23:46 / 02.01.2021
7 359

Tibbiyot psixologiyasi tarixi: Psixosomatik tibbiyot tarixi haqida ma’lumot

Tibbiyot psixologiyasi tarixi: Psixosomatik tibbiyot tarixi haqida ma’lumot
Ushbu ma’lumotlar professor Zarifboy Ibodullayevning «Tibbiyot psixologiyasi» darsligidan olindi va zamin.uz da ilk bor chop etilmoqda.

Tibbiyot psixologiyasi, tom ma’noda ol ganda, bemor psixologiyasini o‘rganuvchi fandir. Qadimgi davr adabiyotiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tibbiyot, falsafa va psixologiya fanlari chambarchas bog‘lanib ketganligining guvohi bo‘lamiz. Miloddan ilgari yashab o‘tgan deyarli barcha faylasuflar tibbiyot va psixologiyaga oid o‘z fikrlarini yozib qoldirishgan, chunki ular ruhiy kuchlar manbaini inson miyasi bilan bog‘lashgan.

XX asr boshida somatik klinikalarda psixologik yordamning yo‘lga qo‘yilishi Yevropa va AQSH da psixosomatik tibbiyot rivojlanishiga katta turtki bo‘ldi. 1818 yili Germaniyalik vrach Yogann-Xristian Xaynrot (1773–1843) birinchi bo‘lib “psixosomatika” iborasini qo‘llaydi. 1939 yili AQSH da “Psixosomatik tibbiyot” nomli jurnal ta’sis etiladi. Biroq o‘sha yillari boshlangan Ikkinchi jahon urushi bu yo‘nalishni ancha to‘xtatib qo‘yadi.

1950 yili AQSHda “Amerika psixosomatik tibbiyot jamiyati” tuziladi. Bu jamiyatga nafaqat psixiatr va psixologlar, balki psixosomatik tibbiyotga qiziqish bildirgan turli soha vrachlari ham a’zo bo‘lishadi. Ushbu jamiyatda klinik-tibbiy psixologiya, psixosomatik tibbiyot va psixoterapevtik yordam bilan bog‘liq barcha tayanch iboralar, atamalar va boshqa muammolar yechimi hamkorlikda muhokama qilinadi. Bu borada rivojlanish juda yaxshi davom etadi. O‘sha paytda, ya’ni 1950 yili amerikalik psixoanalitik Frans Aleksanderning (1891–1964) “Psixosomatik tibbiyot” nomli kitobi nashr etiladi. Bu kitob ham ko‘p tillarga tarjima qilinadi.

Albatta, Yevropa ham psixosomatik tibbiyot borasida jadal ishlarni boshlab yuboradi. 1950 yili Germaniyaning Xaydelberg shahrida Aleksandr Micherlix (1908–1982) Yevropada birinchi bo‘lib «Psixosomatik tibbiyot» klinikasini ochadi. 1954 yili Xamburgda «Psixosomatik tibbiyot va psixoanaliz» jurnalining birinchi soni nashrdan chiqadi.

1950–1960 yillar ichida Yevropaning deyarli barcha davlatlarida bir nechtadan “Psixosomatik tibbiyot va psixoterapiya” klinikalari tashkil qilinadi. Albatta, bunday markazlarning asosiy xodimlari tibbiy yoki klinik psixologlar bo‘lishsa-da, u yerda tibbiyotning boshqa yo‘nalishidagi vrach-mutaxassislar ham faoliyat ko‘rsatishgan.

Tibbiyot psixologiyasining yaqin tarixda tutgan o‘rni va asosiy davrlar
Ta’bir joiz bo‘lsa, 1960 yildan hozirgacha bo‘lgan tarixiy davrlarni psixologik nuqtai nazardan 3 bosqichga bo‘lib o‘rganish zarur, deb hisoblaymiz.

Birinchi davr – 1960-1990 yillar. Tinch va sokin hayot davri. Ikkinchi jahon urushidan keyin yirik davlatlarda ijtimoiy hayotga urg‘u berildi. Bu davr ichida nafaqat rivojlangan, balki rivojlanayotgan davlatlarda tibbiyot va klinik psixologiya, psixosomatik tibbiyot va psixoterapiya yanada rivojlandi. Barcha universitetlarda tibbiyot psixologiyasi va psixoterapiya kafedralari, klinik psixologiya fakultetlari tashkil etildi. Eng asosiysi, tibbiy va klinik psixologlarning amaliyotdagi faoliyati sezilarli darajada oshdi. Klinik psixologiya va tibbiyot psixologiyasining o‘zi bir necha tarmoqlarga bo‘linib, turli xil jamiyatlar, ya’ni psixosomatik tibbiyot, neyropsixologlar, psixoterapevtlar, somnologlar, psixoanalitiklar, suitsidologlar, sotsial psixologlar, patopsixologlar, gipnoterapevtlar jamiyatlari ko‘paydi.

Ikkinchi davr – bu 1991–2000 yillar. Ijtimoiy tuzum qulab, yangi davlatlar paydo bo‘lishi davri. Insoniyat qoniga singib ketgan ijtimoiy tuzum quladi, jamiyat va uning qonunlariga qarashlar o‘zgardi, millatlararo va dinlararo nizolar paydo bo‘ldi. Yevropa va MDH davlatlarini qamrab olgan bunday inqilobiy o‘zgarishlar kuchli ijtimoiy-psixologik muammolarni keltirib chiqardi, davlatlar ichida kichik-kichik kelishmovchiliklar yuzaga keldi, stress kasalliklari avj oldi va o‘z joniga suiqasd qilish ko‘paydi. Yangi paydo bo‘lgan davlatlar va ijtimoiy muhit ko‘p muammolarga yangi psixologik yondashuv uslublarini ishlab chiqishni taqozo etdi.

Uchinchi davr – 2001–2018 yillar. Ijtimoiy bo‘xronlar va terroristik xavf-xatar davri. Sharq davlatlarida yuzaga kelgan ijtimoiy portlashlar, terrorizm, xalqlar orasida migratsiyaning kuchayishi, lokal va yirik hududlarni qamrab olgan harbiy nizolar psixologlar oldiga katta vazifalarni qo‘ydi. Ayniqsa, xalqlarning bir ijtimoiy tuzumdan ikkinchi ijtimoiy tuzumga migratsiyasi migrantlarga ham, mahalliy aholi vakillariga ham katta ijtimoiy-psixologik qiyinchiliklarni keltirib chiqardi, turli diniy konfessiyalar assimilyatsiyasi bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘ldi, o‘z joniga qasd qilishlar yanada ko‘paydi. Bularning hammasi turli soha psixologlari oldiga muhim vazifalarni ko‘ndalang qo‘ydi. Yevropa shaharlarida psixoterapevtik klinikalardan tashkari, tez tibbiy-psixologik yordam va stress markazlari soni keskin ko‘paydi.

Eslatma: Zamin.uz da yana o‘qing: “Tibbiyot psixologiyasimi yoki klinik psixologiya”. Prof. Zarifboy Ibodullayevning ushbu maqolasida tibbiyot psixologiyasi va klinik psixologiya fanlarining o‘xshash va farq qiluvchi tomonlari haqida aniq ma’lumotlar berilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tibbiyot psixologiyasi tarixi: Psixosomatik tibbiyot tarixi haqida ma’lumot