19:36 / 03.01.2021
2 759

Maktab psixologlari va hamshiralari bilishi zarur bo‘lgan tibbiy-psixologik bilim va ko‘nikmalar

Maktab psixologlari va hamshiralari bilishi zarur bo‘lgan tibbiy-psixologik bilim va ko‘nikmalar
Bugungi globallashuv davrida o‘quvchi-yoshlarimiz ijtimoiy, ayniqsa distansion ko‘rinishdagi ijtimoiy tahdidlar ostida qolmoqda. Bunday tahdidlar ularning ruhiy kamol topishiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani sir emas. Pedagog va psixologlar o‘quvchi-yoshlarni atrofda bo‘layotgan salbiy ta’sirotlardan asrashi mumkin, biroq ularni distansion ko‘rinishdagi ijtiomiy tahdidlardan asrashi ancha mushkul bo‘lmoqda.

Tan olib aytish joizki, bugungi kunda eng katta mas’uliyat maktab psixologlari zimmasiga tushmoqda. Ular nafaqat pedagogik psixologiya, balki sotsial va tibbiy psixologiya asoslari bo‘yicha yetarli darajada ilm va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari lozim. Chunki vaziyat shuni taqozo etmoqda.

Men tibbiy psixologiya asoslarini bilish maktab psixologlari uchun naqadar zarurligi va bunda aynan nimalarga e’tibor qaratish zarurligi haqida so‘z yuritmoqchi edim. Nima uchun tibbiy psixologiyani bilish zarur. Ma’lumki, tibbiy psixologiya umumiy psixologiyadan farqli o‘laroq, bemor kishi psixologiyasini o‘rganadi.

Bugungi kunda jamiyatimizda ruhiy sog‘lomlar qancha-yu, nevroz, depressiya va psixozlar bilan kasallanganlar soni qancha? Afsuski bu haqda O‘zbekistonda aniq statistika yo‘q. Biroq kam emas, balkim juda ko‘pdir. Chunki OAV har kuni emas, deyarli har soatda o‘smirlar orasidagi pichoqbozliklar, aka mobil telefon uchun ukasini o‘ldirib qo‘ygani yoki farzand otani urib o‘ldirgani haqida ko‘p o‘qiymiz. Yana bir bor takror aytaman, bu voqealarni har kuni emas, balki har soatda o‘qiyapmiz. Bu mudhish statistikaga oilada ro‘y berayotgan, biroq OAV ga chiqmayotgan o‘ta ayanchli holatlarni va yoshlarimiz orasida ko‘payib borayotgan suitsidlarni qo‘shsak, jamiyatimizga nima bo‘lyapti o‘zi, deb xitob qilging keladi.

Xo‘sh, bular kimlar? Aniq-ki bular ruhiy sog‘lom kishilar emas. Ular – nevroz va depressiyaning eng og‘ir turi yoki psixoz bilan kasallangan shaxslar. Bundaylarga, albatta, o‘smirlar yoki oilaviy psixologlar kuchi yetmaydi. O‘sha nevroz, depressiya yoki psixozni bartaraf etmas ekansiz, ularning xarakterini korreksiya qilib bo‘lmaydi yoki pedagogik yoki psixologik urinishlar besamara bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda kasalni davolash kerak, tarbiyalash emas.

Men 3 yil oldin tibbiy psixolog magistrlarimni yig‘ib bir nechta maktabda 1000 dan oshiq maktab o‘quvchilarida psixologik tekshiruvlar va suhbatlar o‘tkazib ko‘rdik. Meni maktabdagi psixologik vaziyat juda qiziqtirgandi. Men tibb iy psixolog-magistrlarim bilan 5-6 sinf va 7-8 sinf o‘quvchilarida bilan anonim so‘rovnoma ham o‘tkazdim, ularning ism-sharifi yozilgan ochiq xatlarni ham olib o‘rgandik.

Ulardan ba’zilarini sizlarga havola qilaman: 5-sinfda o‘qiydigan qizcha: “Oyimga ayting! Men bilan ko‘proq suhbatlashsinlar”; 6-sinfda o‘qiydigan o‘g‘il bola: “Otam menga sira qaramaydi, yonlariga borsam urishadilar”; 7-sinf o‘quvchisi (o‘g‘il bola): “Savol: Siz psixologmisiz? Javob: Ha...Unda huv anavi qizga ayting (qizni qo‘li bilan ko‘rsatadi). Men uni yaxshi ko‘raman, agar u ham yaxshi ko‘rmasa, men o‘zimni o‘ldiraman”.

Suhbatlarni o‘tkazib maktabdan chiqib ketayotganda 5-sinfda o‘qiydigan bitta qizaloq Gulchehra Seytkarimova ismli magistrimiz ketidan yugurib kelib, “Opajon! iltimos yana keling. Biz bilan suhbatlashing” degan. Shunda Gulchehra: Voy albatta kelaman, qizaloq, deb uning oldiga cho‘kka tushib bag‘riga bosgan, peshonasidan o‘pib boshini silagan. Qizaloq uzoq vaqt Gulchehrani qo‘yib yubormay turgan. Gulchahra: - Oyingni ham shunday yaxshi ko‘rasana-a? Qiz yig‘lab yuboradi va ular meni hech qachon bag‘riga bosmaganlar, boshimni silamaganlar, o‘pmaydilar, faqat urishadilar...

Albatta, men bu yerda keltirgan misoldan maktab psixologi va oilaviy psixologlar o‘zlari xulosa chiqarib olishar. Men maktab o‘quvchilari bilan bog‘liq beshta asosiy tibbiy-psixologik muammo haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Birinchi muammo – giperdinamik sindrom. Giperdinamik sindrom – bu kasallik. Halqaro tibbiy tasniflarda alohida ruknda ko‘rsatilgan. Maktab yoshidagilarda uchraydigan bu kasallikni butun dunyoda tibbiy (klinik) psixologlar davolashadi. Men o‘zimning “Asab va ruhiyat” nomli kitobimda bu sindromni “Bebosh bola sindromi” deb nomlaganman.

Tibbiy psixolog-magistrlar bilan 1000 dan oshiq maktab-o‘quvchilarda o‘tkazgan skrining tekshiruvlarda deyarli ularning 70 % ga “Giperdinamik sindrom” tashxisini qo‘ydik. Bu juda katta raqam! Asosan diqqat va hulq-atvor buzilishlari bilan namoyon bo‘ladigan ushbu kasallikka tibbiy psixolog aralashmasa bo‘lmaydi. Mana nima uchun pedagog va maktab psixologi urinishlari ko‘zlangan samarani bermayapti?

Ikkinchi muammo – bolalar nevrozi. Aslida kattalarda uchraydigan ushbu kasallik, bolalar va o‘smirlar orasida tobora avj olmoqda. Bizda nevrozni hamon nevropatologlar davolayotgan bo‘lsa, rivojlangan horij davlatlarida bu muammo bilan, asosan, tibbiy (klinik) psixologlar shug‘ullanishadi.

Uchinchi muammo – o‘smirlar depressiyasi. Yoshlar depressiyasi – juda katta psixosotsial muammo! Ma’lumki, depressiya ham kasallik va og‘ir kasallik. Albatta bu kasallik o‘smirlik yoshidan boshlab paydo bo‘la boshlaydi, ya’ni individ o‘zini shaxs deb hisoblab boshlaganidan boshlab. Uning kelib chiqishiga oiladagi nosog‘lom muhit, ya’ni bolaga e’tiborsiz ota-onalar soni oshib borayotgani, o‘qituvchining o‘z o‘quvchisiga nisbatan adolatsizligi va kamsitilishi, rag‘batning yo‘qligi, o‘quvchilarning boy va kambag‘alga tabaqalanib borayotgani, kattalar orasidagi yolg‘onning avj olayotgani va hk.

To‘rtinchi muammo – o‘smirdagi agressiya va psixoz. Ushbu o‘ta og‘ir patologik holatlarga ham yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan omillar sababchi bo‘ladi. O‘smirlik agressiyasi va psixoz – bugungi kunda o‘quvchi-yoshlar orasida avj olib borayotgan pichoqbozlik va turli qotilliklar ko‘payishiga turtki bo‘lmoqda. Yuqorida men tilga olib o‘tgan voqeaga ham agressiya va psixoz sababchi bo‘lgan, ya’ni mobil telefon tufayli aka o‘z ukasini o‘ldirib qo‘ygan. Alohida ta’kidlash joizki, o‘smirda agressiya shakllanishi sabablari ko‘p, biroq bu havfli holatning asosiy sabablaridan biri – unga nisbatan bo‘layotgan adolatsizlik. Ta’lim dargohidagi va oiladagi adolatsizlik. Buning oqibatida uning ong ostida yechimini topa olmagan yoki yechimi topilmagan ziddiyatli muammolar qo‘nim topadi va Freyd tili bilan aytganda kuchli salbiy quvvat manbaiga aylanadi. Bu holat esa birovning hayotiga tajovuz va qotillikka olib keladi.

Beshinchi muammo – o‘smirlar orasidagi suitsid. 14-17 yoshdagilar suitsidining asosiy sababchisi – bu depressiya. Suitsid muammosi – bir qancha psixolog mutaxassislar birgalikda yechadigan muammo. Bitta kasb egasi uni bartaraf eta olmaydi. Suitsid muammosini yechishda har kimning o‘z vazifasi bor: pedagog – yaxshi ta’lim-tarbiyaga urg‘u beradi, psixolog – xarakterdagi psixologik og‘ishlarni bartaraf etadi, tibbiy psixolog depressiyani korreksiya qiladi, psixiatr – agressiya va psixozni davolaydi. Demak, ushbu muammo – barchamizga tegishli!

Bu muammolarni yechish uchun maktab psixologi quyidagi tibbiy-psixologik va psixoterapevtik bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak.
1.Giperdinamik sindrom, bolalar nevrozi, o‘smirlik agressiyasi, depressiya va psixozlarga olib keluvchi etiologik omillardan va ushbu kasalliklarning klinik belgilaridan voqif bo‘lishi;

2.Ushbu kasalliklarda qo‘llaniladigan psixologik testlardan voqif bo‘lishi, ularni interpretatsiya qila olishi, testlar va boshqa tibbiy tekshiruvlar natijasiga tayanib psixologik sog‘lom va nosog‘lom guruhlarga ajratish;

3.O‘quvchilarning tibbiy-psixologik salomatligi aks etgan elektron baza yaratish va uning monitoringini olib borish. Ushbu ma’lumotlarning konfedensialligini ta’minlash;

4.Havf-xatar guruhi bo‘yicha maktab o‘quvchilarini A (havfsiz), V (xavfli), S (o‘ta havfli) guruhlarga ajratish va har bir guruh bilan individual ishlash mexanizmini ishlab chiqish. Agressiya, psixoz va depressiya hamda suitsidga moyil o‘quvchilar aniqlanganlar alohida ro‘yxatga olinishi va ular bilan ishlashni alohida moliyalashtirish masalasini ko‘tarish;

5.O‘quvchi yoshlarning nafaqat psixologik, balki tibbiy salomatligini ham birgalikda saqlash, profilaktika ishlarini keng yo‘lga qo‘yish, bu borada musiqa va sport zallaridan unumli foydalanishni keng yo‘lga qo‘yish zarur;

6.Qizlarning tibbiy-psixologik salomatligi bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish, balog‘at yoshiga yetgan qizlarning jinsiy va ruhiy salomatligiga oid samarali psixoprofilaktik va psixogigiyenik dasturlar yaratish va bu borada grant loyihalarini ishlab chiqish lozim;

7.Bu borada olib borilayotgan barcha ishlar davlat tomonidan yetarli darajada mablag‘ bilan ta’minlanishi kerak, maktab psixologlari va hamshiralari maoshlarini keskin oshirish, ularni ish samarasiga qarab rag‘batlantirib turish, maktab psixologi statusini ko‘tarish, ularni zarur adabiyotlar va metodik ko‘rsatmalar bilan ta’minlab turish ham o‘ta dolzarb muammodir.

Zarifboy Ibodullayev
Toshkent tibbiyot akademiyasi asab kasalliklari va tibbiyot
psixologiyasi kafedrasi professori, tibbiy psixolog

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Maktab psixologlari va hamshiralari bilishi zarur bo‘lgan tibbiy-psixologik bilim va ko‘nikmalar