23:00 / 20.11.2020
3 333

Rasul Kusherbayev xususiy mulkni buzilishdan saqlab qolish yo‘lini aytdi

Rasul Kusherbayev xususiy mulkni buzilishdan saqlab qolish yo‘lini aytdi
Oxirgi vaqtlarda ko‘chmas mulklar, shu jumladan uy-joylarni davlat va jamoat ehtiyojlari (snos) uchun, degan vaj bilan buzishda qonunbuzilish holatlari ko‘payib ketdi, deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev.

Uning qayd etishicha, mas’ullardan qonunlarga rioya etishlari qancha talab qilinmasin, mulk daxlsizligini buzganlik uchun ularga nisbatan jazosizlik va manmanlik sabab qonunlarni buzishda davom etayotgan mansabdorlar hamon uchrab turibdi. Ayniqsa, Jizzax, Surxondaryo, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridan kelayotgan murojaatlarda ko‘plab fuqaro va tadbirkorlarning mulklari g‘ayriqonuniy yo‘llar bilan buzilib, kompensatsiya ham qoplanmaganligi ko‘rinmoqda.

Biroq bunday beboshlik uzoq davom etishi mumkinmas.

Shu bois, deputat mulkdor va tadbirkorlardan o‘z mulklarini himoya qilishda bir qator jihatlarga e’tibor berishlarini so‘ragan:
– Agar sizning joyingizni buzib, yer uchastkasini olib qo‘yishmoqchi bo‘lsa, dastlab bu haqida rasmiy «ogohlantirish xati»ni talab qiling.

«Ogohlantirish xati» berishsa, unda qanday maqsad uchun sizning joyingiz buzilishga tushayotganligini yaxshilab o‘qib chiqing. Bordiyu, ko‘p qavatli uy, savdo markazi yoki boshqa xildagi tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq qurilish belgilangan bo‘lsa, bilingki, Sizning joy yoki uyingizni g‘ayriqonuniy ravishda buzishmoqchi.

Chunki sizning ko‘chmas mulkingiz faqat davlat va jamoat ehtiyojlari uchungina majburiy buzilishga tushishi mumkin.
Qaysi holatlar davlat va jamiyat ehtiyojlariga kirishi esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 avgustdagi 5495-sonli Farmonida aniq belgilab qo‘yilgan.

Unga ko‘ra, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yishga faqat quyidagi maqsadlarda yo‘l qo‘yiladi:
  • mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish va ularning faoliyat yuritishi uchun yerlarni taqdim etish;
  • xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
  • foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;
  • avtomobil va temir yo‘llari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya ob’ektlari va aviatexnika markazlari, temir yo‘l transporti ob’ektlari, ko‘priklar, metropolitenlar, tonnellar, energetika tizimi ob’ektlari va elektr uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat ob’ektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
  • aholi punktlari bosh rejalarini O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ob’ektlar qurish qismida ijro etish, shuningdek, qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Boshqa barcha holatlarda yer uchastkasini olib qo‘yish uchun ko‘chmas mulkni buzish g‘ayriqonuniydir.

Mulkingiz davlat va jamoat ehtiyojlari uchun buzilishga tushgan taqdirda ham Siz bundan norozi bo‘lsangiz, toki sud tomonidan bu ish ko‘rilib qonuniy qaror qabul qilinmaguncha, sizning tanlov va talabingizga ko‘ra kompensatsiya va boshqa to‘lovlar to‘liq qoplanmaguncha mulkingizni buzishlari mumkinmas. Buni yodda tuting va talab qiling! – deb yozadi Rasul Kusherbayev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rasul Kusherbayev xususiy mulkni buzilishdan saqlab qolish yo‘lini aytdi