18:50 / 02.01.2021
2 849

Koronavirus pandemiyasi sharoitida va undan so‘ng aholiga tibbiy-psixologik yordam: muammo va yechimlar

Koronavirus pandemiyasi sharoitida va undan so‘ng aholiga tibbiy-psixologik yordam: muammo va yechimlar
2019 yil. Buxoro tibbiyot institutida prof. Ibodullayev Z.R. "Tibbiyot psixologiyasi" bo‘yicha ma’ruzasi
Epigraf: Har bir davlat koronavirusni tez orada chekinishidan umidvor va deyarli barcha kuchlar shu muammo yechimiga qaratilgan. Bir necha asrlardan buyon uchramagan bunday kasallik hatto tibbiyotning yetuk olimlarini ham arosatda qoldirdi va koronavirus yirik tibbiy-ijtimoiy muammoga aylandi. Xo‘sh, koronavirus yurtimizdan chekinadi va hayot erta-indin o‘z izmiga tushadi. Biroq, millionlab odamlar qalbida paydo bo‘lgan ruhiy zarbachi? Ularni qanday bartaraf qilish kerak va bu muammo bilan kim shug‘ullanadi? O‘zbekistonda tibbiy-psixologik yordamni keng qamrovda olib borish payti kelmadimi? Ushbu muammo bilan bog‘liq savollarga javob olish uchun biz Tibbiy psixolog, professor Zarifboy Ibodullayevga yuzlandik.

2019 yil. Prof. Ibodullayev Z.R. O‘zbekiston uchun tibbiyot psixologiyasi ahamiyati haqida TV ga intervyu bermoqda
Savol: Zarifboy Rajabovich! Birinchi karantin davrida koronavirus yuqib qolmasligi uchun qo‘llarni tez-tez sovunlab yuvish, ko‘chaga chiqmaslik, tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash kabi gigiyenik talablarga katta urg‘u berildi. Ikkinchi karantin davrida esa OAV da ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham qo‘rquv, xavotir, vahimaga berilmaslik, xotirjamlik va psixologik immunitet haqida tinimsiz gapirilmoqda. Xatto asab va ruhiyat mustahkamligi har qanday virusli infeksiyadan asraydi, ushbu kasallik yuqqan taqdirda ham ruhiyati kuchli insonlar undan tezroq halos bo‘ladi, deyishadi, Bu mulohazaga olim sifatida oydinlik kiritsangiz.

Javob: Tibbiyot tarixchilari fikriga ko‘ra, bundan 1000 yillar oldin Ibn Sino qo‘rquv, xavotir, vahimaning salomatlikka ziyonli ta’sirini aynan aholi orasida vabo kasalligi tarqalgan paytda aytgan ekan. “Tib qonunlari” kitobini varaqlar ekansiz har qanday kasallikda asab mustahkamligi va ruhiy quvvatning kuchi nafaqat turli kasalliklarga chalinishdan asrash, balki biror kasallikka chalingan taqdirda ham undan tezroq tuzalib ketishga mezon yaratadi. Ulug‘ bobokolonimiz aytgan ushbu iboralar XIX-XX asrga kelib Yevropa olimlari tomonidan olib borilgan fiziologik tadqiqotlarda o‘z isbotini topdi. Bu kashfiyotlar uchun 3 nafar fiziolog va neyrofiziologlar Nobel mukofoti sovrindori bo‘lgan.

Savol: “Tibbiyot psixologiyasi” darsligining kirish qismida buyuk alloma Ibn Sinoning “Vujud ruh amriga vojibdir” degan bitiklarini epigraf qilib keltirgansiz. Mana hozir butun dunyoda virusologlar bilan yelkama-yelka turib “Tibbiy psixologlar” ham kurash olib bormoqda.
Javob: Taqdirning taqozasi bilan “Tibbiyot psixologiyasi” darsligining 3-nashrini chop qilishga ruxsat berilgan sana 29.12.2019 yil, ya’ni Xitoyda koronavirus rasman e’lon qilinishidan bir kun oldinga to‘g‘ri keladi. Bu xabar butun dunyo ahlini, ya’ni nafaqat oddiy odamlar, balki olimlarni ham sarosimaga soldi. Chunki bu virus yashin tezligida tarqaluvchanligi, tashqi muhitga chidamliligi va o‘lim holatlari ko‘pligi bilan boshqa viruslardan ajralib turardi.

Masalan, hatto eshik tutqichida 5 kun saqlanarkan, degan iboralar hammani sarosimaga soldi. Men dunyo xabarlarini har soniyada kuzatib bordim. Rivojlangan davlatlar zudlik bilan virusologlar bilan bir qatorda tibbiy, ya’ni klinik psixologlar armiyasini shakllantirgani meni hayratga soldi. Chunki, total vahima virusdan havfli! Masalan, Kanada davlati aholiga koronavirus sharoitida tibbiy-psixologik yordamni shakllantirish uchun dastlab 150 mln dollar ajratdi. Biz har doim kuzatib keladigan Rossiya Federatsiyasi ham tibbiy-psixologik xizmatning moddiy-texnik bazasini yanada kuchaytirdi.

Savol: Bizda vaziyat qanday? Bizda koronavirus sharoitida aholiga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish talabga javo beradimi?
Javob: Afsuski yo‘q. O‘zbekistonning 34 mln aholisiga 110 nafar “Tibbiy psixolog” bor xolos. Taqoslash uchun nevropatologlar soni 1500 ta. Bugungi kun talablaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, bizning Respublikaga 3000 nafar “Tibbiy psixolog” kerak. Shu bois barcha tibbiyot institutlarida tibbiy psixologlarni Davlat grantlari asosida magistratura va klinik ordinatura orqali har yili 100-150 tadan tayyorlashimiz kerak. Bizda esa yiliga 10-15 nafar tibbiy psixolog tayyorlanayapti xolos. Parallel ravishda yirik tibbiyot institutlarida “Klinik psixologiya” fakultetlarini ochishimiz kerak. Ana shunda biz zo‘rg‘a 5-7 yil ichida “Tibbiy psixolog” kadrlarning yetarli bazasini yarata olamiz.

Savol: Bu masalaga oldinroq harakat qilsa bo‘lmasmidi?
Javob: Harakat qilganmiz. Avvalombor biroz tarixiy ma’lumotlar bersam. 1997 yili 2-ToshMI alohida “Tibbiyot psixologiyasi” kursi ochildi. Mustaqillikdan keyingi davrlar! O‘zbek tilida zarur o‘quv adabiyotlari tayyorlab boshlandi. Yevropa tajribasini o‘rganib 2008 yili “Tibbiyot psixologiyasi” darsligini yaratdik. 2009 yili “Yilning eng yaxshi darsligi” sovriniga sazovor bo‘ldi. 2012 yili “Tibbiyot psixologiyasi” darsligi yana nashr qilindi, 2019 yili biz bu darslikni mutlaq qayta ko‘rib chiqib, JSST va tibbiy-psixologik maktablar tajribasini o‘rganib chiqib ushbu darslikning 3-nashrini chop qildik.

Biz o‘sha davrdayoq Respublikamiz uchun “Tibbiy psixolog” kadrlarni tayyorlash masalasani ko‘targanmiz. Buning uchun tibbiyot institularida “Tibbiy psixologiya” mutaxassisligi bo‘yicha magistratura va klinik ordintura yo‘nalishlarini ochish kerak va dastlab zarur me’yoriy xujjatlarni tayyorlash kerak edi.

2017 yil. Prof. Ibodullayev Z.R. Toshkent tibbiyot akademiyasi professor-o‘qituvchilari va talabalarga "Tibbiy psixolog. U kim?" mavzusida ma’ruza qilmoqda.
Savol: Davolash-profilaktika muassasalariga “Tibbiy psixolog” kadrlarni tayyorlash allaqachon yo‘lga qo‘yilgan shekilli?
Javob: O‘zbekistonda 2012/2013 o‘quv yili Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent tibbiyot akademiyasida “Tibbiy psixolog” kadrlarni magistratura va klinik ordinatura orqali tayyorlash albatta yo‘lga qo‘yilgan. Bunga biz 2-3 yil oldin chuqur tayyorgarlik ko‘ra boshladik, G‘arb davlatlari tajribasi asosida “Tibbiy psixologiya” fani bo‘yicha Davlat ta’lim standartini puxta ishlab chiqdik, namunaviy dastur yaratdik va boshqa zarur xujjatlarni tayyorladik. O‘sha yilning o‘zidayoq Respublikamizdagi barcha tibbiyot institutlari, ya’ni Samarkand, Buxoro, Andijon, Urganch va Nukusda yuqori kurs talabalari bilan bir necha bor uchrashuvlar o‘tkazdik, “Tibbiy psixolog. U kim?” mavzusida broshyura chiqarib talaba va o‘qituvchilarga tarqatdik.

2019 yil. Prof. Ibodullayev Z.R. Buxoro tibbiyot institutida talabalar bilan uchrashuv.
Savol: Tayyorlangan “Tibbiy psixolog” kadrlarni ish o‘rinlari bilan ta’minlash masalasini qanday hal qilindi?
Javob: Albatta, bu masala bilan sog‘liqni saqlash vazirligi shug‘ullanishi kerak. Biz bu borada SSV ga juda ko‘p me’yoriy xujjatlarni topshirganmiz, “Tibbiy psixolog-psixoterapevtning kvalifikatsion xarakteristikasi“ ni tuzib chiqib uni topshirganmiz. Respublika, viloyat va shaharlarning yirik klinikalari va tibbiyot birlashmalarida “Psixosomatik tibbiyot” bo‘limlari va “Tibbiy psixolog-psixoterapevt” kabinetlarini ochish zarur.

“Tibbiy psixologiya” sayti bir necha yil oldin ochilgan (asab.uz). OAV da “Tibbiyot psixologiyasi va psixosomatik tibbiyot” mavzusida shogirdlar bilan juda ko‘p chiqishlar qildik. “O‘zingni angla” dasturida “Tibbiy psixolog” diplomini olgan yangi kadrlar bilan psixosomatik tibbiyot mavzusida katta ko‘rsatuv tayyorlab efirga berdik.

2017 yil. Toshkent. Prof. Ibodullayev Z.R. tashabbusi bilan O‘zbekistonda ilk bora o‘tkazilayotgan "Tibbiy psixologlarning psixosomatik tibbiyotga bag‘ishlangan Halqaro anjumani". Yosh tibbiy psixologlar
Savol: Xorijlik olimlar tajribasidan ham foydalandik deb aytdingiz. Shu soha olimlari O‘zbekistonga tashrif buyurganmi?
Javob: Bir necha yillik urinishlar asnosida O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba xorijlik olimlar ishtirokida 2017 yil aprel oyida “Psixosomatik tibbiyot: muammo va yechimlar” mavzusida anjuman o‘tkazdik. Unga 400 dan oshiq UASH tashrif buyurdi. Ushbu olimlarning ba’zilarini Samarkand va Buxoroga olib borganmiz, vrachlar va talabalarga mahorat darslarini o‘tganmiz.

2017 yil. Portugaliyalik professor-psixolog Konstansiya Paul Buxoroda. Prof. Ibodullayev Z.R. va prof. Sh.R. Barotov
Savol: Hukumatga qanday takliflaringiz bor?
Javob: Zudlik bilan quyidagi muammolarni hal qilish kerak:
1.Barcha tibbiyot insitutlarida “Tibbiy psixologiya va psixoterapiya” kafedralarini ochish zarur. Buning uchun diplomli kadrlar yetarli.
2.Tibbiyot institutlarida magistratura va klinik ordinatura orqali Davlat grantlari asosida har yili 100-120 nafardan “Tibbiy psixolog” kadrlarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;
3.Tibbiyot institutlarida “Klinik psixologiya” fakultetlarini ochish;
4.Davolash-profilaktika mutsassasalarida “Psixosomatik tibbiyot” bo‘limlari, poliklinikalarda “Tibbiy psixolog-psixoterapevt” kabinetlarini ochish.
5.Bolalar va o‘smirlarga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish markazlarini tashkil etish.
6.Favqulodda vaziyatlarda aholiga tez tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish.
7.“Tibbiy psixologiya” bo‘yicha ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash uchun Toshkent tibbiyot akademiyasida “Tibbiy va maxsus psixologiya” bo‘yicha Ixtisoslashgan Kengash ochish;
8.“O‘zbekistonda psixosomatik tibbiyot va aholiga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish tizimini yaratish” bo‘yicha Prezident Farmoni qabul qilish.

2017 yil. Samarkand. Prof. Ibodullayev Z.R., Portugaliyalik psixolog-professor Konstansiya Paul
Men bu borada jaxon tajribasini o‘rganib chiqqanman va menda juda katta material bor. Ularni bugungi kun talablaridan kelib chiqib zudlik bilan amalga oshirish kerak. Haliyam bu ishga juda kech qoldik.

Hafiza Asal suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirus pandemiyasi sharoitida va undan so‘ng aholiga tibbiy-psixologik yordam: muammo va yechimlar