11:44 / 21.11.2020
7 661

O‘zini Prezident Administratsiyasi vakili deb tanishtirgan shaxs qo‘lga olindi

O‘zini Prezident Administratsiyasi vakili deb tanishtirgan shaxs qo‘lga olindi
Foto: Hudud Inform
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida o‘zini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakili deb tanishtirgan, 1984 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan E.K. ismli fuqaro qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, mazkur shaxs o‘zini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidan ekanligini, Yangiyo‘l tuman hokimligi mas’ul xodimining uyi kuzatuvda ekani, maxfiy tadbir o‘tkazish uchun kelganini huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillariga aytib, qora rangli «Lasetti» avtomashinasini to‘xtatib, hamkorlikda tintuv o‘tkazishga harakat qilgan.

Tekshiruv davomida ushbu shaxsning yonidan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi» degan soxta yozuv kiritilgan, davlat gerbi va bayrog‘i tushirilgan RB №25 tartib raqamli xizmat guvohnomasi va RB №20 tartib raqamli «Zamondosh» jurnali muxbiri guvohnomasi, ikki dona, «Redmi 4x» va «Inoi» telefon apparati va bir dona o‘tkir tig‘li pichoq rasmiylashtirib olingan.

Qayd etilishicha, E.K. joriy yilning 15 iyul kuni ham firibgarlik alomatlari bilan Buxoro viloyati Olot tumani IIB tomonidan ushlangan bo‘lib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 200-moddasi bilan ish qo‘zg‘atilgan va sudga oshirilgan. Lekin ushbu shaxs sud jarayoni yakuniga yetmasdan, o‘ziga tegishli xulosa chiqarmagan holda takroriy qing‘ir ishga qo‘l urgan.

Mazkur holat yuzasidan E.K. Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi «b» bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinmoqda. Hozirda Yangiyo‘l tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zini Prezident Administratsiyasi vakili deb tanishtirgan shaxs qo‘lga olindi