17:15 / 12.12.2020
2 017

Daholikni da’vo qilish kasallik belgisi bo‘lishi mumkin — Mutaxassis

Daholikni da’vo qilish kasallik belgisi bo‘lishi mumkin — Mutaxassis
Biz odatda o‘zini boshqalarga nisbatan aqlliroq, tarbiyaliroq va madaniyatliroq deb o‘ylaydigan kishilarni shunchaki maqtanchoq, o‘ziga bino qo‘ygan kimsa deb bilamiz. Aslida bu toifa kishilarning hammasi ham yomon tarbiyasi yoki tabiatan maqtanchoq bo‘lgani sababli bunday yo‘l tutmaydi. Zamonaviy tibbiyot bunday holatni megalomaniya — ruhiyat buzilishining bir turi ekanini ta’kidlaydi. Xo‘sh, bu o‘zi qanday kasallik, o‘ziga xos belgilari va davolash usullari qanday? CCV Matbuot xizmatining savollariga tibbiyot fanlari doktori, professor Ulug‘bek Alimov javob berdi.

— Megalomaniya kasalligi qanday xastalik?
— Megalomaniya — vasvasa, ruhiy kasallik belgisidir. Bunda bemor o‘ziga, imkoniyatiga, aql-idrokiga va qobiliyatiga haddan ziyod yuqori baho beradi. Psixiatriya fanida unga alohida kasallik sifatida qaralmaydi. U ruhiy kasallik bilan bog‘liq psixopatologik holatning alomati sifatida baholanadi. Ko‘pincha megalomaniya shizofreniya, affektiv psixoz, alkogolizm va boshqa ruhiy kasalliklarda uchraydi.

— Megalomaniyaning kelib chiqish sabablari nimadan iborat?
— Birinchidan, bu — irsiy moslashuvdir. Agar ota-onalardan biri shu kabi kasallikdan azob cheksa, farzand ham shu kasallikka chalinishining ehtimoli yuqori bo‘ladi. Ikkinchidan, bu kasallik spirtli ichimliklarni ko‘p iste’mol qiladigan yoki giyohvandlik moddalariga bog‘lanib qolganlarda ham uchraydi.

Eslatib o‘tamiz, hatto odatdagidek yuqori darajadagi o‘zini o‘zi hurmat qilish ham jiddiy ruhiy buzilishga sabab bo‘lishi mumkin. Ya’ni insonning o‘ziga nisbatan haddan ziyod izzattalablik qilishi, shu bilan birga kuchli stressli vaziyat, ruhiy zarba ham ushbu xastalikka sabab bo‘ladi.

— Kasallikning klinik belgilari qanday?
— Megalomaniya psixiatriyada «ulug‘lik va boylik vasvasasi» deyiladi va ko‘tarinki kayfiyat fonida shakllanadi. Bemor o‘zini eng buyuk ulug‘ va butun dunyo ustidan hukmron deb biladi. Boylik vasvasasida esa bemorlar o‘zlarini eng boy, hech tuganmas va o‘lmas boylik oltin, qimmatbaho buyumlar egasi, millionerlarni o‘z oldida qashshoq deb hisoblaydilar. Boshqa bemorlar esa ko‘p mamlakat tillarini bilishi, bir vaqtning o‘zida bir nechta dorilfununni bitirganliklarini va ularni chet elga ishga taklif qilishganini aytishadi.

Bu vasvasaga ixtirochilik va reformatorlik vasvasasi yaqin, bunda bemor o‘zini buyuk kashfiyotchi, ko‘p yangiliklar muallifi deb hisoblaydi. Bemor u yasagan asbob-uskunalar bilan butun yer shari iqlimini o‘zgartirishi mumkinligini aytadi. Bunday bemorlar katta faollikka ega bo‘lib, kitoblar (maqola) yozib chizmalar chizishadi. Tan olinishiga erishish uchun davlat tashkilotlari va xalqaro tashkilotlarga murojaat qiladilar.

Shuningdek, bemorlar o‘zini kerakli shaxs ekanini ta’kidlab, ruhiy va jismoniy imkoniyatlarini haddan ortiq baholaydi. Ularning kayfiyati tez o‘zgaradi va boshqalarning fikri bilan qiziqmaydi. Aksincha, o‘zgalarning munosabatiga agressiv munosabatda bo‘ladi. Lo‘nda qilib aytganda, faqat o‘zining g‘oyalari va fikrlariga tayanadi. Qolaversa, bemor uyqusizlikdan aziyat chekadi.

— Megalomaniyani qanday davolash usullari mavjud?
— Tashxis qo‘yish uchun bemor shifokor tomonidan suhbat o‘tkazilishi va kuzatuvda bo‘lishi lozim. Psixologik testlar va boshqa tegishli diagnostik tekshiruv usullari o‘tkaziladi. Bundan tashqari, shifokor bemorning qarindoshlaridan ob’ektiv ma’lumot olishi kerak.

Bunday bemorlar maxsus sharoitda, tibbiy xodimlar nazorati ostida davolanishi lozim. Ularga ayrim dorilar va maxsus psixoterapiyani tavsiya etish mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)