13:05 / 23.12.2020
2 394

Turk diplomati 2020 yil sinovlariga Mavlono Rumiydan javob topdi

Turk diplomati 2020 yil sinovlariga Mavlono Rumiydan javob topdi
Foto: AOKA. Elchi Mehmet Surayyo Er.
Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Er kirib kelayotgan yangi 2021 yil bilan qutlov yo‘lladi. Diplomat o‘z tabrigida mamlakatimiz ahliga «Ota yurtimiz O‘zbekistondagi aziz qardoshlarim» deya murojaat qilgan.

Elchi 2020 yil mamlakatlarimiz uchun ham, jahon davlatlari uchun ham og‘ir yil bo‘lganini ta’kidlar ekan, Turkiya hamda O‘zbekiston bir yoqadan bosh chiqarib COVID-19 pandemiyasi va boshqa jiddiy mushkulotlarni sabot ila yengib o‘tishiga ishonch bildirgan.

«Biz – qadimiy zaminda asrlar mobaynida yashab, o‘zligini asrab-avaylab kelayotgan qardosh ikki xalq sifatida tarixda insoniyat boshiga tushgan qanchadan-qancha musibatlarni birdamlik ruhida va g‘ayrat-shijoat bilan yengib o‘tgan ota-bobolarimizning avlodlarimiz. Bugungi qiyinchiliklarni ham bir-birimizga yelkadosh bo‘lib, donolik bilan, ilmu irfon va Qodir Ollohning yordami bilan ortda qoldirishimizga, bu yil biz unchalik ham his qilmagan baxt, sog‘liq-omonlik va tinchlik-xotirjamlik to‘la kunlarga yangi yilda muyassar bo‘lishimizga ishonaman», – degan Mehmet Surayya Er.

Diplomat mamlakatlarimiz o‘rtasida qardoshlik rishtalariga asoslangan strategik sheriklik aloqalari yanada rivojlanishini tilar ekan, turkiy dunyoning ulug‘ mutafakkiri Mavlono Jaloliddin Rumiyning necha asrlardan buyon bashariyat yo‘lini yoritib kelayotgan «Masnaviy» asaridan o‘rin olgan «Kelsa ma’yuslik, keyin ummid kelur, / Kecha kechgay, ortidin xurshid kelur» baytini yodga olgan. Elchi o‘z tabrigida Mavlononing ushbu o‘lmas asarini mahorat bilan tarjima qilgan O‘zbekiston xalq shoiri, atoqli mutarjim Jamol Kamolni ham ehtirom ila tilga olgan.

O‘zbekiston va Turkiya 2020 yil davomida pandemiyaga qarshi kurashda ham yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, joriy yil iyul oyida yurtimizga koronavirusga qarshi kurashda maslahatchi sifatida turkiyalik mutaxassislar guruhi tashrif buyurdi.

Bundan tashqari, Turkiya O‘zbekistonga 12,5 tonna insonparvarlik yordami hamda 50 dona sun’iy nafas oldirish uskunasi yubordi.

Eslatib o‘tamiz, Mehmet Surayyo Er 2018 yil dekabrda Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi vazifasiga tayinlangan. Bunga qadar u Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Turk diplomati 2020 yil sinovlariga Mavlono Rumiydan javob topdi