16:46 / 23.12.2020
4 955

Jahongir Otajonov musiqadan ketishi, so‘nggi ikki yillikdagi qiyinchiliklari haqida gapirdi (video)

Jahongir Otajonov musiqadan ketishi, so‘nggi ikki yillikdagi qiyinchiliklari haqida gapirdi (video)
Foto: «Daryo»
Musiqa olamini tark etgan Jahongir Otajonov «Daryo» internet-nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni «Daryo» muxbiri Feruz Muhammad tashkillashtirdi. Jahongir Otajonov suhbat davomida musiqa olamidan ketishining sababi, so‘nggi ikki yildagi qiyinchiliklari haqida gapirib berdi.

- "Avvalo Allohning irodasi, qismat. Musulmon jamiyatda tug‘ilganmiz, do‘stlarimiz orasida bizdan avval, bizdan keyin ibodat qilganlari bor. Maqtanish uchun emas, hozirda keyingi vaqtlardagi shart-sharoitlar bilan bu narsalar yengillashib ketdi. Ko‘pchilik namoz o‘qishni boshladi. Menga ham nasib etgan ekan.

Musiqachiligimizning nomaqbul joylari borligini aytib kelishar edi. Har bir yaratganni tanigan, o‘zini musulmon deb hisoblagan odam qalban nomaqbul joylari bo‘lsa, shu nomaqbulliklardan foydalanayotganimni vijdonan qabul qila olmaslik boshlandi. Bu holat oxirgi ikki yilda boshlangan.

Bir vaqtlar musiqachi edim, musiqani juda yaxshi ko‘rardim, chunki oilamiz shu kasbda edilar, shu muhitda o‘sganmiz. O‘zimni o‘zbek musiqasi olamida dunyoqarashim bor edi. Buning ustida sinov keldimi, musiqadan ketishni rejalashtirib yurgan vaqtimda, Yaratganning irodasi bilan ashulalarim ommalashib ketdi. Yigirma yil ijod qildim, ommalashgan ashulalarim ko‘p bo‘ldi, ammo bu darajada nima yozsam shu ommalashgan davr bo‘lmagan. Bu sinovmi, bilmadim.

Nafsim o‘zimga qarshi ishlashni boshladi. Ichimda dard paydo bo‘ldi. Nomaqbul bo‘lsa, «shu narsani oilamga olib ketyapmanmi?», deb o‘ylay boshladim. Baribir nomaqbul joylardan foydalangan vaqtlarimiz bo‘lganda. O‘zimga qarshi ikki yil yurdim.

«Qur’oni karim»da «inson intilganini oladi», deb aytilgan. Balki mening ham qalbimda shunga intilish bo‘lgandirki, yaratgan egam buni muhofaza qilib, bundan tortib, intilganimga erishtirdi. Ya’ni oxirgi ikki yil davomida kasbimni davom ettirmaslik niyatim bor edi. Bu menga 9 dekabrdan 10 dekabrga o‘tar kechasi shuni e’lon qilish nasib etdi.

Buni e’lon qilishimning sababi, hammaga birma-bir aytib chiqish uchun bir umr ham vaqt yetmasdi. Misol uchun yurtimiz aholisining 20 % meni taniydi desak ham, bu 7 million kishi bo‘lar ekan. Oldinda bayramlar, to‘ylar bor edi. Shu sababdan bu narsani e’lon qilib, sahifamda video murojaat qoldirdim.

Yigirma yil davomida ozmi-ko‘pmi taniqlilik, obro‘, kim uchundir yaxshi, kim uchundir nomaqbul san’atkor sifatida tanilib, shuning orqasidan orzu-havasimizning ham katta qismiga erishgan kasbimiz bilan xayrlashib, menga bundan keyin musiqachi sifatida murojaat qilmasliklarini, kasbimni ba’zi bir nuqtalari shariatan nomaqbul bo‘lgani uchun kasbim bilan xayrlashishni, Allohning xohishi bilan deb e’lon qoldirdim.

Kechqurun bomdodgacha uyqum kelmadi. Bomdodni o‘qib uxlab qoldim. Uyg‘onsam hamma joyda shu gap-so‘z ekan. Hech qanaqa qo‘rqinch, «endi nima qilaman», degan savollarga javob berishni Alloh menga ro‘baro qilmadi.

Hozirgacha ham nimalardandir qo‘rqib, zotan pul tomonlama, ya’ni to‘ylardan kelgan daromadim ham juda yaxshi edi. Buni tushungan tushunadi. Lekin Alloh menga shu narsani qildirdi, agar o‘zimga tashlab qo‘yganda bunday qila olmas edim.

Chunki ikki yil davomida nafsim bilan kurashib kelganman. «Noto‘g‘ri qilayotgan bo‘lsam bir kuni buni javobini berishim kerak bo‘ladi», deb yashadim.

Javobgarlikdan hozirgi kundagi «komfortim» ustun bo‘lib keldi. Ya’ni xalqning erkalashi, olqishlashi, mikrafonni bitta qaratsam butun zal ashulamni aytardi, moddiyat tomonlama ham xohlagan kiyiming yoki mashinang qancha narxda bo‘lsa ham ola olishim, dunyo lazzati uchun juda zo‘r holat edi.

Lekin farzand ko‘rdim baxtli bo‘ldim, ota-onam hayotlar, baxtliman, hamma narsam yetarli, bu dunyodan armonim yo‘q, Alloh to‘la-to‘kis baxtli inson qildi. Biroq shu oxirgi yashagan 10 kunning baxtiga u baxtlar teng kelmaydi. Oldin ham baxtli edim, muammo ko‘rmadim, zotan imkon qadar to‘g‘ri bo‘lib yashashga harakat qilganman, lekin shu 10 kunga teng kelmaydi.

San’atkor bo‘lmagan holda uyg‘onish juda bir yorug‘lik, ko‘z oldimda muammosiz, javobgarliksiz baxtli hayot boshlandi. Zotan baxtsiz emas edim, biroq shubha bilan yurardim", - deydi Jahongir Otajonov.

Ma’lumot uchun, Jahongir Otajonovning so‘nggi ikki yil ichida «Qaddi baland», «Jonim», «Jingalamo», «O‘ynasin» kabi video kliplari muxlislar orasida juda ommalashgan edi. Ushbu video kliplar YouTube tarmog‘ida umumiy hisobda 60 million marotaba tomosha qilingan edi. Jahongir Otajonov musiqa olamini tark etgandan so‘ng YouTube’dagi barcha konsert va video kliplarini o‘chirib tashladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jahongir Otajonov musiqadan ketishi, so‘nggi ikki yillikdagi qiyinchiliklari haqida gapirdi (video)