16:34 / 06.01.2021
2 434

Qonun hammaga barobar bo‘lishini hohlaysizmi? Unda huquqbuzarliklar haqida xabar bering

Qonun hammaga barobar bo‘lishini hohlaysizmi? Unda huquqbuzarliklar haqida xabar bering
Qonun hammaga barobar bo‘lishi kerak deymizu, ko‘pincha bunga o‘z hissamizni qo‘shgimiz kelmaydi. O‘zimiz guvoh bo‘lib qolgan huquqbuzarlik haqida tegishli organlarga xabar berishga, xatto u jinoyat bo‘lsa ham, o‘zimizcha “or” qilamiz.

Buni “sotqinlik” va yana bir balo so‘zlar bilan nomlab olgan huquqbuzarlar, jinoyatchilarga fikran ergashayotganimizni o‘zimiz ham sezmaymiz.
Aslida, har qanday mamlakatda huquqbuzarliklarni oldini olish va bartaraf qilishda nafaqat davlat organlari, balki har bir fuqaroning ishtiroki muhim ahamiyatga ega.

Huquqbuzarlik haqida oddiy aholi tomonidan xabar berilishining eng yaxshi tomonlaridan biri shuki, bu holatda tegishli organ huquqbuzarlik sodir etgan fuqaroni, u kim bo‘lishi va mansabidan qatiy nazar, jazoga tortishga majbur bo‘ladi. Ya’ni, tanish-bilishchilik qilib jazodan qutulib ketish ehtimoli juda ham past. Buni yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzganlar misolida ko‘rib turibmiz.
Shu sababli, so‘nggi yillarda, xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda ham ayrim sohalarda huquqbuzarliklar haqida xabar bergan fuqarolarni rag‘batlantirish mexanizmi joriy etildi.

Milliy qonunchilik
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 sentabrdagi 747-sonli qarori bilan “Jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga o‘rnatilgan videoregistratorlar shuningdek, videokuzatuv va tasvirga olish texnika vositalari hamda mobil qurilmalar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Ushbu Nizomga ko‘ra, huquqbuzarlik holatlari aks ettirilgan videoyozuvlarni “ejarima.uz” veb-sayti orqali ichki ishlar organlariga yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining besh foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4845-sonli Qaroriga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan boshlab aholi tomonidan Davlat ekologiya qo‘mitasining internet tarmog‘idagi maxsus axborot tizimiga yuborilgan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar holatlari to‘g‘risidagi fotosuratlar va video yozuvlarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima miqdorining o‘n besh foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi 829-sonli qarori bilan “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan
yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Nizomga ko‘ra, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslar bir martalik pul mukofoti (BHMning 3 baravaridan 25 baravarigacha) bilan rag‘batlantiriladi.

Agar pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati BHMning yuz baravaridan ko‘p bo‘lsa, mukofot quyidagi foiz hisobida hisoblanadi.
- ancha miqdor uchun – mulk qiymatining 15 foizi miqdorida;
- ko‘p va juda ko‘p miqdor uchun – mulk qiymatining 10 foizi miqdorida.
Shuningdek, shaxs korrupsiyaga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shganligi uchun davlat mukofotiga ham tavsiya etilishi mumkin.

Boshqa sohalarda ham huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish tartibini joriy qilish rejalari mavjud. Masalan, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan “Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash va xufiyona iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish faktlarini aniqlashda yordam bergan shaxslarni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qarori loyihasida soliqqa oid huquqbuzarliklarni aniqlashda yordam bergan shaxslarni pul mablag‘lari bilan rag‘batlantirish nazarda tutilgan.

Xorijiy tajriba
Ko‘plab xorijiy mamlakatlarda huquqbuzarliklarga qarshi kurashda jamoatchilik ishtirokini ta’minlash maqsadida “whistleblowing” instituti joriy qilingan. Bu institutning qisqacha mazmuni huquqbuzarliklar haqida xabar berishdir.

“Whistleblower” (so‘zma so‘z tarjimasi “hushtak chaluvchi”) – bu davlat idorasi, jamoat, xususiy yoki tijorat tashkiloti xodimlari tomonidan sodir etilgan firibgarlik yoki boshqa noqonuniy xatti-harakatlarini fosh qiluvchi faol fuqaro hisoblanadi. Bunday xabarchilar huquqbuzarliklar haqida yoki muayyan tashkilotning ichida yoxud tashqariga (inspektorlarga, huquqni muhofaza qilish organlariga, ommaviy axborot vositalariga yoki manfaatdor shaxslarga) xabar beradilar. Xabarchilar o‘zlari tekshiruv tashabbuskori bo‘lishlari yoki ma’lumotlarni tarqatish imkoniyatiga ega bo‘lgan vositachilarga berishlari mumkin.

Xorijiy mamlakatlarda davlat va xususiy sektorlarida turli xil jinoyatchilik, huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni fosh qilish maqsadida fuqarolarni rag‘batlantirish uslubidan ham keng foydalaniladi.

AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Koreya, Ruminiya, Serbiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlar qonunchiligida ham korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali mexanizmi sifatida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi belgilangan.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining 1986 yilgi firibgarliklar to‘g‘risidagi federal qonuniga ko‘ra, budjet mablag‘lariga oid firibgarlik holatlari haqida xabardor bo‘lgan shaxslar, davlat manfaatlari uchun da’vo ariza bilan sudga murojaat qilishlari mumkin. Ushbu holatda da’vo beruvchi shaxs umumiy da’vo miqdorining 15 foizidan 25 foizigacha ulushi sud tomonidan rag‘batlantiriladi. Shuningdek, amaldagi qonunlarga ko‘ra, moliya bozori ishtirokchisining har qanday huquqbuzarliklari haqida xabar bergan shaxs ushbu huquqbuzarlik uchun sud tomonidan belgilangan jarima miqdorining 10 foizidan 30 foizigacha mukofot pulini olishi mumkin.

Rossiya Federatsiyasining 07.02.2011 yildagi “Politsiya to‘g‘risida” gi Federal Qonunida shaxsning politsiyaga jinoyatni ochishda ishonchli ma’lumotlarni taqdim etganligi va aybdorlarni qamoqqa olishda yordam berganligi uchun rag‘batlantirish nazarda tutilgan.

Ukraina qonunchiligiga 2019 yilda korrupsiya faktlari to‘g‘risida xabar beruvchi “fosh etuvchi” tushunchasi kiritilgan. Shaxs huquqbuzarliklar to‘g‘risida anonim ravishda korrupsiyaning oldini olish milliy agentligiga ishonch telefoni yoki elektron pochta orqali xabar berishi mumkin. Qonunchilikka ko‘ra, agar korrupsiya faktidan davlatga yetkazilgan pora yoki zarar miqdori kamida eng kam ish haqi miqdorining besh ming baravarini tashkil qilsa, u ma’lumot uchun pul mukofotini talab qilishi mumkin.

Xabarchilarga bepul yuridik yordam, hayot va sog‘liqqa tahdid bo‘lgan taqdirda himoya qilish, advokat uchun xarajatlarni qoplash kafolatlanadi.
Xususan, Qozog‘iston Respublikasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar haqida xabar bergan shaxslar pul mablag‘lari bilan mukofotlanish bilan bir qatorda davlat tomonidan himoya qilinadi. 2017-2019 yillarda Qozog‘iston Respublikasida davlat budjetidan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar berganlik uchun 708 nafar shaxs 99 mln. tenge (2,4 mlrd. so‘m), joriy yil 1-choragida 44 nafar shaxs 7,2 mln. tenge (176,6 mln. so‘m) bilan rag‘batlantirilgan.

Qirg‘iziston Respublikasining “Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, korrupsiya to‘g‘risida xabar bergan shaxs ushlangan summadan kelib chiqqan holda rag‘batlantiriladi.
Ta’kidlash lozimki, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasida ham korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish choralarini ko‘rish belgilangan.

Xulosa qilib aytish mumkinki, huquqbuzarliklarni oldini olish va bartaraf qilishda jamoatchilik ishtiroki kengaytirilishi, huquqbuzarlik haqida xabar berish rag‘batlantirilishi mamlakatda huquqbuzarliklar kamayishiga, qonun ustivorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ravshan Nurmatov,
Adliya vazirligi huzuridagi
huquqiy siyosat tadqiqot instituti
yetakchi maslahatchisi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qonun hammaga barobar bo‘lishini hohlaysizmi? Unda huquqbuzarliklar haqida xabar bering