12:30 / 09.11.2020
1 555

Cog‘lom xalq, sog‘lom millat buyuk ishlarga qodir bo‘ladi

Cog‘lom xalq, sog‘lom millat buyuk ishlarga qodir bo‘ladi
Insonning nazdida salomatlikning bahosi yo‘q, chunki salomatlik bo‘lmasa, na farog‘at va na xashamat tatiydi. Sog‘lik hayotning shunday ne’matidirki, chindan ham betob podshodan sog‘lom gado ming karra baxtiyordir. Zero, baxtimizning o‘ndan to‘qqiz ulushi sog‘lig‘imizga bog‘liq.

Xalqimizda “Sog‘ tanda sog‘lom aql” degan hikmat bejizga aytilmagan. Boisi, inson hayotda sog‘lom yashashi uchun albatta, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanib turishi kerak. Jismoniy harakatlar inson organizmidagi ish faoliyatini yaxshilaydi. Tana sog‘lom bo‘lsa, insonning fikrlashi ham yaxshi bo‘ladi. Sog‘lom xalq, sog‘lom millat esa buyuk ishlarga qodir bo‘ladi.

Jahonda COVID-19 koronavirus pandemiyasining yuzaga kelishi dunyo mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham aholining sog‘lig‘i, jismonan salomatligi, sog‘lom hayot kechirish darajasi zaif ekanligini ko‘rsatdi. Eng yomoni, bu ofat ko‘plab yurtdoshlarimizni oramizdan bevaqt olib ketdi.

To‘g‘ri, pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab bu kurashga 100 mingdan ziyod tibbiyot xodimlari safarbar etilib, ular o‘zlarini ayamasdan, jonlarini garovga qo‘yib, xalqimiz salomatligini saqlashda haqiqatda jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda. Lekin bugun qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarida bemorlar uchun sharoitlar talab darajasida emasligi sababli, aholini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish qiyin kechayotir.

Masalan, 2019 yilgi o‘lim holatlarining 60 foizi shu bo‘g‘inda oldini olish mumkin bo‘lgan yurak-qon tomir kasalliklari hisobiga to‘g‘ri kelgan. Onkologiya yo‘nalishidagi bemorlarning yarmida kasallik ikkinchi va uchinchi bosqichga o‘tib bo‘lganidan keyin aniqlanmoqda. Birinchi bo‘g‘inda sifat pastligi uchun aholi to‘g‘ridan-to‘g‘ri markaziy shifoxonalarga borishga majbur bo‘lmoqda.

Negaki, sharoit bilan talab, ish hajmi mutanosib emas. Xususan, qishloq vrachlik punktining umumiy amaliyot shifokori zimmasiga 146 turdagi kasallikka diagnoz qo‘yish va davolash, 213 turdagisiga birlamchi diagnoz qo‘yish va yo‘llanma berish, shuningdek, reabilitatsiya, dispanserizatsiya va profilaktika bo‘yicha juda ko‘p vazifalar yuklatilgan. Shu jihatdan qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalardagi tibbiy xizmat tizimi, shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlarining vazifa va funksiyalarini to‘liq qayta ko‘rib chiqish zarur.

Davlatimiz rahbari prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridanoq barcha sohalar qatorida sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, hududlar aholisini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratib kelayotgani hammamizga yaxshi ma’lum. Ayniqsa, so‘nggi to‘rt yilda sohaga ko‘plab imkoniyatlar yaratilib, dolzarb masalalar hal qilib berildi. Lekin shunga qaramay, sog‘liqni saqlash tizimida kutilgan natijalar ko‘rinmayapti.

Prezidentimiz raisligida sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini takomillashtirish hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham tizimda olib borilayotgan ishlar tanqidiy, tahliliy muhokama qilindi.

Endi sohada uzoq yillardan buyon to‘planib qolgan, odamlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan barcha muammolarga barham beriladi. Chunki ilg‘or xorijiy tajriba asosida umumiy amaliyot shifokorini haqiqiy oilaviy shifokorga aylantirish choralari belgilanib, ularga yordam berish uchun terapiya, pediatriya, akusherlik va patronaj bo‘yicha tibbiyot brigadalari tashkil etiladi. Bu brigadalar o‘zlariga biriktirilgan oilalar kesimida “tibbiy xarita”lar shakllantirib, manzilli ish olib boradi.

5 yoshgacha bo‘lgan bolalar, homilador, tug‘ish yoshidagi va 35 yoshdan oshgan ayollar, 40 yoshdan oshgan shasxlar doimiy nazoratga olinib, skrining tekshiruvlari o‘tkaziladi. Kasallikka moyil bo‘lganlar individual patronajga olinadi.

Sohada yetuk va chuqur bilimga ega kadrlarni zamonaviy ta’lim standartlari asosida tayyorlash, tibbiyot tashkilotlari, ayniqsa birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini professional mutaxassislar bilan ta’minlash bugun har qachongidan ham muhimroq. Sababi qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda 20 mingdan ziyod shifokor shtati bor, lekin atigi 12 ming mutaxassis ishlamoqda.

Videoselektor yig‘ilishida kadrlar masalasi ham atroflicha ko‘rib chiqilib, shifokorlarga munosib sharoitlar yaratish orqali ularni eng quyi bo‘g‘in – qishloq vrachlik punkti va oilaviy poliklinikalarga jalb qilish zarurligi ta’kidlandi. Olis hududlardagi birlamchi bo‘g‘inga ishga kirgan tibbiyot xodimlariga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mablag‘i berilishi hamda xizmat uyi bilan ta’minlanishi salomatlik posponlariga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yana bir yorqin ifodasidir.

Yana ham muhim bir jihat borki, bu haqda alohida aytib o‘tish ayni muddaodir. Ya’ni, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollik orqali qanchadan-qancha kasalliklarning oldini olish, insonlar hayotini saqlab qolish mumkin. Yig‘ilishda birlamchi bo‘g‘in xodimlari aholini to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy tarbiyaga o‘rgatish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgani, muhim voqelik bo‘ldi. Boisi 40 foiz ayollarda foliy kislotasi va temir moddasi yetishmaydi, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 55 foizida temir moddasi yetishmasligi sababli kamqonlik kelib chiqyapti. Bu muammoni faqat to‘g‘ri ovqatlanish va doimiy ravishda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish orqali hal etish mumkin.

Xulosa qilib aytganda, hozirgi kunda hayotimizning mazmunini tashkil etuvchi asosiy narsa – sportdir. Chunki, sport – bu avvalo sog‘lom avlod, sog‘lom kelajak degani. Demak, endi har birimiz sog‘lom turmush tarzini kundalik hayotimizga aylantirishimiz zarur, deb hisoblayman.

Odinaxon OTAXONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Cog‘lom xalq, sog‘lom millat buyuk ishlarga qodir bo‘ladi