22:10 / 07.11.2020
2 447

Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 noyabr kuni sog‘liqni saqlash masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilish yakunida tibbiyot xodimlarini yaqinlashib kelayotgan kasb bayrami bilan tabrikladi. Tabrik matni prezident matbuot xizmati tomonidan keltirilgan.

Qadrli do‘stlar!

Bugungi yig‘ilishimizda kun tartibidagi masalalar bo‘yicha chuqur va atroflicha fikrlashib, oldimizda turgan eng muhim va asosiy vazifalarni sizlar bilan yana bir bor aniq belgilab oldik.

Albatta, sog‘liqni saqlash tizimidagi barcha islohotlarimiz natijasi, avvalo tibbiyot xodimlarining fidokorona mehnati, bilim va tajribasiga, ularning insoniy fazilatlari va vatanparvarligiga bog‘liq ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz. Fursatdan foydalanib, sizlarning barchangizga murojaat qilib aytmoqchiman. Hozirgi shiddatli zamonda barcha sohalar qatori tibbiyot tizimi oldida ham, g‘oyat murakkab vazifalar paydo bo‘lmoqda Oq libos kiygan, inson salomatligi uchun o‘zini mas’ul va javobgar deb hisoblaydigan har bir tibbiyot xodimi, o‘z bilim va malakasini doimiy oshirib borishi, yangi texnologiyalar va davolash usullarini har tomonlama puxta egallashi eng o‘tkir masalaga, hayotiy zaruratga aylanmoqda.

Aminmanki, Abu Ali ibn Sinodek buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari, O‘zbekiston tibbiyot maktabi an’analarining davomchilari bo‘lgan siz, azizlar o‘z faoliyatingizni ana shunday yuksak mezonlar asosida tashkil etib, olijanob burchingizni bundan buyon ham sharaf bilan ado etasizlar.

Butun xalqimiz qatori bugungi og‘ir sinovlardan yorug‘ yuz bilan mardona o‘tayotgan, zamonamizning chinakam qahramonlari bo‘lgan siz, tibbiyot xodimlari bilan barchamiz haqli ravishda faxrlanamiz.

Sizlarning mashaqqatli mehnatingizni munosib qadrlash, tizim uchun malakali kadrlar tayyorlash, mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasining raqobatdoshligini oshirish, xorijiy tibbiyot markazlari bilan ilmiy-amaliy hamkorlikni kuchaytirish masalalari - doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Bugungi yig‘ilishimiz, yurtimizda keng nishonlanayotgan qutlug‘ bayram – Tibbiyot xodimlari kuni arafasida o‘tkazilmoqda.

Avvalo, o‘z hayotini el-yurt salomatligini asrashdek g‘oyat olijanob va mas’uliyatli ishga bag‘ishlagan jonkuyar shifokorlarimizni, barcha soha xodimlarini bayram bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Bugun boshimizdan o‘tkazayotgan sinovlar, sog‘liqni saqlash sohasi - inson hayotida qanday ulkan ahamiyatga ega ekanini, yana bir bor ko‘rsatib berdi.

El-yurtimiz siz, aziz shifokorlarni ana shunday bebaho boylik va salohiyatni asrab-avaylash uchun butun bilim va mahorati, kuch-g‘ayratini safarbar etib kelayotgan dunyodagi eng ulug‘ kasb egalari, o‘z ishiga fidoyi insonlar deb biladi.

Sizlar muqaddas qasamyodingizga sodiq bo‘lib, buyuk Ibn Sinoga munosib vorislari sifatida maydonga chiqayotganingiz har qanday tahsin va tasannolarga loyiqdir.

Pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab bu kurashga yurtimiz bo‘yicha 100 mingdan ziyod tibbiyot xodimlari safarbar etildi.

Bugun barchamiz bir haqiqatni chuqur minnatdorchilik bilan ta’kidlaymiz: jonkuyar shifokorlarimiz pandemiya vaqtida, avvalo bor bilim va salohiyatini ishga solib, o‘zlarini ayamasdan, aziz jonlarini garovga qo‘yib, haqiqiy qahramonlik ko‘rsatdilar.

Buning qanday og‘ir ish ekanini barchamiz albatta yaxshi bilamiz va sizlarning fidokorona mehnatingizni yuksak qadrlaymiz.

Olijanob shifokorlarimiz, ular ko‘rsatayotgan jasorat va matonat haqida hali ko‘plab she’r va dostonlar, kitoblar yoziladi, sahna va kino asarlari yaratiladi.

Biz ishonamiz, bugungi belgilangan vazifalarni ham bizning barcha bo‘g‘inda faoliyat olib borayotgan shifokorlarimiz fidoyilik va matonat bilan, bor bilim va tajribalarini ishga solib, albatta uddalaydilar.

Xalqimiz uchun eng katta boylik bo‘lgan "salomatlik"ni saqlashda, Haqiqatda jonbozlik ko‘rsatadilar.

Sizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy muborakbod Etib,barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Sizlarga hamisha omad yor bo‘lsin.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi