23:30 / 27.11.2020
1 154

“Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida”gi Qonun bo‘yicha bilish kerak bo‘lgan muhim savollarga javoblar

“Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida”gi Qonun bo‘yicha bilish kerak bo‘lgan muhim savollarga javoblar
1. Ushbu Qonunning ahamiyati nimada?
– Avvallari yurtimizda genom axborotini olish, to‘plash hamda undan foydalanish sohasida qonunchilikda bo‘shliq bor edi. Maqsad ushbu bo‘shliqni to‘ldirish. Shu bilan birga Qonunda genom axboroti ma’lumotlar bazasi yordamida jinoyatlarni fosh etishda sohaga zamonaviy usul va texnologiyalarni joriy etish masalasi qamrab olindi. Bu esa jinoyatchilikka qarshi kurashishda samarali usul hisoblanadi.

2. Bunday Qonun xorijiy amaliyotda ham mavjudmi?
– Norvegiya, Ozarbayjon, Koreya, Malayziya, Shveysariya, Kanada, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston Respublikasi tajribasida genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olishga oid maxsus qonunlar qabul qilingan.

3. Qonunning maqsadi nimadan iborat?
– Maqsad genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish.

4. Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish tushunchasi o‘zi nimani anglatadi?
– Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish deyilganda vakolatli organlar va muassasalar tomonidan biologik materialni va genomga oid axborotni yig‘ish, hisobga olish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, undan foydalanish hamda uni yo‘q qilish va muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshiriladigan faoliyat tushuniladi.
Ya’ni, ushbu faoliyat yagona ma’lumotlar bazasidagi genomga oid axborotdan foydalanish orqali odamning shaxsini, tanib olinmagan murdani identifikatsiya qilish va biologik qarindoshlikni aniqlash maqsadida amalga oshiriladi.

5. Faoliyat qanday amalga oshiriladi?
– Ixtiyoriy yoki majburiy ravishda.

6. Ixtiyoriy ravishda kimlar davlat ro‘yxatiga olinadi?
•O‘zbekiston fuqarolari;
•O‘zbekistonda yashayotgan yoki vaqtincha yashab turgan chet el fuqarolari;
•fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.
Ixtiyoriy ravishda davlat ro‘yxatiga olish mazkur shaxslarning yozma arizasiga asosan pulli asosda amalga oshiriladi.
Ixtiyoriy ravishda davlat ro‘yxatiga olinishni istalgan bosqichda rad etish mumkin.
Bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirishga ko‘maklashish maqsadida ularning biologik qarindoshlari bepul asosda genom bo‘yicha ixtiyoriy ravishda davlat ro‘yxatiga olishdan o‘tishi mumkin.

7. Kimlar genom bo‘yicha majburiy ravishda davlat ro‘yxatiga olinadi?
- og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi sifatida jalb qilingan shaxslar;
og‘ir, o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar, 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish va 16 - yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslar;
- biologik materiali tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov jarayonida olingan aniqlanmagan shaxslar;
- tanib olinmagan murdalar (tana qoldiqlari, qismlari).

8. Genomga oid axborotdan qanday maqsadlarda foydalaniladi?
Bunday turdagi axborotdan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
- jinoyatlarning oldini olish, ularni ochish va tergov qilish, shuningdek ularni sodir etgan shaxslarni fosh etish va aniqlash;
- bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirish;
- tanib olinmagan murdalarning (tana qoldiqlarining, qismlarining) shaxsini aniqlash;
- biologik qarindoshlikni aniqlash.

9. Qonun qachondan boshlab amalga kiritiladi?
– Mazkur Qonun 2023 yildan boshlab kuchga kiradi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)