19:25 / 05.01.2021
2 569

Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasida sud-huquq tizimida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan islohotlar e’tirof etildi

Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasida sud-huquq tizimida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan islohotlar e’tirof etildi
2020 yil 29 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomasi bo‘lib o‘tdi.
Murojaatnomada bir qator ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy hamda sud-huquq tizimida o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va kamchiliklar tahlil qilinib, kelgusi 2021 yilda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar, shuningdek olib borilishi lozim bo‘lgan yangi islohotlar muhokama qilindi.

"2020 yil aholini ijtimoiy himoya qilish borasida tub burilish yili bo‘ldi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Sud-huquq sohasi, jumladan, jinoiy jazolarni liberallashtirish borasidagi islohotlarimiz ham izchil davom ettirildi. Natijada bu yil sudlangan shaxslarning 74 foiziga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi. Jazo muddatini o‘tayotgan va tuzalish yo‘liga qat’iy kirgan 616 nafar fuqaro afv etildi. Sudlar mustaqilligi ta’minlanishi natijasida joriy yilning o‘zida 719 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi", -deydi davlat rahbari o‘z Murojaatnomasida.

Yangi yildan boshlab joriy etiladigan “bir sud – bir instansiya” tamoyili sud qarorlarining adolatli, qonuniy va barqarorligini ta’minlashda bosh mezon bo‘lishi lozim. Hozirgi kungacha viloyat sudlari chiqargan qaror ustidan berilgan shikoyatlar shu sudlarning o‘zida ko‘rib chiqilar edi. Birgina 2019 yilda viloyat sudlari qabul qilgan 13 mingta shunday qaror Oliy sud tomonidan o‘zgartirilgan va bekor qilingan. Kelgusi yildan boshlab bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartiriladi. Odil sudlovga xos bo‘lmagan ishlarni nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti bekor qilinadi.

Navbatdagi muhim masala – yangi yildan boshlab fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat darajasidagi 3 ta sudlar bitta sud sifatida birlashtiriladi. Bu yangilik aholi va tadbirkorlarga katta qulayliklarni yaratadi. Shuningdek, kelgusi yildan sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti yangi tartib sifatida joriy etiladi. Bunda ishni to‘xtatish yoki tugatishga asos yetarli bo‘lsa, sud ishni avvalgiday tergov yoki prokurorga qaytarmasdan, o‘zining yakuniy qarorini qabul qiladi.

Yana bir muhim yangilik – investorlar huquqlarini munosib himoya qilish maqsadida Oliy sudda investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha maxsus sudlov tarkibi tashkil etildi.

Endi investorlar, o‘z xohishiga ko‘ra, nizoni hal qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sudga murojaat qilishi mumkin.

Sud tizimida raqamlashtirish yanada kengaytirilib, fuqarolarimizga sud binosiga kelib yurmasdan, “onlayn” tartibda murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, fuqarolar o‘z arizalarini ko‘rib chiqish jarayonini masofadan turib kuzatib borishi mumkin bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, Murojaatnomada ilgari surilgan masalalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi "Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-6034-sonli Farmoni hamda 2020 yil 3 sentabrdagi "Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-4818-sonli Qarori bilan amalga oshirilishi belgilangan edi.

S.Bo‘tayev
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudining raisi

H.Tuxtayev
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudining sudyasi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasida sud-huquq tizimida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan islohotlar e’tirof etildi