21:29 / 30.11.2020
1 758

Yonimizdagi korrupsiya: uning «kuragini yerga tekkiza» olamizmi?

Yonimizdagi korrupsiya: uning «kuragini yerga tekkiza» olamizmi?
Haqiqatdan ungan rivoyat
Bir kishi katta zamindorning qo‘lida bog‘bon bo‘lib ishlaydi. Zamindor kuz kunlarining birida mevalari g‘arq pishgan bog‘iga amaldorlar, boylar, hududning ko‘zga ko‘ringan, eng nomdor odamlarini chorlaydi. Mehmonlar jam bo‘lgach, mezbon bog‘bonni chaqiradi-da, eng sara uzumlardan keltirishni buyuradi. Bog‘bon eng chiroyli, eng sara uzumlarni uzib keladi. Meva mehmonlarga tortiladi. Uzumlar nordonroq chiqadi. Mezbon bog‘bonni chaqiradi-da, uzum g‘o‘rroq ekan, deya tag‘in uzum olib kelishini buyuradi. Bog‘bon yana bir bor uzum keltiradi. Bunisi birinchisidan-da ko‘rkam, birinchisidan-da rangdor, birinchisidan-da sarxil edi.

Mehmonlar oldiga tortilgan uzum yana taxir chiqadi. Bundan zamindor mulzam tortadi. Boy bog‘bonni chetga chaqiradi-da: “Men shaharning eng obro‘li odamlarini bog‘imga chorladim. Senga eng yaxshi uzumlardan olib kel, desam ham ikki bora taxir uzum olib kelding, menda qasding bormi?” deya jerkiydi. Shunda bog‘bon javob beradi: “Hojam, men haqiqatan ham bog‘dagi eng sara uzumlarni terib keltirdim, lekin men bularning taxir yo shirinligidan xabarsizman. Chunki menga bog‘ni parvarish qil deb tayinlagansiz. Undan tot deb aytmagansiz”.

G‘oyat ta’sirli-a? Bu halol inson kim bo‘lgan deb o‘ylaysiz? Aytilishicha, u Imom al-Buxoriyning otasi shayx Ismoil ibn Ibrohim edi. Bu bir rivoyat. Ammo manbalarda ham qayd etilishicha, Ismoil o‘ta taqvodor, parhezkor, xudojo‘y, halol inson bo‘lgan. Buni Ahmad ibn Hafs shunday xotirlaydi: “Abu Abdullohning otasi Ismoil jon berayotganda oldiga kirdim. U: “Molu davlatim ichiga shubhadan biror dirham yoki dinor aralashganini bilmayman”, dedi. Shunda o‘zimni amallarim ko‘zimga juda arzimas bo‘lib ko‘rinib ketdi”.

Bu so‘zlar rivoyatga ilmiy asos. Otasi o‘zi ishlayotgan bog‘dagi uzumni totib ko‘rmaydigan darajada halol bo‘lgani uchun ham farzandi buyuk olim, muhaddislar sultoni, ya’ni islom dinida Qur’oni karimdan keyingi muqaddas kitob hisoblangan “Sahihi Buxoriy”ning muallifi bo‘lib yetishdi. Modomiki bu haqiqat ekan, korrupsiyalashgan mamlakatni halol davlatga aylantirish uchun ham el ichida shayx Ismoilday halol insonlarni ko‘paytirish zarur bo‘ladi.

Mayda korrupsiya zanjiri
Bizning jamiyat odamlari beshikdan to qabrgacha minglab korrupsiya holatiga duch kelishini o‘ylayman. Tug‘uruqxona, bog‘cha, maktab, oliy o‘quv yurti, bank, notarius, kasalxona, FHDYO, go‘rkov va hokazo.

Hayotimda uchragan birgina misolni takror bo‘lsa ham hikoya qilay. 2018 yilning oktabr oyida Ergashev nomidagi 4-son shahar klinik shifoxonasida farzandli bo‘ldim. Bolam tug‘ilishidan avval akusher ginekolog xotin “Kelishib olamizmi?” dedi. Unga 100 ming so‘m “suyunchi” berdim. U: “Birinchi bolaga “stavka” 300 ming so‘m, mayli, siz 250 ming bera qoling!”, dedi. Boshqa pul bermadim. Buyam kichik bo‘lsa-da korrupsiya. Bolamni tug‘uruqxonadan olib chiqib ketishim uchun ko‘ngilli sifatida qon topshirishim yoki 40 ming so‘m pul berishim kerakligini aytishdi. “Majburiy ko‘ngilli” bo‘lib “Qon preparatlari” degan joyga borib, 450 gramm qon topshirdim. Bu korrupsiya emas deb ayting-chi?

Qo‘limga qon topshirganim to‘g‘risida qog‘oz berishdi. Uni klinikaga obordim. Qog‘ozni do‘xtir menga farzandim o‘sha yerda tug‘ilgani haqidagi ma’lumotnomaga almashtirib berdi. Uni olib, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olish uchun Yashnobod tuman FHDYO bo‘limiga bordim. U yerda mendan guvohnoma uchun kassada “36 ming 500 so‘m” olishdi. Chek berishmadi. So‘rab oldim. Aslida chekda xizmatning davlat narxi “30 409 so‘m 50 tiyin” yozilgan edi. Ya’ni, bu guvohnoma o‘sha yildagi eng kam ish haqining 15 foizi miqdorida ekanini keyin bildim. O‘shanda kassir qizga: “Bu yerda 30 409 so‘m yozilgan, ammo siz mendan nega 36 500 so‘m oldingiz?” deganimda u “30”dagi “0”ni “6” ekanini isbotlashga rosa uringandi. Mayli, 6 ming so‘m arzimas puldir, ammo baribir bu korrupsiya.

E’tibor qiling, farzand tug‘ilganidan to guvohnoma olguningizgacha korrupsiya zanjir bo‘lib ketgan.

Korrupsiyadan yig‘ilgan pulga maktab qursa bo‘ladi
Statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yili O‘zbekistonda 768520 bola tug‘ilgan. Tasavvur qiling, ularning hammasining ota-onasidan kassir qizlar taxminan 6000 so‘mdan olib qolgan bo‘lsa, bu pul qancha bo‘ladi? Kalkulatorni ishga solaman: 4611120000 so‘m. Bu oz pulmi? Bu pulga bitta maktab qursa bo‘ladi-ku! Misol uchun Jondor tumanida bu yil foydalanishga topshirigan 2-sonli Bolalar-o‘smirlar sport maktabi mahalliy budjet tomonidan 4.2 milliard so‘mga qurilgan. Chust tumani Sadacha mahallasi hududidagi 216 o‘ringa mo‘ljallangan 76-umumiy o‘rta ta’lim maktabi esa 4 milliard 500 million so‘m davlat mablag‘i evaziga barpo etilgan. Mayli, har bir tug‘ilgan bolaning ota-onasidan 6000 so‘mdan yig‘ib, yiligi bittadan maktab quraylik, o‘sha pulni odamlar rozi bo‘lib tashlab ketadi.

Taqqoslagim keladi. Internet titkilayman. Singapurliklar farzandiga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani uyda zarur shakllarni to‘ldirib, tegishli organlarga elektron pochta orqali yuborish orqali olishar ekan. Hukumatning bunday xizmatlarni Internet orqali taqdim etishi odatiy tarz sifatida qabul qilinadi. Qizig‘i, agar fuqaro ushbu xizmatlarni olish uchun muassasaga shaxsan kelsa, u holda ushbu muassasaga alohida ehtiyojsiz kelgani uchun unga jarima solinar ekan. Bizda esa endilikda tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani davlat xizmatlari markazidan olish mumkin. Narxi bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi. Ya’ni bugungi kunda bu 39 370, 5 so‘m bo‘ladi.

Ishdan haydash bilan ish bitadimi?
2018 yil tug‘uruq jarayonidagi korrupsiya zanjirini o‘g‘limga maktub tarzida feysbukda “post” qilib yozdim. Maqolaning mingdan ortiq kishi o‘qib “layk” bosdi. Ginekolog ayol ishdan haydaldi. Bundan xursand bo‘lmadim, albatta. Chunki bu yo‘l bilan korrupsiyaga qarshi kurashib bo‘lmasdi. Shundan keyin mamlakatda ginekologlarning “suyunchi” olishi kamayib qoldimi? Albatta, yo‘q.

2020 yilning 8 oktabr kuni “Markaziy studiya” ko‘rsatuvi orqali efirga uzatilgan videotasvir ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘ldi. Unda Furqat tumani tug‘ruqxonasidagi ayrim xodimlarning “suyunchi” puli talashib janjallashgani aks etgan. Oradan bir necha kun o‘tgach, telegramu feysbukda tuman hokimi Dilmurod Soliyevning tug‘uruqxona xodimlariga baqirib, “og‘iz yirtgan” videosi ham tarqaldi.

1 noyabr kuni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati bu holatga rasmiy munosabat berdi. Unda aytilishicha, 2020 yilning 20 oktabr kuni Furqat tumani kasaba uyushmasi qo‘mita raisi boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilish qaroriga muvofiq birlashmaning buyrug‘i chiqarilib, kimdir ishdan bo‘shatilgan, kimlarningdir o‘rni almashtirilgan, kimningdir o‘rniga yangisi ishga kelgan. Bo‘ldi, shu bilan go‘yo muammo “hal” bo‘ldi, korrupsiya “yo‘qotildi”. U uch yil o‘qigan hamshiralar, yetti yil o‘qigan do‘xtirlar qayerga boradi endi? Shu haqida kimdir o‘ylab ko‘rdimi?

Do‘xtirlar qachon 1000 dollar oylik oladi?
Bu korrupsiyaga qarshi kurashishda odilona yechimmikan? Ishdan bo‘shatish bilan ish bitadimi? Ikki yil oldin yozilgan maktubda men do‘xtir va hamshiralar oyligi kamligidan ular bemorlarning qo‘liga qaraydigan bo‘lib qolganini yozgandim. Bugun ham shu fikrdaman. Oq halatlilarning oyligini mehnatiga yarasha oshirish zarur.

Kuni kecha ommaviy axborot vositalarida do‘xtirlarning oyligi 1000 dollar bo‘larmish degan gap-so‘z tarqadi. O‘qib-ko‘rsam, Prezident 20 noyabr kuni poytaxtda ishlayotgan tibbiyot xodimlari va pedagoglar bilan uchrashuvda shifokorlar ham 1000 dollar miqdorida ish haqi olishi kerakligi haqida aytgan ekan. Bu, albatta, niyat. Avallo, buning amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish kerak. Bu yog‘iga mutasaddilar bosh qotirishlari lozim bo‘ladi. Ehtimol yangi tayinlangan sog‘liqni saqlash vaziri buni amalga oshirar.

2020 yilning 9 oyida Sog‘liqni saqlash vazirligida 57 nafar mansabdor shaxs korrupsiya jinoyati bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu raqamlar tibbiyot tizimi islohotga muhtoj ekanini ko‘rsatadi. Vazirlik oldida katta muammo turibdi.

Madaniy korrupsiya
XX asrning buyuk menejerlaridan biri, ishlab chiqarishda oqim-konveyer yo‘lini joriy etgan, AQSHning avtomobil sanoatining “otasi” Henri Fordning ushbu gaplarini o‘qiyman: “Tayyor mahsulotlarni olib-sotish – biznes emas. Chayqovchilik poraxo‘rlikning madaniyroq ko‘rinishidir”. O‘qiyman-u, uyimning tirqishlaridan sovuq havo ichkariga kiradigan derazasidagi rezina “Akfa” romlariga va ochiq ayvonga olib chiqadigan rezina “Akfa” eshiklariga qarayman va qattiq o‘ksinaman. Nahot bu ham korrupsiya bo‘lsa.

2020 yildagi pandemiya davrida juda ko‘p hokimliklar davlat va mahalliy budjet mablag‘lariga Traiblazer avtomobilini xarid qilganlari haqidagi xabarlarni o‘qiyman. Asabim tirnaladi. Shuningdek, yana boshqa-boshqa hokimlik va moliya boshqarmalari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, faqat yig‘iladigan, ustiga 50 foiz narx qo‘yib sotilayotgan qimmat narxlardagi Malibu, Tracker, Equinox mashinalarini olgani to‘g‘risidagi xabarlar ham qarshimdan chiqadi. Nahot bular ham korrupsiya bo‘lsa?

Bugun atrofimizni korrupsiya shu qadar o‘rab olganki, qochib qutulishning imkoni yo‘qday tuyuladi.

Bizda “qonuniy” korrupsiya bormi?
Adliya vazirligining Davlat xizmatlari agentligi va uning qoshidagi markazlar O‘zbekistonda korrupsiyani kamaytirish uchun tashkil etildi. Ular hozirgi kunda 150 ga yaqin xizmat turi bo‘yicha aholiga xizmat ko‘rsatadi. Ammo u yerda qiziq holatga duch kelasiz. Agentlikning davxizmat.uz saytida yozilishicha, davlat xizmatlarini navbatsiz olish xizmati mavjud. Ya’ni, uning narxi Toshkent shahrida 133 800 so‘m, viloyat markazlarida 100 400 so‘m, tumanlarda 66 900 so‘m.

Unga quyidagicha tasnif berilgan: “Davlat xizmatlari markazlarida jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan ixtiyoriy pullik xizmat”. Bu nima degani? Puli bor odam navbatni sotib olyapti deganimi? Bu “qonuniy” korrupsiya emasmi? Saytda “Ixtiyoriy tezlashtirilgan xizmatlar” bo‘limiyam bor. Unda uchta xizmatga mo‘maygina haq evaziga ishingizni tezlashtirib hal qilib beradi. Ulardan biri ...savdo qilish uchun ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi, ikkitasi ...litsenziyani tezlashtirilgan tartibda olish xizmatlaridir.

2020 yilning 15 sentabr kuni kasbdoshim I.Z. Uchtepa tumani davlat xizmatlari markaziga FHDYO arxividan “Nikohda turmaganligi haqidagi ma’lumotnoma” olish uchun bordi. Operator unga ikki xil xizmatni taklif etgan. Biri ma’lumotnomani o‘z narxida, besh ish kunida tayyorlab berish. Ikkinchisi 150 ming so‘m evaziga ushbu ma’lumotnomani bir soatda olib berish. Tabiiyki, kasbdoshim o‘z narxida, besh ish kunida tayyor bo‘ladiganini tanlagan. Shunda kassir xizmat uchun 17 000 so‘m oladi. Savol tug‘ilgan: nega kvitansiyada 11 205 so‘m 75 tiyin yozilgan? Kassir javob beradi: “5 500 so‘m komissiya uchun”. Vaholanki, keyinchalik chekka qaralganda komissiya uchun 55 so‘m 75 tiyin olingani qayd etilgan.

Ayyorlikni qarang, 55 bilan “5500” o‘xshashmi? Ikkita “nol” ko‘paytirilsa, ish bitadi. Umuman nega komissiya xizmati mijozning gardaniga yuklanishi kerak. U markaz bilan bank o‘rtasida bo‘lib, xizmat narxining ichiga kirib ketishi kerak emasmi? Qolaversa, 150 ming so‘mga bir soatda ma’lumotnoma olib berish uchun FHDYO arxivi elektronlashtirilgan bo‘lishi kerak-ku! Garchi elektronlashtirilgan bo‘lsa, xizmatni 150 ming so‘m emas, 11 205 so‘m 75 tiyin evaziga bajarib bersa bo‘lmaydimi? 150 ming so‘m “qonuniy” korrupsiya emasmi aslida?

Yana bir muammo. davxizmat.uz saytida ushbu ma’lumotnomani olish muddati uch ish kuni deb ko‘rsatilgan. Nega unda kasbdoshimga operator 5 ish kuni deya aytgan? 15 sentabr – seshanba kuni to‘ldirilgan so‘rovnoma qonunda ko‘rsatilganiday 18 sentabr – juma kuni tayyor bo‘lishi kerak edi. Xizmatchi esa mijozga ma’lumotnomangiz dushanba kuni – 21 sentabrga tayyor bo‘ladi degan. Olingan ma’lumotnomada “Hujjat yaratilgan sana: 2020-09-19” ko‘rsatilgan. Ya’ni, hujjat shanba kuni tayyor bo‘lgan. Shanba kuni esa davlat xizmatlari markazlari ishlamaydi. Ana, xolos.

Endi tasavvur qiling, O‘zbekistonda 34 million aholi bor. Ularning o‘n foizi shu xizmatdan foydalandi deylik. Ularning har biridan 5500 so‘mdan ortiqcha pul olib qolinsa, bu qancha pul bo‘ladi? Yana kalkulyatorni yordamga chaqiraman: 18700000000 so‘m. O‘h-ho‘! Bu pulga necha-necha maktabni noldan qursa bo‘ladi? Mayli, 150 ming so‘mdan hisoblamay qo‘ya qolaylik. Kalkulyator xonalariga sig‘may qolishi mumkin. Hay-hay, deya shaytonga hay beraman.

Tizim yaratildi, bo‘shliqlar to‘ldirilmoqda
Korrupsiyalashgan davlatni qora bo‘yoqqa bo‘yalgan shisha idishga o‘xshataman. Ichkarida qancha qing‘irlik qilsangiz ham bu tashqariga ko‘rinmaydi. Keyingi yillarda O‘zbekistonda siyosiy vaziyat yangilangach shishaning qalinlashib ketgan bo‘yoqlari ko‘cha boshladi. Tirqishlar paydo bo‘lgach, jamoatchilik, OAV korrupsiya haqida qo‘rqmasdan gapiryapti. Ammo manfaatdor tomonlar shishani yana qora bo‘yoqqa bo‘yamoqda. Bunga qarshi kurashish uchun esa aholining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan toqatsizlikni shakllantirish zarur. “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning 16-moddasida ham bu haqda yozilgan.

Bugun O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi tizim yaratildi. Endi poraxo‘rlarni jazolovchi qonunchilikni kuchaytirib borish lozim. Undan keyin amaliyotga o‘tsa bo‘ladi. Katta lavozimdagi amaldordan to kichik xodimgacha bu qonunchilik bir xil ishlasin, korrupsiyani bizda ham juda kamaytirib yuborsa bo‘ladi.

Xo‘sh, nima qilmoq kerak?
Modomiki, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash boshlangan ekan, bu sohada hali qiladigan ishlarimiz juda ko‘p. Korrupsiya keltirib chiqaruvchi, monopoliyaga sharoit yaratib bergan, xalq manfaatlariga zid barcha qoida, qarorlar, qonunlar va hujjatlarni tezlik bilan o‘zgartirish kerak. Korrupsiya mamlakatni muvaffaqiyatli rivojlanishiga halaqit beruvchi xavf, deya e’lon qilinishi zarur. Natijada “halollik vaksinasi” bilan emlangan, “halol va pulga uchmaydigan” amaldor bo‘lish jamiyatda me’yorga aylansin. Bu me’yorgan chetga chiqish qoralansin va chetga chiqqanlar keskin jazolansin.

Budjetga kelayotgan har bir so‘m tiyin-tiyinigacha hisoblanib, davlat g‘aznasiga yetib kelishini ta’minlansin. Budjetdan chiqayotgan har bir so‘m yo‘lda kimningdir qo‘lida qolib ketmasin, qabul qilib oluvchiga yetib borsin. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligiga juda katta vakolatlarni berish kerak.

Masalan, ular korrupsiyada gumon qilinayotgan mansabdor shaxsni sud qarorini kutmasdanoq qo‘lga olsin va tintuv o‘tkazsin, bank hisob raqami va ulush aktivlarini tekshirsin, davlatning istalgan fuqarosini javobgarlikka tortsin va xohlagan guvohlarini so‘roqqa chaqira olsin. Mamlakatda ildiz otib ketgan murojaatlarning bir tashkilotdan ikkinchisiga “to‘p” qilib “tepish” mexanizmini yo‘qotish kerak.

Allohdan qo‘rqsak, uning aytganini qilamiz
Yana bir muammo. Termiz davlat universiteti rektori, senator Abduqodir Toshqulov 2019 yil iyun oyida Xalqaro Press-klub sessiyalaridan birida ta’lim sohasidagi adolatsizlik va korrupsiyaning tub ildizlariga doir fikrlarini aytdi. U: “Biz yuz yil davomida oliy ta’limdan Islomni, halol bilan haromni sug‘urib oldik. Biz Gyoteni o‘rgatdik, lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarini aytishga cho‘chidik. Biz Islom ma’rifatini faqat imom domlalardan olishsin”, deb afsus bilan gapirdi.

Endi xalq va davlat mulkini korrupsiya yo‘li bilan jamg‘arayotgan amaldorlar ham, bolalarini nopok yo‘l bilan boqayotgan amalsizlar ham bu haqda chuqur o‘ylab ko‘rsa, halollik yurtdagi har bir odamning hayot tarziga singib ketsa, biz o‘shanda “halollik vaksinasi” bilan emlangan jamiyat, halol O‘zbekistonni qura olardik. Zero Muqaddas Islom dinimizning ham qat’iy hukmi bor: “Pora olgan ham, uni bergan ham do‘zaxiydir”.

Manba: Xabar.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)