15:05 / 25.12.2020
1 050

Jinoyat-protsessual kodeksida nimalar va nega o‘zgarmoqda?

Jinoyat-protsessual kodeksida nimalar va nega o‘zgarmoqda?
Jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Makur qonun parlament palatalari tomonidan ma’qullandi.

Sudlar tomonidan chiqarilgan sud qarorlarining qonuniyligi, adolatliligi va asosliligini tekshirish vazifalarini bajaruvchi sud instansiyalari quyidagi ikki turdagi elementdan iborat: sudning qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarorlarini tekshirishni amalga oshiruvchi instansiyalar (apellyatsiya instansiyasi) va sudning qonuniy kuchga kirgan qarorlarini qayta ko‘rishni amalga oshiruvchi instansiyalar (kassatsiya va nazorat instansiyalari).

Sud hal qiluv qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirishning amaldagi tizimi tahlili shuni ko‘rsatadiki, nazorat tartibida ish yuritish o‘z vazifalari va vakolatlariga ko‘ra (JPKning 57-moddasi) kassatsiya tartibida ish yuritish bilan (JPK 56-moddasi) o‘xshashdir.
Bunday mexanizm, xalqaro hamjamiyat va fuqarolik jamiyatining sud instansiyalari soni ko‘pligi borasidagi ta’nalari va tanqidiga sabab bo‘lmoqda. Chunki kassatsiya tartibida tekshirish ham, nazorat tartibidagi tekshirish ham qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini tekshirishga qaratilgan.

Qayd etish lozimki, loyihani ishlab chiqish jarayonida Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston Respublikasi, Belarus, Ozarbayjon, Gruziya singari MDH davlatlari tajribasi o‘rganilgan. Bundan tashqari, Germaniya, Fransiya, Vengriya, Italiya, Yaponiya, Kanada, Koreya Respublikasi, Polsha va Chexiya davlatlarining jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rish masalasini tartibga solish tizimi ko‘rib chiqilgan.
O‘zgartish va qo‘shimchalar qanday?

Qonun bilan jinoyat protsessual kodeksiga o‘nga yaqin o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, surishtiruv, dastlabki tergovning to‘liq emasligini yoki jinoyat protsessual qonun normalarining jiddiy buzilishlarini bartaraf etish maqsadida, shuningdek, jinoiy javobgarlikka jalb etilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlangan taqdirda sudning harakatlariga taalluqli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilyapti.

Birinchi instansiya sudining hukmi va ajrimi ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish tartibi, muddatlarini, apellyatsiya shikoyatiga (protestga), uni to‘ldirish va qaytarib olishga qo‘yiladigan talablarni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilyapti. JPKning 497-13, 497-37-moddalar bilan to‘ldirib, ularda: sud majlisining predmeti, muddatlari, taraflarning ishtirok etishiga, ishni apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rish tartibiga, sud hukmini, ajrimini bekor qilish yoki o‘zgartirish asoslariga, apellyatsiya instansiyasi sudi huquqlarining chegarasiga nisbatan aniq tushuntirishlar berilgan.

Apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan qabul qilinadigan quyidagi qarorlarga, yangi vakolatlar bilan to‘ldirishga taalluqli aniq tushuntirishlar berilgan:
- hukmni bekor qilish va jinoyat ishini tugatish haqidagi;
- ayblov hukmini bekor qilish to‘g‘risidagi va ishni prokurorga qaytarish haqidagi;
- birinchi instansiya sudining hukmini, ajrimini yangi sud hal qiluv qarorini (hukmini) chiqargan holda bekor qilish to‘g‘risidagi;
- apellyatsiya tartibida ish yuritishni tugatish haqidagi.

Bundan tashqari, birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyatni (protestni) ko‘rib chiqish tartibi belgilangan.
Sudning hukmi va ajrimi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berishni tartibga solish uchun JPKning 498–504-moddalari sudning qarorlariga taalluqli aniqlashtirishlar bilan to‘ldirilyapti. Ushbu qarorlar qayta ko‘rilishi mumkin. Hukmlar va ajrimlarni qayta ko‘rish asoslari, jinoyat protsessi ishtirokchilarining sud hukmi, ajrimi ustidan shikoyat berish huquqlari, shikoyat (protest) berish tartibi va muddatlari, shuningdek, kassatsiya shikoyatining (protestning) mazmuniga taalluqli talablar aniqlashtirildi.

JPKning 56-1-bobini kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritish qoidalarini belgilovchi qo‘shimchalar kiritish. JPKning 505–509-14-moddalarida shikoyatlar (protestlar) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atlari tomonidan ko‘rib chiqilishini inobatga olgan holda kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritish tartibga solingan.

Kassatsiya instansiyasi sudining vakolatlari muddatlari, Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atlari tomonidan qabul qilinadigan protsessual hujjatlarning shakliga, mazmuniga qo‘yiladigan talablar belgilangan. Bundan tashqari, ishlarni kassatsiya instansiyasi sudida qayta ko‘rish hollari, tartibi belgilangan.

Bundan tashqari, nazorat tartibida ish yuritish instituti tugatilganligi munosabati bilan JPKning 57-bobi chiqarib tashlanib, amalda mavjud bo‘lgan Oliy sud sudyasining nazorat shikoyatini Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rib chiqish uchun o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi ajrim chiqarish vakolati bekor qilish belgilangan.

Yangi ochilgan holatlar tufayli jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritishni qaytadan boshlashning aniq qoidalari belgilovchi qo‘shimchalar kiritilyapti. Xususan, yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash to‘g‘risidagi iltimosni yoki xabarni ko‘rib chiqish huquqi Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga beriladi.

Mazkur qonun avvalo, fuqarolarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini beradigan tarzda sud qarorlarini qayta ko‘rish tartibini birlashtirishga, jamiyatning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, shuningdek, xalqaro standartlar normalarini milliy qonunchilikka iplementatsiya (moslashtirish) qilishga xizmat qiladi.

Jinoyat ishlari buyicha
Xatirchi tuman sudining raisi
S.Bo‘tayev
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)