14:53 / 15.11.2020
3 046

«Trailblazer» va amaldorlar: pandemiya davridagi xarajatlar va hashamatlar

«Trailblazer» va amaldorlar: pandemiya davridagi xarajatlar va hashamatlar
«Avtomobil – hashamat emas, harakatlanish vositasi» deganida naqadar haq edi «Oltin buzoq» romani qahramoni Ostap Bender.
Ammo, so‘nggi oylarda yurtimizda davlat xaridlari sohasida bu uchqur fikrga mutlaqo teskari ishlar bo‘lmoqda. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlari uchun zamonaviy va qimmat avtomobillar xarid qilinayotganiga bot-bot guvoh bo‘lmoqdamiz.

Keling, ushbu davlat xaridlaridan bir nechtasini ko‘rib o‘tamiz.

12 noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan qariyb 883 mln so‘mga Toyota Prado avtomobili sotib olingan.

Namangan viloyatida:
- Viloyat hokimligi:
  • 2 iyulda 1 mlrd 579 mln so‘mga Touota LC 200 avtomobilini;
  • 23 sentabrda 398 mln so‘mga Trailblazer LTZ AT rusumli avtomobilni sotib olgan.

- Pop va Uchqo‘rg‘on tuman hokimliklari tomonidan 9 va 13 oktabr kunlari Trailblazer LTZ AT rusumli avtomobillar sotib olingan.

Jizzax viloyatining Zarbdor va Mirzacho‘l tumanlari hokimliklari tomonidan 9 va 16 oktabr kunlari 370 mln so‘mdan Trailblazer LTZ AT rusumli avtomobili xarid qilingan.

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot va Narpay tumani hokimliklari ham qatordan chetda qolmay, 7 fevral va 4 sentabr kunlari 398 mln so‘mlik Trailblazer LTZ AT’ga murojaat qilishgan.

Qashqadaryo viloyatida:
- Viloyat hokimligi tomonidan 30 sentabr kuni 349 mln so‘mga Equinox-AT, 21 oktabr kuni 206 mln so‘mdan jami 620 mln so‘mga 3 dona Tracker xarid qilingan.

Surxondaryo viloyatida:
- Viloyat hokimligi tomonidan 6 va 26 oktabr kunlari 3ta Trailblazer LTZ AT avtomobili jami 1 mlrd 194 mln so‘mga;
- Viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan 23 sentabr kuni 398 mln so‘mga Trailblazer LTZ AT va 380 mln so‘mga Isuzu D-MAX (IRBIS-AT) pikapi xarid qilingan.

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan 14 sentabr kuni 398 mln so‘mga Traiblazer sotib olingan.

Viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan 349 mln so‘mga Equinox-AT xarid qilingan. Darvoqe, 11 noyabr kuni bloger davletov.uz kanalida ushbu xarid haqida yozilganidan so‘ng, Moliya vazirligi ushbu avtomobil ularning ruxsatisiz sotib olinganini, ya’ni vazirlik soliq boshqarmasiga Nexia-3 xaridiga ruxsat berganini ma’lum qildi. Ushbu hujjatning soliq boshqarmasi tomonidan e’lon qilingan variantida esa avtomobil rusumi tilga olinmagan edi. Moliya vazirligi ushbu xat soxtalashtirilganini, Davlat soliq qo‘mitasi esa ushbu holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi boshlanganini ma’lum qildi.

Yaqinda tashkil etilgan hamda hali biror karomat ko‘rsatib ulgurmagan Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan 795 mln so‘mga Tahoe, 635 mln so‘mga ikkita Malibu, 115,6 mln so‘mga esa Lacetti avtomobillari xarid qilingan.

Bundan tashqari, shu yilning yanvar oyida ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hokimligi tomonidan Tahoe rusumli avtomobil xarid qilingani haqidagi xabarlartarqalgan edi. Bu xabarga asos sifatida surati tarqalgan avtomobilga 60 001 AAA davlat raqami o‘rnatilgani va ushbu raqam viloyat hokimligiga tegishli bo‘lgani aytilgan. Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirishimiz mumkin.

Guvohi bo‘lganimizdek, budjet (xalq) pulini hashamat uchun sarflashda hokimliklar oldingi qatorda turibdi. Agar shu tendensiyada ketilsa, O‘zbekiston bo‘yicha 12ta viloyat, Toshkent shahri hokimligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, 200ga yaqin tuman va shaharlar rahbarlari uchun o‘rtacha 398 mln so‘mdan Trailblazer xarid qilinaversa, jami 85 mlrd so‘mdan oshiq davlat budjeti mablag‘lari sarf bo‘lar ekan.

2020 yil 11 apreldagi prezident qaroriga asosan Xorazm viloyati tarkibida tashkil etilgan Tuproqqal’a tumani hokimligi uchun 398 mln so‘mga Traiblazer, 138 mln so‘mga Lacetti va 90 mln so‘mdan jami 630 mln so‘mga 7ta Nexia-3 xarid qilingan. Bitta tuman hokimligi uchun 1 mlrd 166 mln so‘mlik (!) avtomobillar sotib olinmoqda.

Bu hali birgina hokimliklar kesimida kelib chiqadigan raqamlar. Hali bu hisobga 4ta transport vositasi sotib olish uchun 1,5 mlrd so‘mdan oshiq budjet mablag‘ini sarflagan Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi va boshqa shu kabi davlat boshqaruvi organlari kiritilmadi.

Birgina ushbu davlat xaridini olaylik. Qo‘mita tomonidan ushbu to‘rtta avtomobil o‘rniga 4ta Nexia-3 yoki Cobalt xarid qilish orqali ushbu xarajatni to‘rtdan biriga qisqartirishning imkoni yo‘q edimi? Soliq to‘lovchilarning pulidan ortiqcha sarflangan 1 mlrd so‘m uchun kim hisob beradi? Yoki Tahoe, Trailblazer kabi vahimali avtoulovlarda yurilmasa, odamlar qo‘mita raislari va hokimlarni mensimay qo‘yadimi?

Yoki masalaning biz bilmaydigan boshqa tomonlari bormi? Ya’ni hokimlar va boshqa rahbarlar bu avtomobillarni havasga olmay, «yuqori»dan bo‘layotgan «taklif»lar asosida xarid qilishmoqdami? Hukumat tasarrufidagi korxonaning chetdan tayyor avtomobillar olib kelib, ustiga salkam yarim narxini qo‘yib sotayotgan sharoitda xarid quvvati yuqori bo‘lmagan aholiga bunday narxdagi avtomobillarni o‘tkazish katta muammoga aylanishi tabiiy hol.

Shunday sharoitda jamoatchilikda ushbu avtomobillarni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga budjet mablag‘lari evaziga sotish «siyosati» olib borilmayotganmikan, degan savollar ham vujudga kelmoqda. Lacetti’da yurgan amaldorning Trailblazer’dan foydalanishga o‘tishi, albatta, u uchun yoqimli holat bo‘lishi mumkin, ammo buning ortidan hamma amaldorlar ham birday xalqning ta’na-dashnomlarini eshitib yurishni xohlamasa kerak.

Qiziqarli mantiqsizlik
Qiziqarli tomoni, ushbu dabdabali xaridlar ayni koronavirus pandemiyasi davrida bo‘y cho‘zayotganidadir.

Koronavirus pandemiyasi avj olgan ilk davrda davlat budjeti xarajatlarini qisqartirish harakatiga tushildi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, budjet tashkilotlarida ishlaydigan xodimlarga 2020 yilning 16 aprelidan 1 oktabriga qadar moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi hamda direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lovlar hisoblanishi to‘xtatib turildi. Hukumatning navbatdagi qarori bilan ushbu to‘lovlar 2021 yil 1 yanvargacha to‘lanmaydigan bo‘ldi.

Bir jihatga e’tibor bering: yuqoridagi qarorda moddiy rag‘batlantirish to‘lovlarini 2021 yil 1 yanvargacha to‘lamay turish to‘g‘risidagi taklif – vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan bildirilgani aytiladi.

Shunda, idoralar va hokimliklar budjet tashkilotlari xodimlariga to‘lanadigan muayyan foizdagi moddiy rag‘batlantirishni ko‘p ko‘rgan, ammo o‘zlarining hashamatlarini ta’minlovchi qimmat avtomobillarni (masalan, Namangan viloyati sotib olgan 1 mlrd 579 mln so‘mlik Touota Land Cruiser) sotib olishga ketadigan budjet mablag‘lariga panja ortidan qaragan bo‘lib chiqmoqdami?

Nega aynan o‘qituvchi yoki boshqa budjetdan oylik oladigan xodimlar daromadi «kesilishi»ga sabab bo‘lgan koronavirus pandemiyasi amaldorlar dabdabasini «kesish»ga kelganda o‘tmaslik qilib qolyapti?

Bunday mantiqsizliklar uchun javob beradigan vazirlik yoki idora bormi?

Amaliy harakatlarga qachon o‘tamiz?
Budjet mablag‘larining katta qismi soliq to‘lovchilarning mablag‘laridan yig‘iladi. Uni tasarruf qilish davlat tashkilotlari qo‘lida bo‘lgani bilan ushbu mablag‘lar xalqning puli deb qarash lozim va shart.

Jamoatchilikning keskin e’tirozlaridan so‘ng, so‘nggi kunlarda xizmat avtomobillari uchun katta sarf-xarajatlar qilishni cheklashga qaratilgan amaliy ishlarning uchquni ko‘rina boshladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov qimmat narxlarda xizmat avtomobillarini sotib olish holatlariga quyidagicha fikr bildirdi:

«Afsuski, ayrim mansabdor shaxslar bugungi murakkab (pandemiya) sharoitida davlat mablag‘larining samarali sarflanishi naqadar muhim ekanligini to‘la anglab yetmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama bo‘layotgan – qimmat narxlardagi xizmat avtotransportlarini xarid qilish bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Bunday hollarda davlat xizmatchilariga «Halollik vaksinasi»ni normativ hujjatlar qabul qilib, tegishli cheklovlarni qo‘llash orqali singdirishdan boshqa chora qolmayapti».

Agentlik direktori ushbu holatlarga chek qo‘yish uchun prezident qarori loyihasi ishlab chiqilganini, ushbu loyihada:
  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbar xodimlariga xizmat avtotransportlarni klassiga qarab biriktirish normativlari (eng yuqori narxlari) belgilanishi, jumladan, tuman, shahar hokimlariga biriktiriladigan xizmat avtotransporti narxi BHMning 1200 baravari (267 mln 600 ming so‘m)dan oshmasligi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar bo‘linmalari rahbarlari xizmat avtomashinasi narxi esa BHMning 700 baravari (156 mln. 100 ming so‘m)dan oshmasligi;
  • xizmat avtotransportlari xatlovdan o‘tkazilishi va belgilangan normativlardan ortiqcha bo‘lgan xizmat avtotransportlari E-IJRO AUKSION orqali auksion savdolarda sotilishi;
  • xizmat avtotransportlarini yangisiga almashtirish undan kamida 5 yil foydalanilgandan so‘ng amalga oshirilishi kabi choralar belgilanganini ma’lum qildi.

Ammo, ushbu loyiha portalga shu yilning 12 avgustida muhokamaga qo‘yilganiga qaramay, hamon qabul qilinmay kelgani ham e’tiborga molik.

Shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hukumat qarori loyihasida davlat xaridlarida ishtirok etishi vaqtincha taqiqlangan xorijda ishlab chiqarilgan 300dan ortiq tovarlar ro‘yxati keltirilgan bo‘lib, ushbu ro‘yxatdan yengil avtomobillar ham o‘rin olgan. Bu ham yuqorida tilga olingan xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillar xaridiga vaqtinchalik cheklovni joriy etadi, ammo doimiy emas.

Aslida davlat tashkilotlarining xizmat avtomobillarini keskin qisqartirib borish va yakunda bu tizimdan butunlay voz kechib, taksi xizmatidan foydalanishni to‘liq yo‘lga qo‘yish kabi o‘ta samarali tizimga o‘tilishiga zamin yaratishi kerak bo‘lgan koronavirus pandemiyasi negadir biz uchun aks ta’sir berdi.

Agar shunday choralar ko‘rilganida budjet xarajatlari (avtomobil narxi+haydovchi maoshi+yoqilg‘i va gaz+ta’mirlash+moy almashtirish, ehtiyot qismlar va hokazo) bir necha o‘n karraga qisqartirilgan bo‘lardi. Iqtisod qilingan pullarni esa boshqa zarur sohalarga yo‘naltirish imkoni vujudga kelardi.

Abbos Salaydinov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Trailblazer» va amaldorlar: pandemiya davridagi xarajatlar va hashamatlar