18:13 / 25.12.2020
2 281

Yangi qonun bilan sudlar faoliyatiga oid nimalar o‘zgarmoqda?

Yangi qonun bilan sudlar faoliyatiga oid nimalar o‘zgarmoqda?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil 11 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni joriy 19 dekabr kuni Oliy Majlis Senati tomonidan ko‘rib chiqilib ma’qullandi, shuningdek, Senat tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslar, Iqtisodiy va Fuqarolik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlar ham ma’qullandi.

Bunda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni sud-huquq islohotlarining yangi bosqichini amalga oshirishning huquqiy asosini yaratdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan “bir sud - bir instansiya” tamoyilining ilgari surilishi sud qarorlarini qayta ko‘rish tizimida yillar davomida to‘planib kelingan muammolarning hal qilinishiga ayni muddao bo‘lib, ushbu tizimni tubdan ko‘rib chiqishga asos soldi, jumladan, xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi yaratiladi.

Amaldagi qonunchilik bo‘yicha to‘rt bosqichli sud instansiyalari, ya’ni birinchi, apellyatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyalari faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Amalga kiritilayotgan yangi Qonun bo‘yicha uch bosqichli sud tizimi quyidagicha tashkil etilishi nazarda tutilmoqda:
birinchi instansiya – tuman (shahar) sudlari, ayrim toifadagi murakkab ishlar bo‘yicha viloyat sudlari;
apellyatsiya instansiyasi – viloyat darajasidagi sudlar;
kassatsiya instansiyasi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi.
Qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishga asosan, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning e’tiroziga sabab bo‘layotgan nazorat instansiyasi to‘liq bekor qilinadi.

Sarsongarchiliklarni bartarf etish va fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida kiritilayotgan o‘zgartirishlarga asosan, viloyat va unga tenglashtirilgan jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etilmoqda, shuningdek, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’miuriy sudlari tashkil etilmoqda, shu sababli tuman (shahar) ma’muriy sudlari tugatilmoqda. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari saqlab qolinmoqda.

Ushbu Qonunni hayotga tadbiq etilishi natijasida, viloyat sudi tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan sud ishlari yuzasidan berilgan shikoyatlarni shu sudning o‘zi tomonidan yuqori instansiya sudi sifatida ko‘rilishi amaliyotiga barham beriladi, natijada shikoyat qilish institutining samaradorligi oshadi, viloyat sudlari (ular birinchi instansiyada murakkab ishlarni ham ko‘radi) asosan apellyatsiya sudi sifatida ixtisoslashgach, ularning ma’suliyati kuchaytirilib, sud qarorlarining sifatiga e’tibor qaratiladi va birinchi instansiya sudlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf qilinadi.

Nazorat tartibida ko‘rib chiqish institutining tugatilishi va kassatsiya tartibida ish yuritish uchinchi instansiya sudi sifatida belgilanishi natijasida sud qarorlarnining qonuniyligi, asosligi va adolatliligi bevosita undan norozi tomonning to‘g‘ridan-to‘g‘ri bergan shikoyati asosida ko‘rilishiga erishiladi.

Qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishga asosan, birinchi instansiya sudining hukmi va ajrimi ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish muddati 10 kundan 20 kunga, fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha apellyatsiya shikoyatlari berish muddatlari 20 kundan 1 oyga uzaytirilmoqda, kassatsiya tartibida shikoyat berish muddati esa amaldagi 6 oydan 1 yilga o‘zgartirilmoqda.

Bunda sud qarorlarining qayta ko‘rish masalasidagi xalqaro standartlar talablarini protsessual qonunchilikka implementatsiya qilinishiga, sud mustaqilligi, qonun ustuvorligi va odil sudlov samaradorligi bo‘yicha xalqaro reytinglarda mamlakatimiz nufuzi oshishiga xizmat qiladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Navbahor tuman sudining raisi
A.N.Ibodov

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yangi qonun bilan sudlar faoliyatiga oid nimalar o‘zgarmoqda?