21:15 / 29.11.2020
3 260

Maktabgacha ta’limdagi korrupsiya haqida: Bola haqiga xiyonat, arzimas oylik va «o‘lik jonlar»...

Maktabgacha ta’limdagi korrupsiya haqida: Bola haqiga xiyonat, arzimas oylik va «o‘lik jonlar»...
Bola bog‘chaga bora boshlangandayoq korrupsiyaga duch kelsa, uning haqini o‘g‘irlashsa, tekshiruvlar paytida ko‘zbo‘yamachiliklarni ko‘rsa... Bular – juda dahshatli, ammo afsuski jamiyatimizda noodatiy hol deb qaralmaydigan voqelik.
Kun.uz muxbiri maktabgacha ta’lim tizimdagi korrupsiya, muammolar ko‘lami va ularga yechimlar mavzusida Maktabgacha ta’lim vazirligi Ichki audit, moliyaviy va huquqiy nazorat xizmati boshlig‘i Dilshod Normatov bilan suhbatlashdi.

«Himoyasiz bolalar haqini o‘g‘irlash – eng yomoni»
— Maktabgacha ta’lim tizimidagi o‘g‘rilik boshqa sohalarda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan o‘g‘riliklarga qaraganda qo‘pol va yomon. Chunki bu yerda o‘zini himoya qila olmaydigan kichik bolakaylarning haqi bor. Bolaning og‘zidan ovqatni tortib olish, unga ta’lim berish kerak bo‘lgan mutaxassisni «o‘lik jon» qilib qo‘yish uning o‘sha kuni kerakli ozuqani iste’mol qilmasligiga, kerakli bilimni o‘zlashtirmasligiga sabab bo‘ladi.

Bog‘chada bolaning huquqi buzilsa, u qayta tiklanmaydi, deb hisoblayman. Masalan, 1 kilogramm go‘sht 10 nafar bolaning bir kunlik haqi hisoblanadi. Aybdor 10 kun go‘sht o‘g‘irlab, jarimani to‘lab qo‘yishi mumkin, lekin u bola yemagan kunlarni ortga qaytara olmaydi.

Bog‘chalarda qaysi holatlarda ko‘proq noqonuniylik harakatlar kuzatiladi?
— Maktabgacha ta’lim vazirligi ichki audit xizmati asosan joriy xarajatlarning maqsadli sarflanishini nazorat qiladi. Bular ish haqi, oziq-ovqat, kommunal to‘lovlar, joriy ta’mirlash va shunga o‘xshash xarajatlarni o‘z ichiga oladi.

Tizimda asosan ish haqiga ajratilgan mablag‘larning noqonuniy va ortiqcha sarflanishiga yo‘l qo‘yish holatlari aniqlanmoqda: 2019 yilda 9,4 milliard so‘m, 2020 yilning 10 oyida 8,5 milliard so‘m ish haqi mablag‘lari noqonuniy to‘langan.

Oziq-ovqat xarajatlariga ajratilgan mablag‘larning noo‘rin sarflanishi esa 2019 yilda 6,2 milliard so‘m, 2020 yilda 3,6 milliard so‘mni tashkil qilgan.

Aniqlanayotgan korrupsion holatlar tekshiruvning qanday amalga oshirilishiga bog‘liq. Bu yilgi kompleks tekshiruvlar natijasida aniqlangan holatlar ham ko‘proq bo‘ldi. Yana bir tarafi, 2020 yilda aniqlangan noqonuniy o‘zlashtirilgan mablag‘larning hammasi shu yilga tegishli bo‘lmasligi mumkin. Odatda, tekshiruvda oxirgi yillardagi ma’lumotlar o‘rganiladi.

Masalan, 2019 yilda Kattaqo‘rg‘on shahridagi 10-sonli MTTni tekshirganmiz. Bu holatda bog‘chada 2014 yildan 2018 yil yanvargacha 1 milliarddan ko‘proq budjet mablag‘lari talon-taroj qilingani aniqlangan. Shuning uchun tekshirish soni va qamroviga qarab natija ham yuqoriroq bo‘lishi mumkin.

Tekshiruvlar natijasida katta-katta o‘g‘riliklar ham aniqlangan. Masalan, Samarqand shahar Maktabgacha ta’lim bo‘limi hisobchisi tomonidan 2018–2020 yillarda MTTlarda ishlamagan 22 nafar fuqaroning nomiga asossiz 122 million so‘m ish haqi yozib o‘zlashtirilgan.

Toshkent viloyati Chirchiq shahar MTB hisobchisi tomonidan 2019–2020 yillarda 80 million so‘m plastik kartochkalarga pul o‘tkazish orqali noqonuniy o‘zlashtirilgan.

Qibray tumani 26-son MTT mudirasi tomonidan ishlamagan soxta xodimlar nomiga ish haqi yozish orqali 200 million so‘mdan ortiq mablag‘ noqonuniy sarflangan.

Buxoro viloyati Peshko‘ tumani 22-sonli davlat MTTda 202 million so‘mlik kamomad va oylik ish haqi to‘lov qaydnomalarining qalbakilashtirilishi aniqlangan. G‘ijduvon tumani 3-sonli davlat MTTda 2018–2020 yillarda ish vazifasini to‘liq bajarmagan xodimlar nomlariga 20 million so‘m ish xaqi yozilgan.

Bo‘ston tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan yumshoq jihozlarni xarid qilishda davlat xarid qonunchiligiga rioya qilmasdan chetlab o‘tish natijasida 104 million so‘mlik choyshablar qimmat narxlarda xarid qilingan.

2019 yilda 750 nafar, 2020 yilda 446 nafar «o‘lik jon» aniqlandi
— «O‘lik jonlar» maktabgacha ta’lim tizimidagi eng katta muammolardan biri. «O‘lik jonlar» – maktabgacha ta’lim tashkilotiga turli lavozimlarga rasmiylashtirilgan, lekin aslida tashkilotda ishlamaydigan xodimlar. Bu yo‘l bilan bog‘cha mudirasi «o‘lik jon» xodimlarga yozilgan ish haqlarini noqonuniy o‘zlashtiradi, ishlamaydigan «o‘lik jon» xodimlar esa noqonuniy mehnat stajiga ega bo‘ladi.

Respublikada aholini ish bilan ta’minlash dolzarb bo‘lib turganda «o‘lik jonlar» vijdonan ishlashni xohlovchi mutaxassis va xodimlarning o‘rnini band qilib turibdi.

Audit tekshiruvlarida 2019 yilda 750 nafar, 2020 yilda 446 nafar «o‘lik jon» aniqlandi va to‘plangan hujjatlar yakuniy surishtiruv ishlarini olib borish uchun prokuratura organlariga topshirilgan.

«O‘lik jonlar» bolalarning ta’lim-tarbiya olishiga va ularning MTTda tarbiyalanishi sifatiga salbiy ta’sir etib kelmoqda. Masalan, musiqa rahbari «o‘lik jon» bo‘lsa, demak, bolalar musiqadan bilim ololmaydi. Hovli supuruvchi ishlamasa, o‘rniga boshqa xodimlar o‘z vazifasini tashlab, hovli supurishga majburlanadi. Bu – xodim o‘zining vazifasini bajarishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, buning ijtimoiy xavfi ham bor: «o‘lik jon»lar ishga kelmasa-da, ular uchun ish kuni hisoblanadi. Bu payt qo‘shtirnoq ichidagi «xodimlar» boshqa bir yerda jinoyat qilayotgan yoki respublikadan tashqariga chiqib ketgan bo‘lishi ham mumkin. Ya’ni ularning nima bilan bandligini hech kim bilmaydi. Ular o‘sha o‘ringa ishga kirmoqchi bo‘lgan real ishchi kuchiga ham xalal berishadi.

Vazirlik bu turdagi jinoyatlarga qarshi Bosh prokuratura bilan hamkorlik qilmoqda. Bundan tashqari, bunday qonunbuzilishga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi, boshqa nazorat organlari ham alohida e’tibor qaratishi lozim.

«Oshpazning oyligi 680 ming, u kuniga 3 mahal ovqat pishiradi...»
— Oylik masalasi maktabgacha ta’lim tizimidagi eng katta muammolardan biri. Masalan, oshpazning maoshi 680 ming so‘m. Vaholanki, u 3 mahal ovqat tayyorlab beradi.

Maktab ta’lim tizimida tuman miqyosida milliardlab mablag‘ aylanadi: davlat ajratadigan va ota-onalar to‘lov badalidan kelib tushadigan mablag‘lar. Tumanda ularning hisob-kitobini yuritadigan bosh hisobchining oyligi esa 1 million 600 ming so‘m. Qolgan hisobchining oyligi esa undan ham kam.

Bu oylikka malakali hisobchilarni ishga olib bo‘lmaydi yoki ular tajriba to‘plagach, boshqa joyga ishga o‘tib ketish holatlari ko‘p kuzatiladi. Bu ham hisob-kitob tizimida noqonuniy harakatlar ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Sababi, tajribasizroq hisobchi bilmasdan noqonuniy holatlarga yo‘l qo‘yishi holatlari ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Bog‘cha mudirasining maoshi esa 1,5 million so‘m. Hatto tayyorlov guruhi tarbiyalanuvchilarining oyligi ham ularnikidan sal ko‘proq. Oylik maoshlarning kamligi ham tizimdagilarning noqonuniy mablag‘ o‘zlashtirishlariga sabab bo‘lishi mumkin.

«Xarid narxi to‘g‘ri belgilanishi kerak»
— Maktabgacha ta’lim tizimi buxgalteriyasi markazlashtirilgan. Shartnoma va xaridlarni Maktabgacha ta’lim vazirligining hududiy bo‘limlari amalga oshiradi. Bog‘chalar to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilmaydi. Lekin bog‘chalarda tashkil qilingan maxsus komissiyalar oziq-ovqatlar sifati va miqdoriga qarab uni qabul qilib olishi kerak. Bu holatda qars ikki qo‘ldan chiqmoqda: chunki agar mahsulot sifatsiz bo‘lsa, bog‘cha mahsulotni olib qolmay, uni qaytarib yuborishi mumkin.

Xarid qilinadigan oziq-ovqatlarning yuqori narxlari mahalliy hokimiyatlar tomonidan har oy belgilab beriladi. Ayrim hududlarda narxlarning nomutanosib belgilanishi ham salbiy holatlarga olib kelishi mumkin. Masalan, Toshkent shahri bo‘yicha mol go‘shtiga belgilangan narx 44 000 so‘m, Qashqadaryoda 57 000 so‘m. Go‘sht 1-kategoriyali bo‘lishi kerak.

Sariyog‘ Toshkentda 26 000 so‘m, Qashqadaryoda 40 000 so‘m belgilangan. Sariyog‘ sigir sutidan tayyorlangan bo‘lishi kerak.

Narxni baland ham, past ham qo‘yish kerak emas. Agar mablag‘ baland qilib belgilansa, ortiqcha mablag‘ o‘zlashtirishga asos bo‘lishi mumkin. Bozor narxiga nisbatan past belgilanishi esa sifatsiz mahsulot xaridiga olib keladi. Chunki u narxga sifatli mahsulot bermaydi. Shuning uchun narx belgilashda ham me’yorni to‘g‘ri qo‘ya olish kerak.

«Har bir bog‘cha tepasiga bittadan odamni qo‘yib bo‘lmaydi, yechim esa...»
— Maktabgacha ta’lim tizimidagi korrupsion holatlar aksar hollarda tezkor o‘rganishlarda aniqlanadi. Agar bog‘chaga 7 kundan keyin o‘rganishga boramiz, deyilsa, ular hamma ishlarni joy-joyiga qo‘yishi mumkin. Masalan, bog‘chaga noqonuniy keladigan bolalarga o‘sha kuni bog‘chaga kelmaslikni tayinlab qo‘yish mumkin.

Audit xizmati tekshiruv ishlarini kutilmagan paytda o‘tkaza olgani uchun ham samarali deb aytish mumkin. Hozir har bir viloyatlarda 2–3 nafardan audit xodimi bor, respublikada esa jami 40ta shtat bor. MTTlar soni esa 6 mingga yaqin.

Nazorat tadbirini o‘tkazish bir necha kunni talab etadi. Buxgalteriya markazlashgan bo‘lsa-da, lekin haqiqiy xarajatlar MTTda amalga oshiriladi, bularni solishtirish vaqt talab etadi. Tekshirilayotgan ob’ektda barcha moliyaviy operatsiyalarni to‘liq qamrab olishning imkoni yo‘q.

Lekin 6 mingta bog‘chaga bittadan odamni turg‘izib qo‘yishning iloji yo‘q. Eng yaxshi yechim – sohaga axborot texnologiyalarini joriy etish, shaffoflikni kuchaytirish bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda ishga qabul qilishda korrupsion holatlar ko‘p uchrayotgan bo‘lsa, bo‘sh ish o‘rinlarini shaffof tarzda e’lon qilish ham tizimdagi korrupsion holatlar kamayishiga yordam beradi.

«Bolasini noqonuniy bog‘chaga joylashtirgan ota-ona boshqa bolalarning haqiga xiyonat qilgan bo‘ladi»
— Maktabgacha ta’lim bilan qamrovning bosqichma-bosqich oshirilishi hisobiga bolalarni bog‘chalarga noqonuniy qabul qilish holatlari ham kamaymoqda. Xususiy MTTlar ham bu borada davlatga yordam bermoqda.

Lekin bir narsani aytish joizki, bolasini noqonuniy qilib bog‘chaga joylashtirgan ota-ona bila turib boshqa bolalarning haqiga xiyonat qilgan bo‘ladi. Chunki bunday ota-ona uning bolasi uchun bog‘chada ovqat tayyorlanmasligi, u ro‘yxatga kiritilmaganini biladi. Rasmiy yo‘llanma bilan qatnayotgan har bir bola hisoblanib, ularga belgilangan me’yor asosida ovqat tayyorlanadi. Noqonuniy qatnaydigan bola soni esa taomnomaga qo‘shilmaydi va ular rasmiy qatnayotgan bolalarning haqidan ovqatlanadi.

Bundan tashqari, ro‘yxatga kiritilmagan bolaga nimadir bo‘lsa, bunga kim javob berishi ham savol ostida.

«Jazo ta’sirchan bo‘lishi kerak»
— Ko‘p holatlarda budjet mablag‘larini talon-taroj qilib, bolalarning haqiga xiyonat qilganlar uchta modda asosida jazodan ozod etiladi. Bular – Jinoyat kodeksining 70-moddasi («Shaxsning ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotishi munosabati bilan uni jazodan ozod qilish») va 71-moddasi («Aybdor o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lgani munosabati bilan jazodan ozod qilish») moddalari bilan yoki Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi («Ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish»).

Eng ko‘pi – tizimdagi xodimlarga nisbatan MJtKning 61-moddasi («Oz miqdorda talon-taroj qilish»), ya’ni tashkilotlarning mol-mulkini o‘g‘irlash, o‘zlashtirish, rastrata qilish, mansab lavozimini suiiste’mol qilish yoki firibgarlik yo‘li bilan oz miqdorda talon-taroj qilish moddasi bilan aybdor deb topiladi.

Va aybdorga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining bir (223 000 so‘m) baravaridan besh (1 115 000 so‘m) baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Talon-taroj qilingan mulkning qiymati BHMning 30 baravaridan (6 690 000 so‘m) oshmasa, bu oz miqdordagi talon-taroj qilish deb hisoblanadi. Masalan, 5 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari kamomadiga yo‘l qo‘ysa, 223 ming yoki uzog‘i bilan 1 million 115 ming so‘m jarima to‘laydi.

Bolaning huquqlarini buzmaslik va qayta buzmasliklari uchun jazo choralari ta’sirchan bo‘lishi maqsadida mavjud qonunchilikka o‘zgartirish kiritish haqida o‘ylab ko‘rish kerak. Shunda bolalar haqiga xiyonat qilish, ularning huquqlarini buzish holatlari kamayadi.

Masalan, «Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida»gi qonunning 44-moddasida: «Qasddan jinoyatlar sodir etgani uchun ilgari hukm qilingan shaxslar maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas», deb belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, ilgari o‘zining aybli harakatlari sababli mehnat shartnomasi tugatilgan shaxslar, shuningdek, qo‘llanilgan jazo chorasidan, sudlanganligi holati tugatilganidan yoki olib tashlanganidan hamda o‘ziga nisbatan amnistiya yoki afv etish akti qo‘llanilganidan qat’i nazar, qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun ilgari hukm qilingan shaxslar maktabgacha ta’lim tizimi organlari va tashkilotlarining rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi mumkin emas.

Bu tartibning joriy qilinishi tizimda ishlayotganlarni ancha sergaklantirdi.

Noqonuniy holatlarni kamaytirish uchun nimalar qilinishi mumkin?
— Tizimga axborot texnologiyalarini keng joriy etish, xarid va hisob-kitob tizimini soddalashtirish va ochiq qilish, bo‘sh ish o‘rinlarini to‘liq ochiq tarzda e’lon qilib borish, quyi tizim oylik ish haqlarini qayta ko‘rib chiqish, tizim xodimlarining huquqiy madaniyatini oshirish orqali noqonuniy mablag‘ o‘zlashtirish holatlarining oldini olish mumkin.

Albatta, bular birdaniga amalga oshmaydi. Hozir har bir yo‘nalishda mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Maktabgacha ta’limdagi korrupsiya haqida: Bola haqiga xiyonat, arzimas oylik va «o‘lik jonlar»...