14:23 / 31.12.2020
2 131

2021 yil inson huquq va erkinliklarini to‘laqonli kafolatlash yili bo‘ladi

2021 yil inson huquq va erkinliklarini to‘laqonli kafolatlash yili bo‘ladi
Davlatimiz rahbarining parlamentga Murojaatnomasida inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni yangi yilda ham izchil davom ettirish ta’kidlab o‘tildi. Natijada yangi yildan boshlab joriy etiladigan «bir sud – bir instansiya» tamoyili sud qarorlarining adolatli, qonuniy va barqarorligini ta’minlashda bosh mezon bo‘lib xizmat qiladi.

Yana bir muhim yangilik – investorlar huquqlarini munosib himoya qilish maqsadida Oliy sudda investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha maxsus sudlov tarkibi tashkil etiladi. Shu sabab endilikda yirik investorlar, o‘z xohishiga ko‘ra, nizoni hal qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sudga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Shu boisdan, sud tizimida raqamlashtirish yanada kengaytirilib, fuqarolarimizga sud binosiga kelib yurmasdan, onlayn tartibda murojaat qilish imkoniyati ishga tushiriladi. Fuqarolar o‘z arizalarini ko‘rib chiqish jarayonini masofadan turib kuzatib borishi mumkin bo‘ladi.

Jumladan, hozirgi kungacha viloyat sudlari chiqargan qaror ustidan berilgan shikoyatlar shu sudlarning o‘zida ko‘rib chiqilishi amaliyotini bekor qilish maqsadida kelgusi yildan boshlab, bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartirilishi aytib o‘tildi. Natijada, odil sudlovga xos bo‘lmagan ishlarni nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti bekor qilinadi.

Navbatdagi muhim masala – yangi yildan boshlab, fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat darajasidagi 3ta sud bitta sud sifatida birlashtiriladi. Bu yangilik aholi va tadbirkorlar tomonidan katta qulaylik sifatida qarshi olinishi shubhasiz. Jumladan, o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan saylovoldi debatlar jarayonida ham O‘zbekiston «Adolat» SDP tomonidan aholining sudlar o‘rtasidagi sarsongarchiliklariga chek qo‘yish maqsadida viloyat va tumanlardagi ayrim bir birlarining faoliyatlarini takrorlovchi sudlarni ixtisosligini saqlab qolgan holda birlashtirish, fuqarolar uchun yillar davomida yechimi yo‘qdek bo‘lib kelayotgan «propiska» tizimini bekor qilish tashabbuslari ilgari surilgan edi.

2020 yilning 25 yanvar sanasida bo‘lib o‘tgan davlatimiz rahbarining parlamentga yo‘llangan Murojaatnomasida partiya tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, 2020 yil 1 apreldan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida «propiska» tizimi uchun qo‘yilgan taqiqlarni bekor qilish hamda 1995 yilgacha mamlakatimiz hududiga ko‘chib kelgan fuqaroligi bo‘lmagan 50 ming nafar shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini berish taklifi ilgari surilgan edi.

Bugungi Murojaatnomada bu boradagi xayrli tashabbuslar davom ettirilib, Prezidentimiz tomonidan 2005 yilgacha mamlakatimizga ko‘chib kelgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini berish hamda kelgusi yildan 15 yil muqim O‘zbekistonda yashab kelgan shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqarolik berishning huquqiy mexanizmlarini yaratish tashabbusi ilgari surildi.

Xulosa qilib aytganda, 2021 yil mamlakatimizda yoshlar faolligini yanada oshirish, aholi salomatligini saqlash va inson huquq va erkinliklarini to‘laqonli kafolatlash yili bo‘ladi.

Inomjon QUDRATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
«Adolat» SDP fraksiyasi a’zosi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 2021 yil inson huquq va erkinliklarini to‘laqonli kafolatlash yili bo‘ladi