining so‘roviga, agar boshqa muddat belgilangan bo‘lmasa, so‘rov olingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay yozma javob yuborishi, so‘rovga javob o‘z nomiga so‘rov yuborilgan mansabdor shaxs yoki uning vazifalarini vaqtincha bajarayotgan shaxs tomonidan imzolanishi belgilangan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 193-moddasiga muvofiq, mansabdor shaxslar tomonidan parlament so‘rovini, deputat, senator so‘rovini ko‘rib chiqmasdan qoldirish yoki ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish yoxud ular yuzasidan bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlarni qasddan taqdim etish, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Joriy yilning iyul oyi oxirlarida Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi UzAuto Motors AJga nisbatan ish qo‘zg‘atgandi.
O‘z navbatida, UzAuto Motors bayonot bilan chiqib, avtomobillar narxi asosli va hozirgi vaziyatda narxni pasaytirish imkonsiz ekanini ma’lum qildi.

Sentabr oyi o‘rtalarida UzAuto Motors Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining maxsus komissiyasi tomonidan kompaniyaga asossiz oshirilgan narxlarni bekor qilib, avtomobillarni kamaytirilgan narxlarda sotish bo‘yicha ko‘rsatmasini o‘z ichiga olgan qarori ustidan Toshkent shahar ma’muriy sudiga shikoyat qildi. 30 oktabr kuni sud avtomobillar narxi masalasida UzAuto Motors foydasiga qaror chiqardi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bosh prokuratura UzAuto Motors’ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad etdi