08:40 / 09.11.2020
10 750

Haq to‘lanadigan mehnat ta’tillarini berish tartibi

Haq to‘lanadigan mehnat ta’tillarini berish tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 133-moddasida muvofiq, barcha xodimlarga, shu jumladan, o‘rindoshlik bo‘yicha ishlayotgan xodimlarga ham dam olish va ish qobiliyatini tiklash uchun ish joyi (lavozimi) va ish haqi saqlangan holda yillik mehnat ta’tillari beriladi.

Ish joyi(lavozimi)saqlanishi degan tushuncha mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqtida xodimni uning roziligisiz boshqa ishga o‘tkazish mumkin emasligini, shuningdek u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ana shu muhlat mobaynida ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi mumkin emasligini anglatadi. Xodim ta’tilda, ju jumladan mehnat ta’tilida bo‘lgan davrida belgilangan tartibda ariza berishga va o‘z xohishiga ko‘ra mehnat shartnomasini ta’til tugaguniga qadar bekor qilishga haqlidir. Agar muddatli mehnat shartnomasining tugash muddati ta’til davriga to‘g‘ri kelib qolgan, taraflar esa uning amal qilish muddatini uzaytirish xususida kelishuvga erishmagan bo‘lsalar, bunday mehnat shartnomasi ta’til vaqtida bekor qilinishi mumkin.

Mehnat shartnomasi tuzgan hamda ish beruvchi bilan mehnatga oid munosabatlarni yo‘lga qo‘ygan har bir xodim muddati qonun hujjatlarida belgilangan yillik mehnat ta’tili olish huquqiga ega. Xodimlarning yillik mehnat ta’tili olish huquqi ish joyiga, bajaradigan mehnat vazifasiga, korxonada amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyati asoslangan mulk shakliga, mehnat shartnomasi muddatiga, ish vaqti rejimiga va shu kabilarga bog‘liq emas.

Yillik mehnat ta’tili olish huquqidan o‘rindoshlik asosida ishlayotganlar ham asosiy, ham o‘rindoshlik ishi bo‘yicha, kasanachilik qilayotgan xodimlar, ayrim fuqarolar ixtiyorida mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan shaxslar, mahalliy mehnat organlari tomonidan korxonalarga jamoat ishlarini bajarish uchun belgilab qo‘yilgan minimal ish joylari miqdori hisobidan yuborilgan xodimlar hamda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan boshqa shaxslar, shuningdek axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslar umumiy asoslarda foydalanadilar.

Mehnat kodeksining 139-moddasida kalendar bo‘yicha xodimning ta’tilda bo‘lishi muddatini hisoblab chiqarishning umumiy qoidasi mustahkamlab qo‘yilgan. Mazkur moddaga muvofiq, ta’tillarning muddati olti kunlik ish haftasi yuzasidan kalendar ish kunlari bilan hisoblab chiqariladi. Ta’til davriga ish kunlari deb hisoblanmaydigan bayram kunlari to‘g‘ri kelib qolsa, ta’til muddatini hisoblashda bu bayram kunlari hisobga olinmaydi. Bunday tartib ham besh kunlik, ham olti kunlik ish haftasi rejimida ta’tillarning bir xil muddatli bo‘lishini ta’minlaydi. Yillik ta’tilning umumiy muddatini hisoblab chiqarishda qo‘shimcha ta’tillar yillik asosiy ta’tilga, shu jumladan uzaytirilgan ta’tillarga ham qo‘shib jamlanadi.

Qonun hujjatlari bilan belgilangan ta’tillarni jamlashda ularning umumiy muddati 48 ish kunidan oshib ketmasligi kerak. Ta’tillar muddatini ishlangan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarishda ularning muddati har bir to‘liq ta’til yili bilan aniqlanadi. Bunda 15 kalendar kunga teng va undan ko‘p bo‘lgan kunlar bir oy deb olinadi, 15 kalendar kundan kami esa chiqarib tashlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 133-moddasida muvofiq, barcha xodimlarga, shu jumladan, o‘rindoshlik bo‘yicha ishlayotgan xodimlarga ham dam olish va ish qobiliyatini tiklash uchun ish joyi (lavozimi) va ish haqi saqlagan holda yillik mehnat ta’tillari beriladi. Mehnat kodeksining 134-moddasiga asosan yillik asosiy ta’tilning muddati kamida 15 kun ish kunidan iborat qilib belgilangan.
Ayrim toifadagi xodimlarga ularning yoshi, sog‘lig‘ini hisobga olib, yillik uzaytirilgan ta’tillar, xususan, 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga - 30 kalendar kun; ishlayotgan I va II guruh nogirnlariga - 30 kalendar kun ta’til beriladi.

Shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq, ayrim toifadagi xodimlar uchun ularning mehnat vazifalarining o‘ziga xos jihatlari va xususiyatlari hamda boshqa holatlarni e’tiborga olib yillik uzaytirilgan ta’tillar belgilangan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida” (yangi tahrirda) 2001 yil 29 avgustdagi qonuniga muvofiq, prokuratura organlari xodimlariga muddati 30 kalendar kundan iborat yillik ta’til beriladi.

Shuni ham eslatish lozimki, uzaytirilgan ta’tillarning umumiy va eng kam muddati belgilangan. Shuning uchun mehnat to‘g‘risidagi qonunlar yoki boshqa normativ hujjatlarda belgilanganidan tashqari, mehnat shartnomasining shartlarida uzaytirilgan yillik ta’tillar berish ham nazarda tutilishi mumkin.

Qoidaga ko‘ra, yillik asosiy ta’til birinchi ish yili uchun olti oy ishlagandan keyin beriladi. Ish yili mehnat shartnomasiga binoan ish belgilangan kundan e’tiboran hisoblanadi.

Yillik asosiy ta’til ikki va undan keyingi ish yillari uchun ta’tillar jadvaliga muvofiq ish yilining istalgan vaqtida beriladi (MKning 143-moddasi). Yillik ta’tillarni berish navbati kalendar yil boshlangunga qadar jadvalga muvofiq belgilanadi. Jadval yarim yil tugagandan keyin shu davrda ishga yangi qabul qilingan xodimlarni hisobga olib to‘ldiriladi. Ta’tillar jadvali ish beruvchi tomonidan kasabalar uyushmasi qumitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishi tasdiqlanadi.

Qonunchilikda ta’tilni qismlarga bo‘lishga ham yo‘l qo‘yiladi. Xodimnin xohishiga ko‘ra, uning yozma arizasiga asosan ta’tilni qismlarga bo‘lishga yo‘l qo‘yiladi. Bunda ta’tilning foydalaniladigan bir qismi 12 ish kunidan kam bo‘lmasligi lozim.

Qoidaga ko‘ra, ta’tildan chaqirib olishga faqat xodimning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Ta’tilning foydalanilmay qolgan qismi shu ish yili davomida boshqa vaqtda berilishi yoki keyingi ish yilining ta’tiliga qo‘shib berilishi kerak.

Yillik ta’tillar davri uchun xodimga o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lash kafolatlanadi. Ta’til haqi jamoa shartnomasida belgilangan muddatlarda, lekin ta’til boshlanmasdan oldingi oxirgi ish kunidan kechiktirmay to‘lanadi.

Dilfuza Abdullayeva,
Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filiali
Xususiy-xuquqiy fanlar kafedrasi mudiri v.b.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Haq to‘lanadigan mehnat ta’tillarini berish tartibi