22:53 / 19.12.2020
3 049

Bosh prokuratura: Abdukarim Mirzayevning qo‘lga olinishida O‘zbekistonning aloqasi yo‘q

Bosh prokuratura: Abdukarim Mirzayevning qo‘lga olinishida O‘zbekistonning aloqasi yo‘q
Foto: «Kun.uz»
Taniqli jurnalist Abdukarim Mirzayev Turkiyada qamoqqa olingani haqida xabar berilgandi. Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda unga nisbatan qandaydir jinoiy ish ochilmagan va u qidiruvda emas. Bu haqda «Kun.uz» xabar qildi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning xabar qilishicha, O‘zbekiston tomoni shu kunlarda Turkiyada o‘zbekistonlik jurnalist Abdukarim Mirzayevning qo‘lga olinishiga aloqador emas.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Bosh prokuraturada Abdukarim Mirzayev bilan bog‘liq jinoiy ish mavjud emas, uning o‘zi ham qidiruvga berilmagan.
Ma’lumot uchun, jurnalist Abdukarim Mirzayev shubhali shaxslar bilan aloqadorlikda gumon qilinib, Istanbulda qo‘lga olingan. Uni mamlakatdan deportatsiya qilishlari mumkin.

Jurnalist hibsga olinishidan 10 kuncha oldin, aniqrog‘i 28 noyabr kuni kunduzgi 12:20-13:30 lar oralig‘ida oilaviy hordiq chiqarish va videolavha tasvirga olish maqsadida Istanbulning Marmara dengizi yoqasidagi Floria sohiliga chiqqanida zamonaviy kiyingan (shimda) to‘rt ayol (ikki nafari 35-40, ikki nafari 16-17 yoshlarda) ulardan telefon qilib olishni so‘ragani, shundan keyin Abdukarim Mirzayevning telefoniga turli raqamlardan erkaklar qo‘ng‘iroq qilgani, SMS xabarlari yozganini ta’kidladi. Ushbu voqeadan keyin yangi olingan mobil telefoni sekin ishlashni, qotib qolishni ham boshlagan.

10 dekabrdan 11 dekabrga o‘tar kechasi yarim oqshomda zirhli avtomobillarda kelgan qurollangan va harbiy libosdagi to‘rt kishi, shuningdek, fuqaro kiyimidagi shaxslar Abdukarim Mirzayevning uyiga kelib, tintuv o‘tkazgan. Ular uydan hech qanday shubhali narsa topa olmagan va qo‘shnilar guvohligida hujjatlarni rasmiylashtirib, jurnalistni olib ketishgan.

Keyingi kuni yollangan advokat u bilan uchrashgan, politsiyaga jurnalistning shubhali shaxslar bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini isbotlovchi dalil va hujjatlarni taqdim etgan. Shubha va gumonlar o‘z tasdig‘ini topmaganidan so‘ng uni mamlakatdan deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqarib, Migratsiya idorasining chet elliklarni saqlash bo‘limiga yuborishgan. Ayni vaqtda deportatsiya to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish, kuzatuvni to‘xtatish to‘g‘risidagi da’vo tayyorlanmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bosh prokuratura: Abdukarim Mirzayevning qo‘lga olinishida O‘zbekistonning aloqasi yo‘q