08:25 / 06.01.2021
2 893

DXX bir guruh jinoyatchilarni qo‘lga oldi

DXX bir guruh jinoyatchilarni qo‘lga oldi
DXX Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1976 yilda tug‘ilgan B.R. 1968 yilda tug‘ilgan A.K.dan 1 kg. 296 gr. «opiy» giyohvand moddasini Toshkent shahri hududida qabul qilib olgan vaqtida ushlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahrida yashovchi B.R. Tojikistondagi og‘ufurush tanishlari yordamida qo‘shni mamlakatdan giyohvand moddalarni respublikamiz hududiga olib kirish va sotish bilan shug‘ullangan. Surxondaryo viloyatida istiqomat qiluvchi A.K. esa navbatdagi giyohvand moddani unga keltirib bergan.

DXX Buxoro viloyati boshqarmasi, viloyat bojxona boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Kogon shahrida harakatlanayotgan «Neksiya» rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, uning salonida bo‘lgan 1981 yilda Qorako‘l tumanida tug‘ilgan U.A.ning yonida 293 gr. «opiy» giyohvand moddasi borligi aniqlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirib olingan.

DXX xodimlarining Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda poytaxtimizning M.Ulug‘bek tumani hududida o‘tkazgan tezkor tadbirida esa «Orlando» rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechiriladi.

Natijada mashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan 1969 yilda tug‘ilgan N.M.ning hamda 1988 yilda tug‘ilgan M.J.ning yonidan jami 273 gr. «gashish» giyohvandlik vositasi topildi. Shuningdek, mazkur avtomashinada bo‘lgan ularning sherigi 1974 yilda tug‘ilgan S.T. ham ushlandi. Aniqlanishicha, M.J. ushbu giyohvand moddalarni Tojikiston Respublikasida istiqomat qiluvchi shaxsdan 2000 AQSH dollariga sotib olgan.

DXX Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi xodimlarini jalb qilgan holda o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam sudlangan fuqarolar – M.M. va E.Z.lar ketayotgan «Neksiya» rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirildi. Avtomobil ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida 5600 dona «Lirika» dori vositasi borligi aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu dori vositalarini Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan «Kayrat» ismli shaxs aylanma yo‘llar orqali mamlakatimiz hududiga o‘tkazib, M.M. va E.Z.larga 70 mln. so‘mga sotgan.

Keyingi holatda esa Andijon shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan fuqaro R.T. qo‘shni Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 2800 dona «Regapen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini Shahrixon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro X.S.dan 30 mln. so‘mga sotib olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda yuqorida ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » DXX bir guruh jinoyatchilarni qo‘lga oldi