16:24 / 07.11.2020
954

Budjet, soxta firma va hujjatlar. Pandemiyada korrupsiyaga qo‘l urgan namanganlik amaldor haqida

Budjet, soxta firma va hujjatlar. Pandemiyada korrupsiyaga qo‘l urgan namanganlik amaldor haqida
So‘nggi ikki yilda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi 57 nafar xodim turli korrupsiyaviy jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan.

Korrupsiya masalalariga bag‘ishlangan idoralararo yig‘ilishda bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev budjet mablag‘larining Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi xodimlar tomonidan talon-toroj qilinishi holatlariga to‘xtalib o‘tdi.

«To‘raqo‘rg‘on tuman bandlikka ko‘maklashish markazi direktori E. aholi bandligini ta’minlash uchun ajratilgan budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan. U 3 nafar xodimi bilan jinoiy til biriktirib, 2019 yilgi paxta mavsumida to‘raqo‘rg‘onlik 327 nafar ishsizlar Toshkent va Jizzax viloyatlariga terimga jalb etilganligi, ularga jamoat ishlari jamg‘armasidan mukofot puli berilishi haqida soxta hujjatlarni tuzib, soxta hujjatlarni bankka taqdim qilib, mukofot puli sifatida jami 276,4 million so‘m naqd pullarni olib, «cho‘ntakka urgan», — dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Bosh prokuror ta’kidlashicha, E. pandemiya sharoitida jamoat tadbirlariga jalb qilingan fuqarolarga ish haqlari jamoat ishlari jamg‘armasidan to‘lanishi belgilanganidan foydalanib, ushbu mablag‘larni ham o‘zlashtirish payiga tushadi.

«Shu maqsadda, darhol yaqinlari nomiga 6 ta soxta firma tashkil qilib, ushbu firmalarga, go‘yoki, pandemiya davrida 179 nafar ishsizlar jamoat ishlariga yuborilganligi haqida soxta hujjatlarni tuzib, 325,5 million so‘m mablag‘ni talon-toroj qilgan.

E. jinoiy yo‘l bilan topilgan mablag‘lar hisobiga 2 ta «Lasetti» va 2 ta «Damas» avtomashinasini sotib olib, legallashtirgan
», — deya qo‘shimcha qildi Yo‘ldoshev.

Ma’lum qilinishicha, ayni paytda E. va uning jinoiy sheriklari qamoqqa olingan, tergov o‘tkazilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)