12:41 / 16.11.2020
2 506

Zoir Mirzayev: «Go‘shtni Qashqadaryodan Toshkentga qonuniy yo‘l bilan yetkazib berishda kamchilik bor»

Zoir Mirzayev: «Go‘shtni Qashqadaryodan Toshkentga qonuniy yo‘l bilan yetkazib berishda kamchilik bor»
Foto: Xalqaro press klub
Qashqadaryo viloyati mamlakatga go‘sht mahsulotlarining 41 foizini yetkazib bersa-da, hudud go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlashda ancha orqada. Mazkur ko‘rsatkich 6-6,5 foizni tashkil etadi. Bu haqda Xalqaro press klubning navbatdagi sessiyasida Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Daryo» nashri.

«O‘tgan davrni tahlil qiladigan bo‘lsak, viloyatning bu ahvolga tushib qolishining ob’ektiv va sub’ektiv sabablari bor. Ob’ektiv sabab shuki, neft-gaz sohasidagi yirik sanoat korxonalari Qashqadaryoda joylashgan va bunga umumiy, global ma’noda qaralsa, viloyat shu yo‘nalishda o‘zini-o‘zi tortib kelyapti. Lekin pandemiya sharoitida bitta tarmoq yoki yo‘nalishga bog‘lanib qolish naqadar og‘ir asoratlarga olib kelishini jahon tajribasi ko‘rsatib berdi. Kimdir neftga bog‘lanib qolgan, kimdir gazga. Majoziy ma’noda aytadigan bo‘lsak, bular — yirik va tabiiy monopoliyalar.

Shundan kelib chiqib, yalpi hududiy mahsulotda kichik biznes va o‘rta tadbirkorlik ulushini oshirib borishni maqsad qilganmiz. Bu boradagi birinchi masala shuki, tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash zarur. Ikkinchi masala — qaysi tumanda nimani drayver qilib olamiz, shuni aniqlashimiz lozim. Misol uchun, Mirishkor sharoiti bilan Shahrisabzdagi sharoitni mutlaqo taqqoslab bo‘lmaydi. Qashqadaryo iqlim jihatdan shunday hududki, bir paytda to‘rtala faslni ham ko‘rish mumkin. Biz shunga qarab yondashuvni o‘zgartirishimiz, har bir hududning o‘ziga xos jihatlariga tayanishimiz lozim
», — dedi Zoir Mirzayev.

Foto: Xalqaro press-klub
Mirzayev viloyatdagi oqsoqlik sabablarini tahlil qilarkan, quyidagi muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi: «Keyingi katta masalamiz – zamonaviy intensiv texnologiyalarni qishloq xo‘jaligida kam qo‘llaganligimiz. Ko‘z oldingizga keltiring, agar 20 ming gektar atrofida bog‘ bo‘ladigan bo‘lsa, shundan 4 ming gektari intensiv yo‘nalishda qilingan. Tasavvur qiling, oddiy bog‘da gektaridan 9,5 tonna hosil olinsa, intensiv bog‘dan 55 tonna meva olish mumkin. O‘rtadagi farqni solishtirib bo‘lmaydi. Shu bois intensiv bog‘larni yanada rivojlantirishga ko‘proq e’tibor qaratmoqichmiz.

Yana bir kamchiligimiz shuki, go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlashda ancha orqadamiz. Bu boradagi ko‘rsatkichlarimiz atigi 6-6,5 foizni tashkil etadi. Lekin Qashqadaryo respublikaga go‘sht mahsulotlarining 41 foizgacha yetkazib beradi. Toshkent shahrining eng katta qismi Qashqadaryo hisobidan qoplanadi, bu mubolag‘asiz haqiqat. Ammo shuni tayyor holga keltirib, qonuniy yo‘l bilan va zamon talabiga javob beradigan darajada yetkazib berishda kamchilik bor.

Mahsulot tannarxini tushirib yoki ko‘tarib yuboradigan narsa bu — mavsumiylik. Bizda har qanday ekinni mavsumi bor. Lekin mavsumni uzaytirish uchun qo‘shimcha muzlatkich va sifatini buzmasdan saqlab beradigan logistika kerak. Mana shu masalalar ustida jiddiy ishlashga kirishdik va har bir tuman bo‘yicha drayverlarni belgilab oldik
», — dedi viloyat rahbari.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Zoir Mirzayev: «Go‘shtni Qashqadaryodan Toshkentga qonuniy yo‘l bilan yetkazib berishda kamchilik bor»