22:22 / 02.01.2021
7 131

Sharqlik mutafakkirlar inson ruhiyati va salomatlik haqida

Sharqlik mutafakkirlar inson ruhiyati va salomatlik haqida
Ushbu ma’lumotlar professor Zarifboy Ibodullayevning «Tibbiyot psixologiyasi» darsligidan olindi va zamin.uz da ilk bor chop etilmoqda.

Tibbiyot psixologiyasi, tom ma’noda olganda, bemor psixologiyasini o‘rganuvchi fandir. Qadimgi davr adabiyotiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tibbiyot, falsafa va psixologiya fanlari chambarchas bog‘lanib ketganligining guvohi bo‘lamiz. Miloddan ilgari yashab o‘tgan deyarli barcha faylasuflar tibbiyot va psixologiyaga oid o‘z fikrlarini yozib qoldirishgan, chunki ular ruhiy kuchlar manbaini inson miyasi bilan bog‘lashgan.

Eronda tavallud topgan mashhur mutafakkir Abu Bakr ar-Roziy (865–925 yy.) tibbiyot olamida o‘chmas iz qoldirdi. U o‘z davrining buyuk tabibi bo‘lgan va tarixchilarning yozishicha, bemorlarni davolashda xatoga yo‘l qo‘ymagan. U biror yangi dorini bemorga berishdan oldin hayvonlarda sinab ko‘rgan. Roziy bemorlarni davolashda ruhiy ta’sir qilish bilan birga parhezga ham katta e’tibor qaratgan. U mizoj, falajlik, jinsiy aloqa, gigiyenik tadbirlar va dorishunoslik haqida ko‘p risolalar bitgan.

Ularning ba’zilari G‘arb tillariga tarjima qilinib, u yerda bir necha asrlar o‘qitib kelingan. Roziy o‘zi boshqarayotgan shifoxonada «kasallik tarixnomasi»ni yaratgan va bemorning hol-ahvolini davolashning birinchi kunlaridan boshlab muntazam qayd qilib borgan. Bu esa unga bemorni davolash mobaynida sinchkovlik bilan kuzatuv olib borish imkonini bergan. Abu Bakr ar-Roziy bemorlarni kuzatish jarayonida kasallikning kelib chiqish sabablari va oqibatlarini o‘rgangan. Shu tariqa tibbiy profilaktika va psixogigiyena fanlariga asos solgan. U vrach burchi, tibbiy maslahatlar haqida ham o‘z fikrlarini yozib qoldirgan.

Sharqda yashab ijod qilgan tabiblar hayoti va ijodini atoqli tarixchi olim, professor Asadulla Qodirov «Tibbiyot tarixi» kitobida batafsil yoritgan. U o‘z asarida Sharq va G‘arb olimlarining fikrlarini bir-biri bilan taqqoslaydi, klassik fikrlarni hozirgi zamon tibbiyoti bilan solishtirib o‘rganadi. Olim ayniqsa, buyuk mutafakkir Abu Ali ibn Sino (980–1037) hayoti va faoliyati haqida juda katta tahliliy ma’lumotlar keltirgan.

Abu Ali ibn Sino tibbiyotning deyarli barcha sohalariga taalluqli «Tib qonunlari» asarida tibbiyot va psixologiyaga oid bir qancha fikrlar keltirgan. Bu asar haqli ravishda dunyoning deyarli barcha tillariga tarjima qilingan va tib ilmini zabt etishda dasturulamal bo‘lib xizmat qilgan. Ibn Sinoning ahvoli og‘ir bemorlarni davolashda ishlatgan turli xil usullari (giyohlar bilan davolash, ruhiy ta’sir qilish) afsonaga aylangan. Aslida bular afsonaga aylangan haqiqatdir.

Zigmund Freyd nevrozga uchragan bemorlarni davolashda Ibn Sino usulidan foydalangan bo‘lsa, ajab emas. U bemorlarga nafaqat kasallik bilan bog‘liq bo‘lgan, balki shaxsiy hayotidagi muammolarni ham so‘zlatib, bemorlarda psixologik katarsisni (ruhiy poklanish) yuzaga keltirgan. Birorta ham siri qolmay, barcha dardini so‘zlagan bemor ruhan ancha yengillashib, ba’zi hollarda butunlay tuzalib ham ketgan.

Ibn Sino har bir bemorni davolashdan oldin uni diqqat bilan o‘rganish, oilasi va yashash sharoiti bilan tanishish o‘ta muhimligini uqtirgan. Uning bu fikrlari psixogigiyena fani vazifalariga o‘xshab ketadi. Ibn Sino asarlarida psixoprofilaktikaga oid ishlarni ham ko‘p uchratamiz. Masalan, mutafakkir kasalliklarning oldini olishda tarbiyaga alohida urg‘u bergan.

«Tarbiya erta bolalik davridan boshlanishi kerak», degan edi Ibn Sino. Shuningdek, u bolani qo‘rqoq, g‘amgin yoki juda erka qilib tarbiyalamaslik, ota-ona bola nimani xohlayotganini doimo sezishi va o‘sha narsani bolaga yetkazib berishga harakat qilishi, yomon narsalardan esa yiroqlashtirishlari zarurligini uqtirgan. Bu qoidalarga rioya qilish bolaning zehnini o‘tkir, tanasi sog‘lom o‘sishini ta’minlashini ta’kidlab o‘tgan.

Ibn Sino bir qator kasalliklar kelib chiqishi asab tizimiga bog‘liq ekanligi, g‘azab, qo‘rquv, qattiq siqilishlar organizmni holsizlantirib, turli kasalliklarning yuzaga kelishiga sababchi bo‘lishi haqida o‘z fikrlarini yozib qoldirgan. U quyidagi tajribani o‘tkazgan. Bitta qo‘yni oddiy sharoitda, ikkinchisini esa qafasda saqlab, ikkalasini ham bir xil boqqan. Qafasdagi qo‘yning atrofida bo‘ri aylanib yurgan. Bir-ikki kundan so‘ng atrofida bo‘ri aylanib yurgan qafasdagi qo‘y yem yemay qo‘yadi va holdan toyib o‘ladi. Ibn Sino qo‘yning o‘limiga ruhiy zo‘riqish va buning natijasida organizmning holdan toyishi sabab bo‘lgan, deb xulosa chiqargan.

Ibn Sinoning organizm faoliyatini boshqarishda asab tizimining ahamiyati haqidagi ta’limoti Yevropa olimlari tomonidan XX asr boshlarida yaratilgan nervizm ta’limotiga juda o‘xshab ketadi. Ibn Sino tomir urishining asab tizimi faoliyatiga bog‘liqligini ko‘p tajribalarda isbotlab bergan. U ko‘pgina kasalliklarni tomir urishiga qarab aniqlagan. Ibn Sino nafaqat turli kasalliklarda tomir urishining o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rgangan, balki turli hissiy zo‘riqishlar va asab kasalliklarida tomir urishi o‘zgarishlarini mufassal bayon qilgan.

Ibn Sino deontologiya muammolariga ham bag‘ishlab ko‘p risolalar bitgan. Uning «Kasallikni emas, kasalni davola», degan iborasi bor. Har qanday bemorni davolashda uning shaxsini e’tiborga olish kerak, deb yozgan edi u. Ibn Sino Gippokratning temperament haqidagi ta’limotini chuqur o‘rganib, quyidagi xulosaga keladi: barcha hayotiy muhim jarayonlarda ikkita qarama-qarshi hodisalar, ya’ni «qaynoq-sovuq» va «quruq-nam» barobar bo‘lishi kerak. Agar ular orasida nomutanosiblik boshlansa, mizoj aziyat chekadi va kasalliklar boshlanadi.

Ibn Sino «Har bir odam ma’lum mizojga taalluqli va bemorni davolayotganda bunga albatta e’tibor qilish kerak», deb yozadi. U kasalliklar rivojlanishida ruhiy omillarga katta e’tibor qaratib, kasallikning har kimda har xil kechishini uqtirib o‘tgan va bu holat bemorning mizoji, oilaviy sharoiti, qaysi ijtimoiy tabaqaga mansubligi va qolaversa, uni kim davolayotganiga bog‘liq, degan.

Shu yerda «mizoj» tushunchasi haqida batafsil to‘xtalib o‘tsak. Chunki temperament va mizoj tushunchalari bir-biriga yaqin tursa-da, bu so‘zlar sinonim emas. «Mizoj» tushunchasini Xitoy, Yunoniston va Sharq olimlari asarlarida ko‘p uchratamiz. Mizoj deganda issiqlik, sovuqlik, quruqlik va ho‘llik omillari ko‘zda tutilgan. Undan tashqari «rutubatlar» degan tushuncha ham mavjud. Rutubatlar deganda organizmdagi to‘rt xil suyuqlik – qon, safro (jigar o‘ti), savdo (qora o‘t) va flegma (shilliq suyuqlik) tushuniladi. Rutubatlar (gumoral) tushunchasini yunon hakimlari o‘ylab topishgan. Bu tushunchaga asoslanib Gippokrat rutubatlar nazariyasini yaratdi va odamlarni to‘rt toifaga ajratdi, ya’ni temperament haqida ta’limot dunyoga keladi.

Uzoq tarixga ega «mizoj» tushunchasi qadimda to‘rtta unsur – yer, havo, suv va olov bilan bog‘lab ham tushuntirilgan. «Barcha jonzotlar, shu jumladan, odam ham ana shu unsurlardan tashkil topgan, har bir unsurning o‘z xususiyati bor va o‘sha xususiyatlar «mizoj» deb atalgan. Bundan kelib chiqib «issiq mizoj» va «sovuq mizoj» tushunchalari paydo bo‘lgan. Tanadagi issiqlik va sovuqlik orasidagi muvozanat buzilsa, kasallik rivojlanadi, tabibning vazifasi shu muvozanatni tiklashdan iborat», deb aytilgan.

Ibn Sino ham mizoj tushunchasini unsurlar bilan bog‘lagan va mizojni unsurlardan kelib chiqqan xususiyat deb bilgan. Mizoj va rutubatlar nazariyasi, ayniqsa, Sharq tibbiyotida uzoq vaqt hukm surdi. Tarixchi olim A.A.Qodirov (2005) fikricha, bu vaziyat kasalliklar sababini eksperimental yo‘llar bilan o‘rganishni orqaga surib yubordi. Yevropa olimlari bu nazariyalarning istiqbolsiz ekanligini payqab, XVII asrdayoq undan voz kechdilar va tibbiyotda tajriba usulini qo‘llab, katta muvaffaqiyatlarga erishdilar. Sharq tibbiyoti esa, boshqa aniq fanlar (fizika, matematika) singari orqada qolib ketdi. G‘arb olimlari aniq fanlar yutuqlaridan foydalanib, Ibn Sino kabi olimlarning ishlarini aynan tajriba yo‘li bilan isbotlab, katta yutuqlarga erishdilar.

Ibn Sino ba’zi odamlarning beixtiyor o‘zlarida kasallik belgilarini paydo qilishi va undan aziyat chekib yurishlarini aytib o‘tganligi olimlarda katta qiziqish uyg‘otgan. Hozirgi zamonda nevrozning ayrim turlari mutafakkir aytgandek rivojlanadi. Ibn Sino shunday degan edi: «Barcha ruhiy kuchlarning manbai va ta’sir qiladigan joyi asabdir, uni ortiqcha zo‘riqtirish turli kasalliklarga olib keladi. Bosh miya butun organizm faoliyatini boshqaradi va ruhiyat manbai hisoblanadi».

Ibn Sino risolalarida asab markazlari ichki a’zolardan maxsus uzun tolalar orqali ma’lumot olib turishi va ularning faoliyatini boshqarishi haqidagi ma’lumotlarni uchratamiz. Fikrimizcha, Ibn Sinoning tana va ruhiyatning yagonaligi haqidagi qarashlari hozirgi kunda zamonaviy tibbiyot yutuqlari sababli to‘la tasdiqlanib, psixosomatik tibbiyot deb ataluvchi fanga asos soldi.

Ibn Sino «Xotira buzilishi bosh miyaning orqa qismi, tafakkur buzilishi miyaning o‘rta qismi, idrok buzilishi esa miya qorinchalari zararlanishi bilan bog‘liq», deb fikr yuritgan. U depressiya, epilepsiya, ong buzilishlari, gallyutsinatsiya, alahsirash, tafakkur va xotira buzilishlari haqida ko‘p yozgan hamda ularning turlarini ajratib o‘rgangan.

Sharqlik yana bir buyuk alloma Ismoil Jurjoniy (1042–1136) ham bizga katta meros qoldirdi. U Xorazmda yashab ijod qiladi va tibbiyotga oid bir qancha asarlar yozdi. Ulardan eng mashhurlari «Ibn Sino haqida so‘z», «Xorazmshoh xazinasi» va «Xastaliklarni aniqlash usullari»dir. Bu asarlar ichida «Xorazmshoh xazinasi» Jurjoniyga katta shuhrat keltirdi. Tarixchilar bu asarni Ibn Sinoning «Tib qonunlari» asariga mohiyatan yaqin qo‘yganlar. Bu kitob 10 qismdan iborat bo‘lib, unda tibbiyot va bemorlar psixologiyasiga bag‘ishlangan bir qancha fikrlar bayon qilingan.

Davomi bor...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sharqlik mutafakkirlar inson ruhiyati va salomatlik haqida