18:30 / 12.12.2020
3 102

Vaziyat barqarorlashguncha, o‘zimizni asrashimiz zarur

Vaziyat barqarorlashguncha, o‘zimizni asrashimiz zarur
Dunyo aholisini qiynayotgan COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlarini oldini olish bugun global tus olgani barchamizga ayon. Tibbiyot sohasi olimlari, biologlar uzoq izlanishlardan so‘ng mazkur kasallikka qarshi dori vositasini ishlab chiqdilar.

Ayni paytda O‘zbekistonda Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi dori vositasini sinab ko‘rish bo‘yicha amaliy jarayonlar boshlangani sir emas. Ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizga «Sputnik V» vaksinasi olib kelingani haqidagi xabar fuqarolar tomonidan keng muhokama qilinmoqda.

Ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan masala shuki, endi ushbu vaksina qaysi toifadagi fuqarolarda sinovdan o‘tkaziladi, vaksina uchun xarajatlar qaysi manbalar orqali amalga oshiriladi, uning samaradorligi odatiy hayotga qaytish imkonini beradimi? Koronavirus hamon jiddiy xavf bo‘lib turibdi, ammo u keltirib chiqaradigan kasallik – Covid-19dan bizni himoya qila olishi tasdiqlangan vaksina yo‘q, degan fikrlar ham uchrab turibdi.

Bu vaziyatda fuqarolar bosiqlikni saqlagan holda mutasaddilar va mutaxassislar tavsiyalariga amal qilgan holda munosabat bilan vaziyatni kuzatib borsalar maqsadga muvofiq, albatta. Vaksina ishlab chiqildi, endi bemalol nafas olish mumkin qabilida beparvolik kayfiyatida yurish ham yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi mumkin.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, “Sputnik V” uchinchi bosqichda 40 mingta ko‘ngillida sinab ko‘rilgan. Ularning 20 mingdan ortig‘iga birinchi doza berilgan. 16 mingdan ziyodi esa, har ikki dozani ham olib bo‘lishgan. “Sputnik V” vaksinasi sinalgan 16 ming ko‘ngillining bor-yo‘g‘i 20 tasida Covid-19 qayd etilgan. Shuni yodda tutish kerakki, immun tizimida og‘ir surunkali kasalliklari bor bemorlar o‘z sog‘liqlarini ehtiyot qilishlari juda muhim.

Oddiy hayotga qaytishni istayotgan, hadik va qo‘rquv ichida yashashdan bezgan odamlar har qanday umid uchquniga ijobiy munosabat bildirishi tabiiy.

Vaksinaning mamlakatimizga kirib kelgani ijobiy holat. Lekin bu jarayon batamom so‘nggi chora emasligini yodda tutish muhimdir. Chunki, klinik sinovlarning uchinchi bosqichi yakunlangandan so‘ng aholini emlash bosqichlari boshlanadi. Bu jarayonda albatta, vaksinaga qarshi ko‘rsatmalarni hisobga olish zarur.

Bundan tashqari, mamlakatimizga kirib kelayotgan vaksinalarning shaffof va adolatli taqsimlanishiga erishishda jamoatchilik nazoratini nazardan chetda qoldirmaslik zarur. Zero, xalq boshiga kulfat kelganda vaziyatdan foydalanib qoluvchi kimsalarning paydo bo‘lib qolishi ehtimoldan holi emas.

Eng muhimi, tibbiy tavsiyalarga amal qilib, to‘g‘ri ovqatlanish, tozalikka rioya qilgan holda jismoniy mashqlar bilan o‘z sog‘lig‘imizni asrashga samaraliroq hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

Nodir JUMAYEV,
iqtisod fanlari doktori, professor

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Vaziyat barqarorlashguncha, o‘zimizni asrashimiz zarur