12:20 / 17.12.2020
2 905

Aholiga elektron xizmat ko‘rsatish sohasi takomillashtirilmoqda

Aholiga elektron xizmat ko‘rsatish sohasi takomillashtirilmoqda
So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatari sifatini oshirish hamda bu borada fuqarolarga qulayliklar yaratish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yaqinda Adliya vazirligi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz) joylashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va tadbirkorlarga yengilliklar yaratish hamda byurokratik to‘siqlarni tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni loyihasi bu yo‘nalishdagi navbatdagi muhim qadam hisoblanadi.

Ushbu farmon loyihasiga binoan 30 turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartib-taomillarini yanada soddalashtirish va ularni elektron shaklga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Xususan, xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun ariza-anketani Yagona interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish portali (YAIDXP) orqali yuborish, bunday murojaatni yuborishda uni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talabini bekor qilish ko‘zda tutilgan.

Elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talabini bekor qilinishi fuqarolar tomonidan masofadan turib ariza-anketani elektron murojaat orqali yuborish usulidan yanada faolroq foydalanishiga olib keladi. Chunki, hozir amalda bo‘lgan tartibga ko‘ra Elektron raqamli imzo kalitlarining sertifikatlarini olish uchun yuridik shaxslar, yuridik shaxs tashkil etmagan tadbirkorlik sub’ektlari bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi, jismoniy shaxslar esa 7 foizi miqdorida yig‘im to‘lashlari shart. Bu ham o‘z navbatida aholining davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanishning keng tarqalishiga to‘siq bo‘layotgan edi.

Shuningdek, xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish bo‘yicha davlat bojini faqat elektron tarzda to‘lash tartibi ham joriy qilinmoqda.

Bundan tashqari, ariza-anketada ariza beruvchining fotosuratini joylashtirish talabi bekor qilinib, murojaatchiga uning arizasi qabul qilingan vaqtda tegishli suratga tushirish va barmoq izlarini olish uchun ma’lumotlar yig‘ish punktiga tashrif buyurish vaqti ko‘rsatilgan yo‘llanma beriladi. Tayyor bo‘lgan xorijga chiqish biometrik pasporti fuqaroning ixtiyoriga ko‘ra uning yashash manziliga pochta aloqasi orqali yuborilishi mumkin. Xorijga chiqish biometrik pasportini fuqaroning hoxishiga ko‘ra yashash manziliga yetkazib berish tartibi nafaqat ayrim imkoniyati cheklangan insonlar, balki barcha uchun ham qo‘shimcha qulaylik yaratadi.

Farmon loyihasida shuningdek shahar yo‘lovchi transportida (taksidan tashqari) ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi yagona guvohnomalarni olish uchun Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish tartibini joriy etish belgilangan. Shu bilan birga guvohnomani QR-kod qo‘ygan holda rasmiylashtirish hisobiga dublikat taqdim etish amaliyoti ham tugatilmoqda.

Loyihada ishsiz fuqarolarning o‘zining ishsizligini e’lon qilishi va o‘ziga ma’qul kelgan ish joylarini izlab topishi uchun “Ish qidirayotgan va ishsiz shaxslarning ma’lumotlar portali” va uning mobil versiyasini ishlab chiqish belgilangan.

Portalga ishsiz fuqarolar mustaqil ravishda o‘zi haqidagi (yashash joyi, tug‘ilgan vaqti, joyi, ma’lumoti, ish staji, telefon raqami kabi) ma’lumotlarni kiritishlari mumkin, barcha vazirliklar, idoralar, tashkilotlar, hokimliklar, tadbirkorlik sub’ektlari ushbu ma’lumotlar bazasidan erkin foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Portalda ish qidirayotgan va ishsiz shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarni belgilangan tartibda ishga joylashtirish, ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishga doir har yilgi davlat buyurtmasini shakllantirib borish, zaruratga ko‘ra ularga ishsizlik nafaqasini to‘lash choralari ko‘riladi. Portal “Yagona mehnat milliy tizimi” bazasiga integratsiya qilinadi.

Xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish bo‘yicha murojaatlarni elektron shaklga o‘tkazish 2021 yil 1 fevraldan, shahar yo‘lovchilar transportida (taksidan tashqari) ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi yagona guvohnomalarni berish tartibini yengillashtirish 2021 yil sentabr hamda, ishsiz fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini rivojlantirish 2021 yil 1 iyundan joriy qilinishi belgilangan.

Xulosa qilib aytganda ushbu farmon loyihasi davlat xizmatlarini ko‘rsatish aholining manfaatlaridan kelib chiqib ularning davlat xizmatlaridan foydalanishda sarflayotgan vaqtini, xarajatlarini qisqartirish ko‘zda tutilgan.

Aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi sifatini oshirishga qaratilgan mazkur farmon loyihasi mamlakatimizda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan izchil islohatlarning uzviy davomi sifatida xizmat qiladi.

Sh.G‘ayibnazarov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
ma’sul xodimi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Aholiga elektron xizmat ko‘rsatish sohasi takomillashtirilmoqda