21:40 / 02.01.2021
4 547

Avesto kitobida ruhiy salomatlik haqida nimalar yozilgan?

Avesto kitobida ruhiy salomatlik haqida nimalar yozilgan?
Professor Zarifboy Ibodullayev shogirdlari bilan
Ushbu ma’lumotlar professor Zarifboy Ibodullayevning «Tibbiyot psixologiyasi» darsligidan olindi va zamin.uz da ilk bor chop etilmoqda.

Tibbiyot psixologiyasi, tom ma’noda olganda, bemor psixologiyasini o‘rganuvchi fandir. Qadimgi davr adabiyotiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tibbiyot, falsafa va psixologiya fanlari chambarchas bog‘lanib ketganligining guvohi bo‘lamiz. Miloddan ilgari yashab o‘tgan deyarli barcha faylasuflar tibbiyot va psixologiyaga oid o‘z fikrlarini yozib qoldirishgan, chunki ular ruhiy kuchlar manbaini inson miyasi bilan bog‘lashgan.

Qadimgi Xorazm hududida miloddan avvalgi VI asrda bitilgan zardushtiylarning muqaddas kitobi «Avesto»da tibbiyot va psixologiyaga oid muhim ma’lumotlar keltirilgan.

Xorazmda Avesto bog‘ida o‘rnatilgan yodgorlik
«Avesto» uch kitobdan iborat bo‘lib, uning birinchi kitobida («Vendidat») tibbiyotga oid ma’lumotlar berilgan. Bundan deyarli 2400 yil oldin bitilgan ushbu kitobdagi ma’lumotlar hozirgi davrning har qanday olimini hayratga soladi. Unda jismoniy va ruhiy poklanish haqidagi qonunlar majmuasi keltirilgan. «Avesto» kitobida biz ko‘rish, eshitish, hid va ta’m bilish markazlari miyada joylashgan, degan fikrlarni uchratamiz. Kitobda «Hayot markazi» suyak iligida bo‘ladi deyiladi. Shuningdek, kitobda odam anatomiyasi va fiziologiyasiga oid juda qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan, inson salomatligini saqlash yo‘llari yoritilgan.

«Avesto»da nafaqat ruhiy tushkunlik, balki jismoniy zo‘riqish ham kasallikka olib kelishi aytilgan. Kasalliklarni davolashda jarrohlik va ruhiy tinchlantirish davolashning asosiy usullaridan biri, deb ta’kidlanadi. Kitobda gigiyena, profilaktika, ozoda yurish, yomon narsalarga yaqinlashmaslik, toza havoda sayr qilish, sifatli ovqatlar tanovul qilish va toza ichimlik suvi ichish haqida ham ko‘plab ma’lumotlar beriladi. Shuningdek, yoshlar jismoniy va ruhiy baquvvat bo‘lishi uchun to‘yib ovqatlanishi, yetarli darajada ovqatlanmaydigan xalqlarda kamquvvatlik holatlari kuzatilishiga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Ko‘rib turganingizdek, yurtimizda Gippokratdan deyarli 150 yil oldin tibbiyot va ruhiyatga oid ilmiy qarashlar juda yaxshi yoritilgan.

Antik davr psixologiyasi
Miya va ruh orasidagi munosabatlarga oid qarashlari bilan mashhur bo‘lgan tibbiyot fanining otasi Gippokrat (Buqrot) (mil. avv. 460–377 yillar) asarlari bugungi kungacha yetib kelgan. U odam anatomiyasi va fiziologiyasini chuqur o‘rgandi, bosh miya tuzilishi bilan qiziqdi. Gippokrat odamlar xulq-atvorini kasallik kechishiga bog‘lab o‘rgandi va temperament haqida ta’limot yaratdi. Gippokrat odam temperamentini 4 tipga ajratdi: 1) sangvinik – harakatchan, xushchaqchaq, irodali odam, ularning organizmida qon ustunlik qiladi; 2) xolerik – jahldor, hissiyotga beriluvchan odam, ularda jigar o‘ti ustunlik qiladi; 3) flegmatik – vazmin odam, ularning organizmida flegma (shilliq, xilt) ustun turadi; 4) melanxolik – irodasiz, tushkun kayfiyatda va tang ahvolda yuradigan odam. Ularning qonida melanoza (savdo, qora o‘t) ustunlik qiladi.

Gippokrat fikricha, sangviniklar kasallikka kam chalinishadi. Xolerik va melanxoliklar esa kasallikka moyil kishilardir. Mutafakkir «kasalliklar kechishi va bemorning sog‘ayib ketishi temperamentga aloqador» deb hisoblagan. Bu ta’limot keyinchalik barcha olimlarda qiziqish uyg‘otdi. Hozirgi kunda yetakchi psixologlar va vrachlar bemorlarni davolashda ularning temperamentiga alohida e’tibor berishadi.
Gippokratning tibbiyotga oid ba’zi ko‘rsatmalarini keltirib o‘tamiz:
1) jismoniy mehnat mushak va a’zolar uchun oziqdir;
2) fikrlash kishi ruhini tetiklashtiradi;
3) bemorga yordam berishni eplay olmasang, unga ziyon keltirma;
4) me’yordan ko‘p ovqatlanish kishi salomatligiga ziyon keltiradi;
5) bemorning ruhi tushmagan va ishtahasi saqlangan bo‘lishi tuzalish uchun yaxshi alomatdir;
6) odam tanasida kasallik bilan kurashuvchi kuch bor, tabibning vazifasi esa o‘sha kuchni faollashtirishdan iborat;
7) bemorga beriladigan dorilar hadeb o‘zgartirilmasligi kerak, faqat zaruratga qarab davolash muolajasi o‘zgartirilsin;
8) tabiatda doimo ikki qarama-qarshi kuch bo‘ladi, qarama-qarshilikni qarama-qarshilik bilan davolash kerak;
9) tabib yuksak darajada axloqli, jonkuyar, ozoda va xush ko‘rinishga ega bo‘lishi lozim;
10) tabib o‘z bilim va mahoratini doimo oshirib borishi va bemorlar hurmatiga sazovor bo‘lishi kerak.
O‘z davrining mashhur tabibi va faylasufi bo‘lgan Gippokrat sharafli umr kechirdi va 83 yoshida vafot etdi.

Platon (Aflotun) (mil. avv. 430–348 yy.) «Ruh abadiydir, u tanaga bog‘liq emas va xudo tomonidan yaratilgan. Ruh tanadan oldin paydo bo‘lgan, odam va hayvon ruhi bir-biridan farq qiladi, odam ruhi oliy va past tabaqaga bo‘linadi. Oliy ruh abadiydir, u tafakkur kuchiga ega, bir tanadan ikkinchisiga o‘tadi va tanaga bog‘liq emas. Past tabaqali ruh abadiy emas va hayvonlar uchun faqat past tabaqali ruh xos», degan.

Aristotel (Arastu) (mil. avv. 384–322 yillar) miya, ruh va tana munosabatlariga oid bir qancha fikrlar bildirgan. Platonning shogirdi. Aristotel jonning 3 xilini ajratgan: o‘simlik, hayvon va ongli jon. O‘simlik joni deganda, u oziqlanish va ko‘payishni ko‘zda tutgan bo‘lsa, hayvon joni deganda his qilish, og‘riq sezish, himoyalanishni tushungan. Aristotel «Ongli jon faqat odam uchun xos bo‘lib, unda jonning uch turi ham mavjud», deydi. Uning fikricha, odam jonning uch turiga ega bo‘lganligi bilan ham o‘simlik va hayvonlardan farq qiladi. Aristotel o‘z asarlarida «his-tuyg‘ular», «xotira», «sezgi» kabi tushunchalardan keng foydalangan.

Rimlik mutafakkir Klavdiy Galen (mil. avv. 129–201 yy.) ruhning fiziologik mexanizmlarini ilmiy tadqiqotlariga asoslanib o‘rgandi. U ham ruhiy faoliyatning bosh miya bilan bog‘liqligi haqidagi fikrni ilgari surdi. Galen hissiyot, xotira, sezgi va diqqat odam ongi, ruhi tomonidan idora qilinadi, deb ta’kidlaydi. U hayvonlarda miyaga boruvchi sezgi tolalarini kesib ko‘rib, ularning harakatini tekshirdi. Shu maqsadda dorivor moddalarni ham ishlatdi. Shuningdek, Galen jinsiy aloqaning asab sistemasiga ijobiy ta’sirini o‘rgandi. U turmushga chiqmagan yoki beva ayollarda isterik belgilar paydo bo‘lishini yozib qoldirgan. Galen birinchilardan bo‘lib xulq-atvorning tug‘ma va orttirilgan shakllari, ixtiyoriy va ixtiyorsiz harakatlar to‘g‘risidagi hamda temperamentga oid fikrlarni ilgari surdi.

IX asr boshlarida Sharqda, ya’ni Bag‘dod, Buxoro va Xorazmda boshqa tabiiy fanlar qatori tibbiyot ham jadal rivojlanadi. Bag‘doddagi tibbiyot dargohlarida bemorlarni davolashda ruhiy ta’sir qilish usullari keng qo‘llanilgan. Bemor bilan tibbiyot xodimi o‘rtasidagi munosabatlar, psixologik usullar, turli kasalliklarning kelib chiqishida ruhiy omillarning ahamiyati, ularni oldini olish kabi bilimlar rivojlana boshladi. Bu davrda tibbiyot psixologiyasi poydevori yaratilishi boshlandi, desak mubolag‘a kilmagan bo‘lamiz. Bag‘doddagi tibbiyot muassasalari butun dunyoda tan olinib, Yevropada ham katta shuhrat qozondi.

Davomi bor...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Avesto kitobida ruhiy salomatlik haqida nimalar yozilgan?