22:22 / 05.11.2020
3 533

AQSHda prezident almashishi O‘zbekistonga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

AQSHda prezident almashishi O‘zbekistonga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Foto: AQSH Davlat departamenti
AQSHda 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi natijalari hali uzil-kesil e’lon qilinganicha yo‘q. Butun dunyo go‘yo gladiatorlar bahsiga ko‘z tikkan qiziquvchan tomoshabinlar kabi yakunni kutmoqda: xo‘sh, omonsiz siyosiy muhorabada kimning qo‘li baland keladi? To‘rt yildan buyon hukmfarmolik qilayotgan Donald Tramp prezidentlik kursisida navbatdagi muddatga qoladimi yoki Oq uyni murosasiz muxolifi Jo Baydenga bo‘shatib beradimi? Darvoqe, prezidentlik saylovi yakuni Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlariga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti katta ilmiy xodimi Ravshan Nazarovga ko‘ra, saylovda demokratik partiya vakili Jo Bayden g‘alaba qilgan taqdirda ham Oq uyniing O‘zbekistonga munosabati o‘zgarmaydi.

Ekspertning qayd etishicha, 2017 yildan keyin Vashington va Toshkent hamkorligida yangi davr boshlandi va voqealar rivoji robitalar ijobiy o‘zanda kechishini ko‘rsatmoqda.

R.Nazarovga ko‘ra, garchi Tramp va Bayden bir-birini keskin bayonotlar bilan tanqid qilayotgan bo‘lsa-da, aslida, ular ko‘zgu kabi bir-birini akslantiradi. Demak, AQSH tashqi siyosatidagi tub o‘zgarish kutmagan ma’qul, deb hisoblaydi ekspert.

«Ma’no» tadqiqot tashabbuslar markazi direktori Baxtiyor Ergashev ham R.Nazarov bilan hamfikr.

Ta’kidlanishicha, Oq uyga kim kelishidan qat’i nazar, navbatdagi prezident Markaziy Osiyoda muhim o‘rin tutuvchi O‘zbekiston bilan robitalarni kuchaytirish istagidan voz kechmaydi. Chunki hamkorlikni izdan chiqarish na respublikachilar, na demokratlar manfaatiga to‘g‘ri keladi.

B.Ergashevga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyovning AQSHga 2018 yilgi tashrifidan keyin ikki davlat munosabatlarida yangi sahifa ochildi. Shu tariqa savdo-sarmoyaviy munosabatlarda hamda Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish borasida jiddiy ilgarilash kuzatildi.

Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov ham AQSH prezidentligiga kim kelishidan qat’i nazar, keyingi ma’muriyat O‘zbekistonga nisbatan siyosatda kardinal o‘zgarish qilmaydi, deydi BBC’ga bergan intervyusida.

«AQSH geostrategiyasiga ko‘ra, Markaziy Osiyodek katta mintaqada Rossiya va o‘sib borayotgan Xitoyning ta’sirini oldini olish borasida, mintaqa xavfsizligi va taraqqiyoti yo‘nalishida O‘zbekiston muhim davlat sifatida tan olinadi. Lekin, bir tomondan, jiddiy sabablarga ko‘ra, O‘zbekiston ko‘p vektorli tashqi siyosatga moyil bo‘lib qolaveradi.

Ikkinchi tomondan, O‘zbekistonning G‘arb bilan ishonchli, strategik hamkorligiga to‘siq bo‘lishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar – ichki siyosat, islohotlar ko‘lami va haqqoniyligi bilan bog‘liq. Demak, agar Tramp qoladigan bo‘lsa, AQSHning O‘zbekiston bilan ishonchli, zo‘riqishlardan xoli, ayni choqda, dinamikasi past bo‘lgan munosabatlar saqlanib qoladi
», – deydi K.Rabbimov.

Siyosiy tahlilchining faraziga ko‘ra, Oq uyga Jo Bayden keladigan bo‘lsa, AQSHning yangi ma’muriyati to‘rt jabhada – Rossiya ta’sirini cheklash, Xitoy ta’sirini jilovlash, Afg‘oniston borasida hamkorlikni kuchaytirish va siyosiy islohotlar borasida robitalarni yanada jonlantiradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » AQSHda prezident almashishi O‘zbekistonga qanday ta’sir ko‘rsatadi?