17:30 / 09.12.2020
6 202

Qonun ustuvorligini ta’minlash borasida sud-huquq tizimida amalga oshirilgan islohatlar

Qonun ustuvorligini ta’minlash borasida sud-huquq tizimida amalga oshirilgan islohatlar
So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq sohasi va inson huquqlarini himoya qilish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.
2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ijrosi yuzasidan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi va erkinligini ta’minlash, odil sudlovning sifati va shaffofligini oshirish, “Xabeas korpus” institutini qo‘llashni kengaytirishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Xususan:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq
va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4850-sonli Farmoni bilan
2017 yilning 1 aprelidan jinoyat, jinoyat-protsessual, fuqarolik protsessual va boshqa qonun hujjatlariga odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator muhim o‘zgartirishlar kiritildi.

Jumladan, qamoq tarzidagi jinoiy jazo turi tugatildi, jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga, qamoqqa olish va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llashning, shuningdek jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergovning eng ko‘p muddatlari 1 yildan 7 oyga qisqartirildi. Shuningdek, jinoyat ishini qo‘shimcha tergov yuritish uchun qaytarish instituti bekor qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 4 aprelda “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.

Mazkur Qonun bilan Jinoyat kodeksining 2301-moddasi “Dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish)” va 2302-moddasi “Tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish (qalbakilashtirish)” kiritildi va turli tazyiqlar ostida olingan ko‘rsatmalardan dalil sifatida foydalanishga chek qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 yanvardagi “Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
PQ-4096-sonli Qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzurida Sudyalar oliy maktabi tashkil etildi.
Qarorga muvofiq sudyalik lavozimlariga 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab faqat sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kurslarida o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslar tayinlanishi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6034-sonli Farmoni bilan 2021 yil 1 yanvardan boshlab sudda ishlarni ko‘rishda inson huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va taraflarning tortishuvchanlik tamoyilini amalda ro‘yobga chiqarish maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda dastlabki eshituv institutini joriy etish, prokuror tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori bo‘yicha ishlarni, ushbu ishlar yuzasidan taraflar murojaati mavjud bo‘lgan holdagina, suddan chaqirib olib o‘rganish, davlat ayblovchisi ayblovdan voz kechgan taqdirda reabilitatsiya asoslariga ko‘ra jinoyat ishini tugatish, sudlarda boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qo‘zg‘atilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning ko‘rilishida prokuror o‘z tashabbusi bilan ishtirok etishini istisno etiganligi (qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari), “bir sud – bir instansiya” tamoyilini joriy etish va shu bilan bog‘liq sud tizimida bir qator tashkiliy-tuzilmaviy o‘zgarishlarni amalga oshirish belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 avgustdagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-6041-sonli Farmoni bilan tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar xodimlari tomonidan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchidan ariza, tushuntirish yoki ko‘rsatuvlar olishni mazkur jinoyat ishi yurituvida bo‘lgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudyaning yozma ruxsatiga asosan va faqat himoyachi ishtirokida amalga oshirish, o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarga oid ishlar bo‘yicha, shuningdek, shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilayotganda himoyachining ishtirok etishi shartligini belgilash va boshqa bir qator tartiblar belgilandi.

Shuningdek, mazkur Farmon bilan shaxsga e’lon qilingan ayblov, jinoyat ishi sudning qaysi instansiyasida ko‘rilayotganligidan qat’i nazar, yarashuv instituti doirasiga tushadigan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining moddasi yoki qismiga o‘zgartirilgan hollarda yarashuv institutini qo‘llash tartibini hamda jinoyat ishini sudga qadar yuritish bosqichida guvoh va jabrlanuvchini og‘ir kasalligi yoki uzoq muddatga chet davlatga chiqib ketish zarurati tufayli kechroq so‘roq qilish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, ularning ko‘rsatuvlarini gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh, prokuror yoki advokatning iltimosnomasiga ko‘ra sud tomonidan taraflarning ishtirokida oldindan mustahkamlab qo‘yish (deponirovaniye) tartibini joriy qilindi.

O‘z navbatida, ushbu Farmonda aybiga iqrorlik bo‘yicha kelishuv institutini joriy qilindi. Bunda, ayrim jinoyatlar toifalari bo‘yicha shaxs aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan hollarda surishtiruv va dastlabki tergov organlari bilan yozma kelishuv tuzilishi hamda unga nisbatan sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning yarmidan ko‘p bo‘lmagan miqdori yoki muddatigacha jazo tayinlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

2020 yil 7 dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-6127-sonli Farmoni bilan 2021 yil 1 fevraldan ilk bor sudyalik lavozimiga nomzodlarni tanlash bo‘yicha imtihon jarayonlari internet tarmog‘i orqali onlayn tarzda yoritib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, mazkur hujjatga ko‘ra, sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti bo‘yicha kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi elektron dasturi va sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashning aniq mezonlari ishlab chiqilib, amaliyotga tadbiq etiladi hamda sudyalar Oliy kengashi tuzilmasida Sudyalar daxlsizligini va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha sud inspeksiyasi tuzilmoqda.

O‘tgan to‘rt yil davomida sud-huquq islohotlari sohasidagi yuqorida ko‘rsatilgan tub o‘zgarishlar bugungi kunda o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Xususan, nohaq ayblangan 2,3 mingga yaqin kishi oqlandi, adashib jinoyat yo‘liga kirib qolgani sababli ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinishi mumkin bo‘lgan 3,5 mingdan ortiq yoshlar va xotin-qizlarga mahalla va jamoatchilik kafilliklari asosida yengilroq jazolar tayinlanib, o‘z oilalari bag‘rida qoldirildi.

Takliflar
Sud-huquq islohatlarini takomilashtirish maqsadida xorijiy davlatlar (AQSh, Germaniya, Rossiya Federatsiyasi) tajribasidan kelib chiqqan holda sudlarning mustaqilligini to‘liq ta’minlashga erishish hamda qonunchiligimizda mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha quyidagi takliflar ilgari suriladi.
- sudlarda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, fuqarolarga interfaol huquqiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada oshirish maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni kengroq joriy qilish, sud qarorlarini elektron tarzda yetkazish, har bir tuman, shahar sudlarida o‘zining veb-saytlarini yaratish;
- sudlarning mustaqilligini ta’minlash va ularning maqomini oshirish maqsadida “Sudyalar maqomi to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish;
- sudlarning ijro hokimiyati organlari va boshqa idoralarning mansabdor shaxslari har qanday holatda tashqi ta’sir o‘tkazmasligini belgilovchi qoidalarni nazarda tutuvchi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish;
- sud raislarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida axborot berishi o‘rniga, har bir viloyat sudlarida tashkil etiladigan veb-saytlar orqali sud faoliyatiga doir axborotlarni davriy ravishda muntazam e’lon qilib borish amaliyotini joriy etish taklif etiladi.

Otabe Toshev,
Ravshan Nurmatov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
mas’ul xodimlari

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qonun ustuvorligini ta’minlash borasida sud-huquq tizimida amalga oshirilgan islohatlar