13:13 / 06.12.2020
3 163

Rossiya O‘zbekistondan quritilgan o‘rik olib kirishga taqiq qo‘ymaydi

Rossiya O‘zbekistondan quritilgan o‘rik olib kirishga taqiq qo‘ymaydi
Foto: «Dropi.ru»
O‘zbekistondan Rossiyaga yetib borgan 1 tonna quritilgan o‘rik orasida karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan zararli organizm — kapr qo‘ng‘izi (Trogoderma granarium Ev.) aniqlangandi. Shundan so‘ng, Rossiya veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati O‘zbekistondan quritilgan mevalar va yong‘oqlarni olib kirishni taqiqlash huquqini o‘zida saqlab qolishini ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, zararli organizm lichinkasi 1 kilogramm mahsulotda 2 dona miqdorida topilgan, bu partiyaning jiddiy zararlanganligini ko‘rsatadi. Ushbu partiya Rossiya fitosanitariya talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi o‘zbekcha sertifikat bilan Rossiyaga olib kirilgan.

«O‘zdavkarantin» axborot xizmatining xabar berishicha, mazkur holat yuzasidan O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi rahbariyati «Rosselxoznadzor» karantin xizmati rahbariyati bilan tezkor ravishda onlayn muzokaralar olib borgan.

Rossiya tomonidan yuborilgan fotosuratlar Markaziy karantin laboratoriyasi xodimlari ishtirokida tekshirilib, ko‘rsatilgan mazkur karantin ob’ekti aynan kapr qo‘ng‘izi emas, balki O‘rta Osiyo va Rossiyada tarqalgan trogoderma oilasiga mansub boshqa qo‘ng‘iz ekanligi taxmin qilinmoqda.

Ma’lum qilinishicha, onlayn muzokaralar davomida Rossiya tomonidan quritilgan o‘rik mahsuloti uchun taqiq qo‘yilmaslikka kelishilib, faqatgina mahsulot yuklangan eksporter korxonaga nisbatan fitosanitar choralar ko‘rilishi haqida ahdlashuvga erishilgan.

Ma’lumotga ko‘ra, ushbu tadbirkor Rossiyadan quritilgan o‘rik mahsulotining eski hosilini yuklash bo‘yicha buyurtma olgan. Eksport sig‘imini to‘ldirish maqsadida hududdagi dehqon bozorlaridan eski hosillarning qoldiqlarini turli joylardan to‘plab, mahsulot yig‘gan.

Inspeksiyaning ma’lum qilishicha, bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida mamlakatning barcha hududlaridagi omborxonalar va binolarda, shu jumladan, quritilgan mahsulotlar saqlanadigan korxona sig‘imlarida qayta tekshiruv tadbirlari amalga oshirilib, zararsizlantirish fitosanitar choralari olib borilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rossiya O‘zbekistondan quritilgan o‘rik olib kirishga taqiq qo‘ymaydi