20:09 / 16.12.2020
2 502

Sodiq Safoyev Renessansning beshta asosiy omilini sanadi

Sodiq Safoyev Renessansning beshta asosiy omilini sanadi
Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi
O‘zbekistonda ko‘ndalang turgan muammolarni yechish o‘rniga ularni paysalga solish siyosatiga barham berildi, deb bayonot berdi Senat raisining birinchi o‘rinbosari. Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev mamlakatda Renessans – uyg‘onish davri zamirida yotuvchi asosiy omillarni sanab o‘tdi.

«Birinchidan, insoniyat ko‘rgan barcha Renessanslarga birdek xos bo‘lgan xususiyat – antropotsentrizmdir. Uyg‘onish davrlarining barchasida fan, ta’lim va madaniyat gumanistik g‘oyalarga tayangan holda dunyoviy xarakterga, ratsional mazmunga ega bo‘lgan. Ilmiy izlanishlar, madaniyat va fanda Hazrati Inson, uning hayoti va faoliyati, fikr va hissiyotlari, muammolari, umidlari gavdalantirilgan. Renessans inson ehtiyojlari, erkinliklari va huquqlarini ta’minlashdan boshlanadi.

Ikkinchidan, Markaziy Osiyodagi birinchi Renessans ma’rifatparvar Islom dini gullagan davrga to‘g‘ri keladi. O‘sha paytda fan va san’atning mislsiz yuksalishi ma’rifatga ixlos qo‘yish, fanga topinish bilan bog‘liq. Zero, «Alaq» surasining birinchi oyatidayoq «O‘qing. Sizni deb Parvardigoringiz insoniyatga qalamni o‘rgatdi. U o‘ta karamli Zotdir
», deyiladi.

Renessansning uchinchi omili o‘sha davr jamiyatida yuqori iqtidorli, ilmga intilgan, erkin fikr yurituvchi, davlat tomonidan e’zozlangan va rag‘batlantirilgan shaxslar yashagani bilan bog‘liq. Fan va innovatsiya har bir Renessansning poydevoridir. Bugun innovatsiya xohishga bog‘liq ixtiyoriy qaror emas. Innovatsiya bu – zarurat, davr talabi.

To‘rtinchidan, jamiyatda erkin fikr yuritish muhiti mavjud bo‘lgan. Ilmiy va madaniy asarlar jo‘shqin intellektual hayot, keskin bahslar hosilasidir. Ibn Sino, Beruniy kabi allomalar ilmiy hamjamiyat oldida eng qaltis savollarni berishdan hayiqishmagan. Ortodoksal qatlamlar bilan bahslasha olishgan. Zero, Renessans g‘oyalar xilma-xilligini talab qiladi.

Uyg‘onish davrining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatgan yana bir omil – dunyoga ochiqlik, tashqi aloqalarning keng qamrovligidir. Yirik makromintaqada mushtarak madaniyatlar, gumanitar makon vujudga kelgan. Buyuk ipak yo‘lidagi savdo aloqalari nafaqat tovar, balki madaniyatlar va fikr almashinuvida ham muhim rol o‘ynagan», – dedi Safoyev O‘zbekiston madaniy meros haftaligi doirasida o‘tkazilgan «O‘zbekiston madaniy boyligi – yangi Renessans poydevori» nomli IV Xalqaro kongressdagi nutqida.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, siyosatchi to‘rt yil avvalgi va hozirgi O‘zbekistonni solishtirgan.

«So‘nggi bir necha yil davomida kamdan-kam odam kutgan muhim hodisa ro‘y berdi. Dunyo siyosiy xaritasida yangi O‘zbekiston vujudga keldi. Avval sovet-totalitar tuzumi saqlanib qolgan oxirgi davlatlardan biri sifatida ta’riflangan, insoniyat tarixiy taraqqiyoti shoh ko‘chalaridan chetda qolib, iloji borishcha o‘zgarishlar, keskin islohotlardan voz kechgan davlat birdaniga dunyoda islohotlarning lideriga aylandi. Xalqlar miqyosida batamom o‘zbek qiyofasiga ega bo‘lgan O‘zbekiston paydo bo‘ldi.

Yangi mafkura yaratildi. Ko‘p yillar davomida mamlakat rivojiga to‘siq bo‘lgan dadilsizlik, sustkashlik, turg‘unlik, ko‘ndalang turgan muammolarni yechish o‘rniga ularni paysalga solish, ziddiyatlarni berkitish siyosatiga barham berildi. Hammamizning me’damizga tekkan «bosqichma-bosqich», «asta-sekin» degan gaplar unutilib, bugun jadallik bilan tub islohotlar olib borilmoqda. Ilgari deyarli bo‘lmagan ijtimoiy-siyosiy hayot paydo bo‘ldi
», – degan senator Sodiq Safoyev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sodiq Safoyev Renessansning beshta asosiy omilini sanadi