18:06 / 15.12.2020
4 254

«So‘x voqealari»da ayblanayotganlar tergov jarayonida qiynoqqa solinganini aytishmoqda

«So‘x voqealari»da ayblanayotganlar tergov jarayonida qiynoqqa solinganini aytishmoqda
Foto: «Kun.uz»
Shu kunlarda jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida «So‘x voqealari» bo‘yicha ayblanayotgan 22 nafar shaxsning «ishi» ko‘rib chiqilmoqda. Kecha bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudlanuvchilar Bahodirjon Shodiyev, Yodgorjon Jo‘rayev, Shoxzod Maxmadaliyev, Zaylobidin Zaylobov hamda Shoxrombek Olimovning ko‘rsatmalari tinglandi, deb xabar bermoqda «Kun.uz» nashri.

E’tiborlisi, sudlanuvchilar e’lon qilingan ayblovlarga iqror bo‘lishmagan, shuningdek, barchasi o‘zlariga nisbatan tergov paytida qiynoq qo‘llanganini bildirishgan.

Xususan, sudlanuvchi Bahodirjon Shodiyev: Chashmadagi janjalda qatnashmagani, tergov paytida boshiga qop kiydirilib, belidan pastki qismiga qattiq urishgani natijasida bir hafta yura olmay qolgani, (tergov jarayonida) hech kim bilan yuzlashtirilmaganini ta’kidladi.

Sudlanuvchi Yodgorjon Jo‘rayev esa 31 may kuni onasining qon bosimi oshib, kasalxonaga tushgani, uni ko‘rgani borgan paytda o‘sha yerdagi ommaviy tartibsizliklarda qatnashgani aytib, olib ketishganini bayon qildi. Unga ko‘ra, IIB xodimlari uning qarindoshi Savriddin Jo‘rayevni urib jag‘ini sindirishganini ham aytdi.

Yana bir sudlanuvchi Zaylobidin Zaylobov prokuratura binosida yuziga niqob taqqan shaxslar oyog‘iga urgani, kaltaklar zarbidan shokka tushib qolganini bildirdi. «...Tergov paytida 3 nafar kimsaning ism-familiyasini o‘qib «Shu kimsalarni taniyman deb qo‘l qo‘yib bersanggina uyingga ketasan, yo‘qsa uyingga ketmaysan», deyishdi. Men qanday mazmundagi ayblovga qo‘l qo‘yayotganimni bilmaganman. Qo‘rqqanimdan qo‘l qo‘yib berganman», deydi Z. Zaylobov.

Sudlanuvchi Shoxrombek Olimov 12 sentabr kuni tuman IIBga chaqirtirilgani, u yerda «31 may kuni qayerda eding?» deb yuzimga urishgani, o‘sha paytda uni urayotgan shaxsning sherigi «Ko‘karadigan joyiga urma», deganini bayon qilgan. «...Bu orada «Viloyat hokimiga tosh otgansan», deb yana urishdi. Ikki kishi navbat bilan kaltaklashdi. Ayblov varaqasini ko‘rsatishib, shuni ko‘chirib bersang, uyga ketasan deyishdi. Kaltak zarbidan shokka tushib qolgandim. «Qo‘l qo‘ymasang, podvalga tushasan», deb qo‘rqitishdi», deydi Sh Olimov.

Sud majlisi 18 dekabr kuni davom etadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «So‘x voqealari»da ayblanayotganlar tergov jarayonida qiynoqqa solinganini aytishmoqda