16:36 / 20.11.2020
7 059

Ijtimoiy tarmoqlarda Davlat bayrog‘i kuni qanday nishonlandi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Davlat bayrog‘i kuni qanday nishonlandi?
18 noyabr — O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun. Davlat ramzlaridan birining 29 yillik bayrami mamlakatda keng nishonlandi; unda o‘zbekistonliklar har qachongidan faolroq bo‘ldi.

Garchi bayroq bayrami birinchi qor «bayrami»ga ulanib ketgan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda talaygina fikrlar bildirildi. Kechagi kun ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari uchun ikkiga bo‘lindi: qordan oldin davlat bayrog‘i tabriklari, qor yog‘ishni boshlagandan so‘ng esa birinchi qor tabrigi. Bayroqqa atab e’lon qilingan postlarning saralarini quyida taqdim etamiz.

Dunyoning eng baland imorati sifatida qayd etilgan Burj Halifa binosi O‘zbekiston bayrog‘i tusiga kirdi. Tabriklarni «izhor qilishga» «odatlangan» Burj Halifa O‘zbekiston bayrog‘i ranglarida porladi.

Ijtimoiy tarmoqlardan sadolar
Instagram platformasining faol foydalanuvchilari davlat bayrog‘i qabul qilingan kun kabi muhim bayramlarda rasmli va video tabriklarni kanda qilmaydi. Instagram orqali davlat amaldorlariyu idoralaridan tortib, chet elda yurgan hamyurtlarimizgacha o‘z izhorlarini yo‘lladi.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist va Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov o‘z sahifasida video tabrikni qoldirdi. Ajoyib she’r, ajoyib kadr. Shuningdek, vazirlik ham alohida video yukladi.

Vazir ortidan ko‘plab xizmat ko‘rsatgan san’atkorlar ham o‘z tabriklarini e’lon qildi. Masalan, Munisa Rizayeva bokschi Shahram G‘iyosov boshlagan «eng ko‘p izoh to‘plash» chellenjini davom ettirishga qaror qildi.

O‘zbek tilida kuylasa-da, chiqishlari asosan rus tilida bo‘ladigan Rayhon G‘aniyeva o‘z tabrigini davlat tilida e’lon qildi.

Rossiyada faoliyat olib borayotgan sartarosh o‘zining Instagram sahifasida bayram munosabati bilan O‘zbekiston bayrog‘i tasvirlangan kreativ soch turmagini namoyish qildi.

Hozirda chet elda bo‘lib turgan bir nechta o‘zbekistonlik birgalikda Davlat madhiyasini kuyladi.

Asosan yoshlar ishtirok etgan videoda BAA, Filippin, Avstraliya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Polsha kabi davlatlarda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklarni ko‘rish mumkin. Shu bilan birgalikda, Germaniyadagi o‘zbek yoshlari alohida tabrik yo‘lladi.

Oxirgi paytda omma oldida kam ko‘rinish berayotgan Otabek Umarov ham o‘z sahifasida tabrik qoldirdi.

Asli toshkentlik, Amerikada yashovchi model qiz o‘z Instagram’ida 7 sentabr kuni bayroq «kiyib» tushgan suratini joyladi. Shu bayram fonida ushbu rasm ham ancha mashhurlikka erishdi.

Ma’lumot uchun, rasmlar AQSHning Arizona hududida olingan. Bayroq bilan o‘rangan qizning suratlari mashhur bo‘lgach, u ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kimdir yarashibdi, desa, yana kimningdir bundan jahli chiqqan. Bloger Shahnoza Soatova o‘zining bayroq fonida tushgan rasmlarini Facebook sahifasiga joylab, Adliyaning #mening_bayrogim fleshmobiga qo‘shildi.

Tilshunos Eldar Asanov esa sana munosabati bilan o‘zbek tilida bayroqni ifodalovchi so‘zlar tarixini yoritdi.
"Dars bilan ovora bo‘lib, kechagi sanan o‘tkazib yubordim. Davlat bayrog‘i kuniga bag‘ishlab bir post o‘ylagandim. Kech bo‘lsa ham, e’tiboringizga havola etaman.

Turkiy tillarda bayroq bilan bog‘liq terminologiya juda rivojlangani qiziq fenomendir. Aslida har qanday davlatning o‘z ramzlari, bayroqlari bo‘lgan qadimdan. Lekin ko‘chmanchilar bunday simvolikaga ko‘proq murojaat etgan. Davlatning ramzi bo‘lmish bayroq turli jabhalarda ishlatilgan: xon chodiriga o‘rnatilgan, egallangan shaharlar qo‘rg‘oniga yoki bosh maydoniga tikilgan, janglarda ko‘tarib yurilgan. Ko‘p xon ko‘rgan, ko‘p shahar zabt etgan, ko‘p jang qilgan turkiy qabilalardan shu sababdan bo‘lsa kerak, bayroqlarning turlari va ularga qo‘llanadigan atamalar ko‘p bo‘lgan.

Bugun asosiyga aylangan “bayroq” so‘zi sanchib qo‘yiladigan bayroqni anglatgan. Ya’ni tepasiga bayroq ilingan nayzani. Uning qadimgi shakli – batraq/batruq, +bat “botmoq, botirmoq” o‘zagidan. Xuddi shu tushunchani ifodalaydigan boshqa so‘z – sancaq bugungi Turkiya turkchasida saqlangan. Uning o‘zagi, ko‘rinib turganidek, +sanç “sanchmoq”, qadimgi shakli esa sançğaq. Sançğaq va batraq jang chog‘ida ko‘taib yurilgan va g‘alaba qozonilishi bilan tikib qo‘yilgan.

Urushdan tashqari vaqtda yerga qadab qo‘yiladigan bayroq tuğ deb yuritilgan. Bu so‘z bugungi o‘zbek adabiy tilida ham bor, “tug‘” shaklida, lekin kam ishlatiladi. Ba’zi etimologlar uning ildizini tuğığ “tikik, tikilgan” deb rekonstruksiya qiladi, ba’zilar esa xitoycha va mo‘g‘ulcha etimonlar qidiradi.

Lekin turkiy tillarda bayroq ma’nosini ifodalovchi asosiy so‘z boshqa edi: bonçuq. Hozir u “munchoq” shaklida (boshqa ma’noda) o‘zbek tilida ishlatiladi. Bonçuq deganda xon chodirida turadigan, hokimiyatni ifodalaydigan rasmiy davlat bayrog‘i tushunilgan. U odatda uzun yog‘och boshiga osilgan ot dumidan iborat bo‘lgan. Dumlar soni bittadan to‘qqiztagacha bo‘lgan (to‘qqiz muqaddas son hisoblangan).

Oxirgi so‘z – “yalov”. Uning o‘zagi tushunarli – yalmaq “hilpiramoq”. Etimologiyasidan ham anglagan bo‘lsangiz kerak, bugungi shaklga yaqin, hilpirab turadigan bayroq nazarda tutilgan. U odatda janglarda ko‘tarib yurilmagan, uzun nayzaga ilinmagan, kalta tayoqqa mustahkamlanib, o‘tovlar va binolar tepasiga osib qo‘yilgan. Shunaqa gaplar
".
Ma’lumki, bayroq qabul qilingan kunda yaxshigina qor yog‘di. O‘zbek xalqining azaliy muammolaridan biri bo‘lgan «svet» o‘chishi bayram kunida ham o‘zbek xalqini «yolg‘izlatmagan» ko‘rinadi, foydalanuvchilar xafa.

Bayramga Makro supermarketlar tarmog‘i ijodiy yondashib, do‘konga kelgan xaridorlarga o‘z mahsulotlaridan O‘zbekiston bayrog‘ini yasashga imkoniyat yaratib berdi. Umuman olganda, yaxshi va kreativ yurish.

@davletovuz profilidagi Twitter foydalanuvchisi Arnasoyda yozilgan ulkan bayroqning suratini joyladi.

Shuningdek, ushbu sahifada O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimovning bayroq haqidagi nutqi tasvirlangan videorolik ham qoldirildi.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovushog‘lu O‘zbekiston bayrog‘i qabul qilingan kun bilan tabriklab, kelgusida ham strategik hamkorlikni davom ettirishga umid bildirdi.

Twitter’ning shoirtabiat foydalanuvchisi o‘z ijod namunasi bilan bo‘lishdi.

Qashqadaryolik bloger Umid Karimov o‘z mashinasini bayroq bilan bezatdi.

Hokimliklar tabrigi
Hokimiyat matbuot kotiblari ham ancha faol. Xususan, Toshkent shahar hokimligi bayroq kuniga atalgan o‘z videosini taqdim etdi.

Shu bilan birgalikda, O‘zbekiston bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlangan parad va festival o‘tkazildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ijtimoiy tarmoqlarda Davlat bayrog‘i kuni qanday nishonlandi?