09:00 / 30.11.2020
2 485

Sudya bosh shifokor Guljahon Yo‘ldosheva ishi bo‘yicha prokurorga majburiyat yukladi

Sudya bosh shifokor Guljahon Yo‘ldosheva ishi bo‘yicha prokurorga majburiyat yukladi
Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining bosh shifokori — viloyat bosh infeksionisti lavozimida ishlagan Guljahon Yo‘ldosheva va boshqalarga nisbatan sud jarayoni boshlangani xabari berilgandi. Ilk sud majlisidayoq unga nisbatan jinoyat-protsessual normalari buzilgani ayon bo‘lgani aytilmoqda.

Sud majlisida ishtirok etgan «Gazeta.uz» saytining ma’lum qilishicha, dastlabki tergov jarayonida G. Yo‘ldoshevaning ayblov xulosasini rus tilida berish talabi ta’minlanmagan va u «jinoyat ishi» bilan tanish emas. Shuningdek, sud majlisida ayolning advokati iltmosnoma kiritib, unga nisbatan qo‘llangan (uy qamog‘i) ehtiyot chorasini o‘zgartirishni so‘ragan. Advokatga ko‘ra, F.Rustamovning o‘limi bo‘yicha epizodda ayblangan Sh.Ro‘zmetov va J.Ziyadullayevga nisbatan dastlabki tergov organi biriga garov, biriga esa munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat ehtiyot choralari qo‘llagan. Bu esa tenglik tamoyiliga zid hisoblanadi.

Sudya iltimosnomani inobatga olib, prokuror zimmasiga rus tilida ayblov xulosasi taqdim etishni ta’minlash chorasini ko‘rishni yukladi. Ehtiyot chorasi masalasi keyingi sud majlisida muhokama qilinadigan bo‘ldi. Keyingi sud majlisi 4 dekabrga belginlangan.

Eslatib o‘tamiz, «bosh shifokor ishi» doirasida G. Yo‘ldoshevadan tashqari yana uch nafar shaxs ham ayblanmoqda.

Shu yilning avgust oyida hibsga olingan Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan qo‘llanilgan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, oktabr oyida u uy qamog‘iga o‘tkazilgandi. G. Yo‘ldosheva hibsdan chiqarilishi hamono (6 oktabr) Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi infeksionisti — 30 yoshli Shixnazar Ro‘zmetov qamoqqa olingani ma’lum bo‘lgandi. Aftidan, oradan ko‘p o‘tmay Sh. Ro‘zmetovga qo‘llangan «qamoq olish» ehtiyot chorasi ham o‘zgartirilgan ko‘rinadi.

Ayni paytda to‘rtala sudlanuvchiga nisbatan ham «qamoqqa olish»dan boshqa ehtiyot choralari qo‘llanilgan. Boshqalardan farqli ravishda asosiy aybdor sifatida ko‘rilayotgan G. Yo‘ldosheva «uy qamog‘i»ga o‘tkazilgan va unga ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan muloqot qilish (muayyan vaqtga ) taqiqlangan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)