00:20 / 08.01.2021
2 777

Prezidentga ham yil davomida ishlab topgan puli haqida hisobot topshirish majburiyati yuklatilishi mumkin

Prezidentga ham yil davomida ishlab topgan puli haqida hisobot topshirish majburiyati yuklatilishi mumkin
Daromadlar deklaratsiyasi to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasida mansabdor shaxslarning barchasi daromadlari va xarajatlarini deklaratsiyalash nazarda tutilgan. Bu haqda 7 yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi O‘tkirbek Nomozboyev aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Daryo» nashri.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtashevaning ma’lum qilishicha, daromadlar deklaratsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi agentlik tomonidan ishlab chiqilgan.

«Hozirda mazkur qonun loyihasi tegishli organlarga kelishish uchun kiritilgan. Kelishish jarayonida tegishli xulosalarga ega bo‘lganimizdan so‘ng keyingi bosqichlar haqida gapirishimiz mumkin», – dedi Umida To‘xtasheva.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi O‘tkirbek Nomozboyevning aytishicha, qonun loyihasida mansabdor shaxslarning barchasi qamrab olingan.

Mansab vakolatiga tegishli bo‘lgan, hujjat qabul qilish vakolati bo‘lgan barcha mansabdor shaxslar – quyidan tortib yuqorigacha bo‘lgan mansabdor shaxslar doirasi qamrab olingan. Bular:
- Prezident adminstratsiyasi;
- Vazirlar Mahkamasi;
- Respublika tashkilotlari;
- Hokimliklar;
- Huquqni muhofaza qiluvchi organlar;
- Sud idoralari xodimlari, – dedi agentlik mas’ul xodimi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Prezident va bosh vazir ham daromadlar deklaratsiyasini to‘ldirishi taklif etilgan.

Avvalroq, 2019 yilning oktabr oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. Unga ko‘ra, 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekistonda davlat xizmatchilari ayrim toifalarining mol-mulkini, daromadlari va xarajatlarini deklaratsiyalash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.

Ya’ni 2020 yildan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri va Senati raisi va ularning o‘rinbosarlari, bosh vazir o‘rinbosarlari, bosh vazir o‘rinbosarlari maslahatchilari, 2021 yildan esa Vazirlik va idoralarning tarkibiy bo‘linmalari boshliqlari, shuningdek, ularning o‘rinbosarlari daromad va mol-mulkini deklaratsiyalashi bayon etilgan. Lekin ushbu qaror loyihasida Prezident va bosh vazirning daromadlar deklaratsiyasini to‘ldirishi nazarda tutilmagandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezidentga ham yil davomida ishlab topgan puli haqida hisobot topshirish majburiyati yuklatilishi mumkin