12:11 / 11.12.2020
2 571

Kusherbayev «snos»lar bilan bog‘liq muammolarni yechish uchun moratoriy e’lon qilishni taklif etdi

Kusherbayev «snos»lar bilan bog‘liq muammolarni yechish uchun moratoriy e’lon qilishni taklif etdi
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev mamlakatda xususiy mulk ob’ektlarining hokimiyat organlari tomonidan buzilishi va bo‘shagan yerlarni olib qo‘yish bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun buzish ishlariga moratoriy e’lon qilishni taklif etdi.

Deputatning qayd etishicha, buzilgan ob’ektlar uchun kompensatsiyani qoplashga mablag‘ bor yoki yo‘q ekanligiga qaramay «ura-ura»chilik oqibatida qisqa vaqt ichida qo‘plab xususiy mulklarga zarar yetkazildi, ayrimlarda xususiy mulk daxlsizligiga bo‘lgan ishonch sindi va sinmoqda.

«Bugun esa yetkazilgan zararlarni qoplash o‘lganning ustiga tepgandek ko‘pgina rejalarning to‘xtab qolishiga ham sabab bo‘lyapti. Ayniqsa, rivojlanishning asosiy kafolati bo‘lgan investitsiya jalb etish masalasi hammasidan ham xavotirli.

Birovning peshona teri bilan qurgan joyini asossiz, roziliksiz buzishni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Bunga yo‘l qo‘yish zulm bilan barobar, zulm esa yomon
», — deb yozdi Rasul Kusherbayev.

Rasul Kusherbayevning fikricha, investitsiya jalb etishda xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash eng muhim talab ekanligi va asosiy ish o‘rni yaratuvchilar, soliq to‘lovchilar ham xususiy mulk egalari bo‘lgan tadbirkorlar hissasiga to‘g‘ri kelishini inobatga olinsa, aynan «snos» masalasida ma’lum muddatga moratoriy e’lon qilish ayni paytda muammoni yechishning to‘g‘ri yo‘li hisoblanadi.

Uning qayd etishicha, moratoriy bo‘lmas ekan, joylar alohida guruhlarning manfaati uchun buzilishi, yerlarning asossiz olib qo‘yilishi davom etishi mumkin.

«‘Snos’ga qarshi moratoriy ayrim joylarda xususiy mulk daxlsizligi nima ekanligini tushunmaydigan, Konstitutsiya va qonunlardagi talablardan chuqur xabardor bo‘lmagan faol ‘ijrochi’larning qayernidir buzib, yerni olib qo‘yaman, degan fikridan voz kechib, shu yurt kelajagi uchun o‘z harakatlarini o‘ylab ko‘rishga undagan, fuqarolarda esa ishonch uyg‘otib, investitsiya ishtiyoqini oshirgan bo‘lar edi.

Biz nafaqat qog‘ozda, balki amalda ham xususiy mulk daxlsizligi ta’minlangan, turmushi farovon, Konstitutsiyasi ustuvor jamiyatda yashashni istaymiz xolos
», — deya fikr bildirgan deputat.

Kusherbayevning ma’lum qilishicha, 18 dekabr kuni soat 15:00 da Uchtepa tumanlararo sudida «snos» bilan bog‘liq yana bir sud ishi ko‘rib chiqiladi.

Fuqaro S.Nogay Shayxontohur tumanidagi Navoiy ko‘chasida joylashgan 125 kvadrat metr do‘koni buzib tashlanganligi uchun Toshkent shahar hokimiyatidan 1,2 milliard so‘m zarar undirishni so‘ramoqda. Ishni sobiq deputat, ayni paytda fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudi sudyasi N.Murodov ko‘rib chiqishi belgilangan.

«Bunday ishlarni ko‘rib chiqish oson emas. Ayniqsa, haligacha ijro hokimiyati tizimida har qanday hokimiyatga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatlari saqlanib qolayotgan bir paytda katta miqdordagi mablag‘ni fuqaroga undirib berish masalasini hal etish sudyadan ham professional bilim, malaka va jur’at talab qiladi.

Biroq nima bo‘lganda ham biz jarayonning ta’sirlardan xoli, mustaqil va adolatli hal etilishi tarafdorimiz va voqealar rivojini kutamiz
», — deya qo‘shimcha qilgan deputat.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kusherbayev «snos»lar bilan bog‘liq muammolarni yechish uchun moratoriy e’lon qilishni taklif etdi