21:30 / 24.12.2020
2 954

R.Kusherbayev Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish masalasi haqida nimalar dedi?

R.Kusherbayev Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish masalasi haqida nimalar dedi?
Menimcha ochiq ishlayotgan ob’ektga nisbatan tanqidlar bo‘lishi tabiiy hol. Chunki ishlar ochiq ko‘ringani sayin undagi kamchilik va yutuqlar ham bilinadi, tahlil qilish, fikr yuritish imkoniyati oshadi.

So‘nggi yillarda parlament faoliyatiga doir bo‘layotgan tanqidlarni ham ochiqlikning oshib borishi natijasi, deb o‘ylayman. Lekin hali kamchiliklar ham yetarli.

Konstitutsiya masalasida aytishim mumkinki, parlament olti oy mobaynida, ya’ni olti oydan kech qolmay keng va har tomonlama muhokamani hisobga olgan holda Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishga doir qonunni qabul qilishi mumkin edi. Va Qonunchilik palatasi qabul qildi.

O‘zgartirishlar bo‘yicha o‘z o‘rnida joylarda muhokamalar bo‘ldi. Masalan, o‘zim ham Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahri va Chinoz tumanlarida odil sudlovni ta’minlash masalasidagi o‘rganishlarda kutilayotgan o‘zgartirishlar haqidagi tadbirlarda ishtirok etdim. Bunday uchrashuvlar parallel ravishda boshqa hududlarda ham olib borildi. Keng jamoatchilik qatoriga sudya, advokat, prokuror, tergovchi, hokimlik va mahalla faollari ham kirsa kerak.

Shunga qaramay tan olish kerak: men ham qonun loyihasi tashabbuskori tomonidan loyiha matni biror axborot resursida takliflar uchun muhokamaga qo‘yilganini ko‘rmadim.

Biroq bugun muammo bundamas. Masala shundaki, Prezidentning 2020 yil 24 iyuldagi «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan 2021 yilning 1 yanvaridan boshlab:

viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish;

ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlarini tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) ma’muriy sudlarini tugatish. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari saqlab qolinishi nazarda tutilgan.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bevosita Prezidentning ushbu Farmonidagi siyosiy irodasi va tashabbusi bilan bog‘liq. Va u 2020 yilning 24 iyulida qabul qilingan.

O‘z o‘rnida parlament Quyi palatasi tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, 1 yanvarga qadar Konstitutsiyada bu taklifni aks ettirishga harakat qildi.

Biroq Senat masalani haligacha ko‘rmadi. 1 yanvardan esa sudlar yangi tartib bo‘yicha ish boshlashi kerak, bunga doir qonunlar qabul qilindi, Konstitutsiya esa turibdi…

Xullas nomuvofiqlik bor, biroq «sir»li hech narsa yo‘q.

Rasul Kusherbayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » R.Kusherbayev Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish masalasi haqida nimalar dedi?