10:20 / 08.01.2021
4 862

Ko‘ngilni quvnatuvchi nodir aforizmlar...

Ko‘ngilni quvnatuvchi nodir aforizmlar...
Epigraf: Biz har doim taniqli olim, neyropsixolog Zarifboy Ibodullayevning asarlaridan parchalar berib kelamiz. Hayotning o‘nqir-cho‘nqirlarini ko‘p ko‘rgan olim ro‘y bergan vaziyatlarni yon daftariga yozib yuradi. Ushbu bitiklar insonni hayratga soladigan aforizmlarga aylangan. Ular “Asab va ruhiyat” kitobidan o‘rin olgan. Quyida olimning bisotidagi nodir fikrlari bitilgan durdona aforizmlarni saytimiz o‘quvchilarining e’tiboriga havola qilamiz. O‘qing, fikr qiling, anglang, agar ko‘nglingiz ravshan topgan bo‘lsa muallifning haqlariga duo qilib qo‘yishni ham unutmang, azizlar.

Sog‘lom odamning boshidan nur yog‘ilib turadi, biroq bu nur faqat kasal odamga ko‘rinadi.
***
Tibbiyotda tashxis va davolash – go‘yoki egizak. Ular bir xil diqqat-e’tiborni talab qiladi.
***
Psixolog – inson qalbining dirijori.
***
– Faylasuf bo‘lish uchun nima qilish kerak?
– Nonni qanday topish haqida ko‘p o‘ylash kerak?
***
Inson ruhiyatiga hamla qilmang, oqibati siz uchun ham, uning o‘zi uchun ham yomon bo‘ladi.
***
Ba’zi professorlar ilm haqida maslahat berishlari mumkin, biroq ilm haqida g‘oya bera olmaydilar.
***
Mahalliychilik – Vatanni sevishning teskari ko‘rinishi.
***
Shogird o‘nta bo‘lishi mumkin, biroq ustoz bitta bo‘ladi.
***
Psixosomatik tibbiyotsiz tibbiyotning kelajagi yo‘q.
***
Ba’zi odamlar o‘z baxtsizliklarini bilishsa-da, o‘zlarini baxtiyor qilib ko‘rsatishni xush ko‘rishadi.
***
Tafakkurning chegarasi bor, biroq tasavvurning chegarasi yo‘q.
***
Mehribonlik izlash – bu xudbinlikdir.
***
U shuhrat izidan shu qadar quvdiki, oxir-oqibat shuhrat ham orqada qolib ketdi.
***
Sovun kirni yo‘qotadi, jahl – aqlni.
***
Izzattalab do‘stdan qoch.
***
Raqamda hissiyot yo‘q, hissiyotning barcha turi so‘zda mujassam.
***
Do‘sting xursand bo‘lishini xohlasang bir marta maqta, xato qilishini xohlasang ikki marta, to‘g‘ri yo‘ldan urishni xohlasang hadeb maqtayver.
***
Pul – qo‘lning kiri deyishadi. To‘g‘ri. Biroq shu kirni yuvish uchun ham sovun kerak.
***
– Ko‘rolmaslik qachon to‘xtaydi?
– Yerda hayot to‘xtaganida!
***
Dunyoda bemordan murakkab inson bo‘lmasa kerak!
***
– Yangilik nima uchun yaratiladi?
– Eski muvaffaqiyatlarni saqlab qolish uchun.
***
O‘nta soxta do‘stdan bitta tanish afzal.
***
Kibrni ilm yengadi.
***
Qozonga yaqin yursang qorasi yuqadi deyishadi. To‘g‘ri, biroq uzoq yursang och ham qolasan-da.
***
Hissiyot kengaygan sayin aql torayib boradi.
***
Haqiqiy olimning eng yaqin do‘sti – bu yolg‘izlik.
***
– G‘oyani qanday qilib topsa bo‘ladi?
– Xayol surib.
***
Ilmsiz odamni alam boshqaradi, ilmli odamni – bilim.
***
Inson boshiga hadeb musibat tushaversa, u yo sinadi, yo toblanadi.
***
Nahorgi oshni nahorgi o‘qishga o‘zgartirishganida, hatto professorlar ham unga bormay qo‘yarmidi.
***
Hech narsa haqqoniylikdan ustun kela olmaydi.
***
Qanday kasallikka chalinishidan qat’i nazar bemorni davolash psixoterapiya bilan boshlanishi va psixoterapiya bilan tugallanishi kerak.
***
– Shifokor uchun eng katta azob nima?
– Hammaga yordam bersa-yu, o‘z yaqinlariga yordam bera olmasa. Uning uchun bundan katta azob yo‘q!
***
– Inson o‘z erkini qachon yo‘qotadi?
– Pulga erk berganida.
***
Bu dunyoda hech kimga yetmaydigan narsa – bu vaqt. U boyga ham, kambag‘alga ham yetmaydi.
***
Shogirdlaring bir kun kelib seni esidan chiqarishlari mumkin, biroq yozgan asarlaring seni har doim barchaga eslatib turadi.
***
Agar odam kimgadir bo‘lsa qaram,
Uni boshqarur g‘azab va alam.
***
– Sen nega yolg‘izsan? Nima, sening do‘sting yo‘qmi?
– Bor! Ular – mening xayollarim. Ular meni hech qachon tark etishmaydi!
***
– Xato qilmaslik uchun nima qilmaslik kerak?
– Hech nima qilmaslik.
***
Insonning qudrati har narsaga yetishi mumkin, biroq vaqti har narsaga yetavermaydi.
***
O‘tmishdagi yoqimsiz voqealarni eslab siqilavergandan ko‘ra, kelajakka reja tuzib, orzu-umidlar bilan yashagan yaxshi.
***
O‘z farzandlaridan mehrini ayagan edi, qariganida farzandlar mehriga zor bo‘lib olamdan o‘tdi.
***
Kambag‘alning xudbinligi tutsa, boynikidan oshib tushadi.
***
U shogird tayyorlashda mahalliychilikka shu qadar berilib ketdiki, oxir-oqibat shogirdlari yaratgan ilmiy ishlar mavqei mahalladan nariga o‘tmadi.
***
Avvallari muhabbat so‘z bilan ifodalangan bo‘lsa, hozirda uni tana bilan ifodalashga urinishmoqda.
***
Shirin yolg‘ondan achchiq haqiqat yaxshi, deyishadi. To‘g‘ri! Biroq shirin yolg‘on kayfiyatni ko‘tarsa, u ham yaxshi.
***
O‘n kun davolayman degani, o‘n kunda davolayman degani emas.
***
Ustoz shogirdidan so‘radi:
– Nima uchun ilm qilaman deyapsan, olim bo‘lmoqchimisan?
Shogird dedi:
– Yo‘q, ustoz! Sizga o‘xshagan professor bo‘lmoqchiman.
***
Tibbiyotda paradoks: Hamma davolash bilan ovora, tashxis qo‘yish bilan hech kimning ishi yo‘q.
***
Qari bilganni pari bilmas deyishadi. To‘g‘ri! Haqiqatan ham parilarning aqli ko‘p narsaga yetmaydi.
***
Televizor bo‘lmaganida ko‘p mashhurlarni hech kim tanimagan bo‘lur edi.
***
Dunyoni o‘zgartirish mumkin, biroq taqdirni o‘zgartirib bo‘lmaydi.
***
O‘ziga ishonmagan bemor doktorga ham ishonmaydi.
***
Ilmdan oshadigan hech qanday kuch yo‘q.
***
Ko‘p o‘qiganlarning hammasi ham olim bo‘lavermaydi.
***
Bir yalqovning degani: 40 yoshgacha otam boqadi, 40 yoshdan so‘ng bolam.
***
“O‘nta siz-bizdan, bitta jiz-biz yaxshi”.
Barchaga xush yoqadigan naqadar chuqur falsafa.
***
“Er-xotinning urishi – asablarning qurishi”.
***
Suqrotga aytishdi:
– Nima qilasiz bu yomon xotinni, undan voz keching.
Suqrot dedi:
– Meni Suqrot qilgan odamdan qanday qilib voz kechay.
***
Mehr – ko‘zda, deyishadi. To‘g‘ri! Biroq oqibat masofada bo‘lsa kerak.
***
Er-xotinlar orasidagi janjallar 40 yoshgacha asab va ruhiyat buzilishi, 40 yoshdan so‘ng insult va infarkt bilan tugallanadi.
***
Hammaga yaxshi ko‘rinishga intiladigan odamdan do‘st chiqmaydi.
***
Do‘stlar qancha kam uchrashsa, shuncha oqibatli bo‘lishsa kerak.
***
Ilm bor joyda zulmga o‘rin yo‘q.
***
“Yaxshi oshini yeydi, yomon boshini” deyishadi. To‘g‘ri! Biroq kimning oshini-yu, kimning boshini?
***
Butun dunyo boyligi bolaga teng bo‘lolmas!
***
– Uylangan og‘a-inilar orasida mehr-oqibatni yo‘qotish uchun nima qilish kerak?
– Ular bir hovlida yashashlari kerak.
***
Odam qachon yolg‘on so‘zlay boshlaydi. Haqiqatni so‘zlash joniga tekkandan keyin.
***
Boyning puli ko‘p, kambag‘alning esa orzusi.
***
Kecha ayon bo‘lgan ilmiy yangilikni ertaga yana yangi ish deb e’lon qilish kecha pishirilgan ovqatni qozonda yana isitib yegan bilan barobar.
***
Butun dunyoni zabt etgan Iskandar Zulqarnayn Spitamenning boshini ololmadi, biroq bu ishni Spitamenning xotini bir kechada amalga oshirdi.
***
– Olimlar kimlar?
– Bir-birini tan olmaydigan odamlar.
***
Bu dunyoda hamma uchun barobar narsa – vaqt.
***
Ruhiy jarohatni dori bilan davolab bo‘lmaydi.
***
Ona mehri ota mehridan o‘n chandon kuchliroq ta’sirga ega bo‘lsa kerak...
***
Vrach xatoga yo‘l qo‘ymasligining yagona garovi bu – maslahat! Maslahatlashib tashxis qo‘yish yakka ilm asosida qo‘yilgan har qanday tashxisdan ishonarlidir. Tibbiyotda maslahat – tengi yo‘q fenomen.
***
Tibbiyot qayerda qoloq bo‘lsa, farmakologik biznes o‘sha yerda gurkirab rivojlanaveradi.
***
Kechikkan anglov: Buyuklarning buyukligini ularning vafotidan so‘ng anglab qolamiz.
***
Ortiqcha baxt ham tashvish keltiradi.
***
Son-sanoqsiz soxta shogirdlar tayyorlagan olimdan bitta kashfiyot yaratgan olim afzal!
***
Imperiyani erkaklar yaratadi, ayollar qulatadi.
***
Psixologik nuqsonni ayol kishi o‘ziga ortiqcha zeb berish bilan, erkak kishi esa uyiga oro berish bilan yo‘qotishga urinadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, shaharda antiqa ayollar va antiqa imoratlar ko‘payib bormoqda.
***
Ilm qilish, albatta, insonga zavq bag‘ishlaydi, biroq har doim ham qorinni to‘yg‘izavermaydi.
***
Inson ruhiyati o‘zi bir dunyo! Unda nimalar ro‘y bermaydi deysiz?!
***
Vaqt davolaydimi? Bir bemorni shifokor uzoq vaqt davoladi. Axiyri u tuzalib ketdi. Shifokor xursand. Biroq bemorni vaqt davolagani uning xayoliga ham kelmadi.
***
Agar insonlar va davlatlar o‘zaro adovatda bo‘lishmaganida edi biz taraqqiyotning uchinchi ming yilligini boshdan kechirayotgan bo‘lar edik.
***
Odamlarning o‘zaro munosabatlari xuddi ob-havoga o‘xshaydi, tinmay o‘zgarib turadi.
***
– Nodonlikka birinchi qadam qachon qo‘yiladi?
– O‘zini dono hisoblagan kundan boshlab.
***
– O‘zga sayyoraliklar bizlarni nega yo‘q qilib yuborishmayapti?
– Ular o‘zimizni o‘zimiz qachon yo‘q qilishimizni kutishayapti.
***
Hech narsasi yo‘q odam hech nimadan qo‘rqmaydi.
***
O‘zgadan kelgan buyruqdan ko‘ra yurakdan chiqqan istak afzal.
***
Hammaning borar manzili bir, biroq u yerga har kim har xil yo‘llar bilan boradi.
***
Bu dunyoda eng oson va darrov topiladigan narsa – bu bahona.
***
Ota-ona bolasidan mehrini ayamagan edi, farzand ulg‘aygach, butun dunyoni mehrga burkab tashladi.
***
Uning so‘zi buyuk, o‘zi emas.
***
Isbot qilinmagan faktlarni inkor qilavermang, ularni o‘rganing.
***
Jamiyat qonunlari inson manfaatlariga zid kelsa, inson o‘z qonunlari ila yashay boshlaydi.
***
Ba’zi bemorlar zarradek darddan qo‘rqib fil yasashadi, ba’zilari esa fildek dardiga zarracha ham e’tibor qilmaydi.
***
Olamni tushunish oson, biroq olimni tushunish qiyin.
***
Nevrologiya menga miyani o‘rgatdi, psixologiya esa – hayotni, hayot esa qanday yashamoqni.
***
Inson bu dunyoda ham, u dunyoda ham “Ha” va “Yo‘q”qa tavozedir.
***
Fikringiz avvalo o‘zingizni boshqaradi, agar u yomon bo‘lsa, ehtiyot bo‘ling.
***
Bir odam ikkinchisiga sen shoxida yursang, men bargida yuraman dedi. Shuning uchun ham bir joyda tek tura olmay ko‘p yiqilasan-da deb javob qaytardi u.
***
Qayerda ziyoli xo‘rlansa, o‘sha yerda johilga jon kiradi.
***
Yaxshiyam odamlar o‘zlari bilmagan holda bir-biriga yaxshilik qilib qo‘yishadi, aks holda yaxshiliklar soni keskin kamayib ketardi.
***
Olimlar – jamiyat ko‘zgusidir.
***
Meni bitta savol doim qiynaydi: Men odamlarni tushunishga harakat qilaymi yoki odamlar meni tushunishga harakat qilishsinmi?
***
Ichki dunyoingni qal’asi va darvozasi bo‘lsin, uni har kimga ham ochaverma.
***
Qalbingni kibr egallagan kuni rivojlanishdan to‘xtadim deyaver.
***
Bolalar dunyosiga kirish har kimga ham nasib qilavermaydi, kirgan taqdirda ham u yerdan ko‘ngli tusagan narsaga ega bo‘lib chiqavermaydi.
***
Inson virtual hayotga qanchalik sho‘ng‘imasin baribir real hayotdan qochib qutula olmaydi.
***
Farzand uchun eng yaxshi tarbiya – bu yo‘qchilik bo‘lsa kerak deb ba’zan o‘ylab qolaman. To‘qchilik bolaning ko‘ziga qanchalik g‘ubor solsa, yo‘qchilik uning ko‘zini shunchalik ochadigan vositaga o‘xshaydi.
***
Ilmga to‘sqinlik qilishni istamasang, uni boshqarishga intilma.
***
Psixopatga qancha ko‘p maslahat bersang, u shuncha ko‘p seni yomon ko‘radi.
***
Psixologiya allaqachon tibbiyotning ichida yuribdi. Negadir uni shifokorlar payqashmayapti.
***
Inson qalbini kashf qilishdan ko‘ra olisdagi yulduzlarni kashf qilish osonroqqa o‘xshaydi.
***
Stress xuddi shamolga o‘xshaydi, undan qochib qutula olmaysan.
***
Barchamiz qulmiz, hech bo‘lmaganda vaziyatning quli.
***
– Donolarning dunyoga kelishiga kim sababchi?
– Nodonlar. Ular bor ekan donolarga zarurat tug‘ilaveradi.
***
Insonning tinka-madorini sekin-asta qurituvchi vosita – bu noaniqlik.
***
Odamning qanaqaligini bilmoqchi bo‘lsang, avvalo, uning oilada o‘zini qanday tutishini o‘rgan.
***
Keksayganimizda farzandlarimiz bizning ko‘zgumizga aylanadi. Ularda yoshlikda bergan tarbiyamiz aksini ko‘ramiz.
***
– Unvon nima?
– Insonni ham xursand qiluvchi, ham yo‘ldan uruvchi bir vosita.
***
Yuqori lavozimdan urilib qaytgan eski tanishim bir kuni mendan so‘rab qoldi: “Yaxshi inson bo‘lib qolish uchun nima qilish kerak?”. Men unga “Taklif qilinayotgan barcha lavozimlardan voz kechish kerak” deb javob qaytardim. Yana bilmadim.
***
Hech kim bilan ishi yo‘q ilmlidan ilmi sayoz bo‘lsa-da odamlarga nafi tegadigan inson afzal.
***
Birovlarni xursand qilish qo‘lingdan kelmasa, hech bo‘lmaganda o‘zingni o‘zing xursand qilib yur.
***
– Mashhur bo‘lish uchun nima qilish kerak?
– Hayot zarbalarini ko‘p yeyish kerak.
***
Agar kimdir yurak xurujidan vafot etsa, avvalo, uning sababini oilasidan izlang.
***
Yaxshi odamning ham xarakteri yomon bo‘lishi mumkin.
***
Mehnatga qo‘lini urmay ota-ona hisobiga yashagan bola ulg‘aygan sayin xudbin bo‘lib boraveradi va bunday farzanddan umidvor bo‘lmang.
***
Hayot zarbalari har qanday tayoqdan og‘riqli.
***
Yaxshi farzand tarbiyalash uchun yaxshi ota-ona bo‘lishning o‘zi yetarli emas.
***
Inson qalbi qanchalik pok bo‘lsa, unga tushgan dog‘ shunchalik yaqqol ko‘zga tashlanadi.
***
Bo‘sh loyni har xil shaklga solish oson bo‘lgani kabi sodda odamni ham har ko‘yga solish mumkin.
***
Insonni mehnat tarbiyalaydi, kitob esa uni ilmli qiladi.
***
Jamiyat donolarga Suqrot davrida ham muhtoj bo‘lgan, hozir ham muhtoj, bundan keyin ham muhtoj bo‘lib qolaveradi.
***
Paradoks: Yosh pedagog ilm va mahorat yetishmaganidan talabalarga ma’ruzani to‘g‘ri o‘qiy olmadi, professor esa ilmi oshib-toshib ketganidan fikrini to‘g‘ri bayon qila olmadi. Bechora talabaga qiyin.
***
Ba’zan o‘ylab qolaman: “Ko‘p kitob yozgan odam dono bo‘ladimi yoki ko‘p kitob o‘qigan?”
***
Inson o‘z xatosini anglab yetgandan keyingina o‘zgalarni tushuna boshlaydi.
***
Faylasuf film ko‘rib huzur topmaydi, har bir epizodni tahlil qilaverib, azob topadi, xolos.
***
Ichki dunyosi go‘zallar qanchalik ko‘p bo‘lsa, tashqi dunyo ham shunchalik go‘zal bo‘ladi.
***
Bir mansabdorning degani: “Mansabda uzoq qolishimning boisi shuki, men har doim o‘zimdan ustun turganlarga tavoze qilib yashadim, ularning aytganlarini so‘zsiz bajardim, qo‘l ostimdagilarga esa qiyo ham boqmadim”.
***
Insonning xotirasi o‘ziga taalluqli narsalarga kuchli bo‘ladi.
***
Odamlar bor millionlab insonlar taqdirini hal qila oladi, odamlar bor o‘z taqdirini o‘zi hal qila olmaydi.
***
– Nega buyuklarning farzandlari aksariyat hollarda no‘noq bo‘lishadi?
– Menimcha, ota-onadagi talant geni teparoqdan sakrab o‘tsa kerak. Xafa bo‘lmang! Bu genlar baribir sizning avloddan hech qayoqqa qochib ketmaydi. Buyuklik genlari borib-borib nevara, evara yoki chevarada namoyon bo‘ladi.
***
Korrupsiya xuddi yovvoyi o‘tga o‘xshaydi, uni yulib tashlaganing bilan yana va yana o‘sib chiqaveradi. Axir uning ildizi uzoqlarga borib taqalgan.
***
Haqiqatga tik qarab to‘g‘ri so‘zlagan bosh har doim egri qilichga mute bo‘lgan. Afsus...
***
Bir olimni hech kim tushunmadi, u ham o‘ziga haqiqiy do‘st topolmay dunyoda yolg‘iz yashab o‘tdi.
***
Mehnat nimaligini bilmaydigan odam boshqa birov mehnatining qadriga umuman yetmaydi.
***
– Bu dunyoda haqiqat bormi o‘zi?!
– Albatta bor! Biroq uning qayerdaligini izlab topish kerak.
* * *
– Ma’nili odamlar nega bema’nilikka qo‘l urishadi?
– Ma’nili hayot joniga tekkanidan bo‘lsa kerak.
* * *
Ikki professor o‘z mavqei ustida bahslashib qolishdi. Axiyri bu ikkala professorni yaxshi biladigan uchinchi olim bahsga aralashib, shunday dedi: “U o‘zini-o‘zi yaratdi, sizni esa tanish-bilishlar yaratdi. Sizlarning asosiy farqingiz ana shunda”.
* * *
Bir buyuk zot nopok “inson” tuhmatlariga qolib, bu olamdan bevaqt ko‘zini yumdi. Oradan ko‘p o‘tmay ul zotga xiyobon tashkil etilib, haykal o‘rnatildi, nomi ulug‘landi. O‘shal “inson” haykal poyiga gulchambar qo‘yib, mitingda uzundan-uzoq ma’ruza qildi va ul zotni ko‘klarga ko‘tarib, olqishladi. Oradan ko‘p o‘tmay uning mansabi yuqoriladi...
***
Yer yuzida hayot paydo bo‘libdiki, barcha narsalar tinmay o‘zgarib kelayapti, biroq faqat bitta narsa o‘zgarmay qoldi. Bu ham bo‘lsa – odamlar orasidagi urush.
***
Odamlarni hissiyot emas, aql boshqarishini Ollohdan so‘rab qolgan bo‘lur edim.
***
Haqiqiy olim isyonkor bo‘ladi!
***
Yoshligingda qalam bilan olmagan ilm va odobni katta bo‘lganingda tayoq bilan olishga majbur bo‘lasan. Bu tayoq – hayot zarbalari bo‘lib, u juda og‘riqli bo‘ladi va hatto mayib qilib qo‘yishi mumkin. Bu paytda yoningda sening himoyachilaring ota-onang ham bo‘lmaydi.
***
Katta bir amaldor bilan o‘ta muhim muammo ustida uzoq bahslashib qoldim. Suhbat orasida u mendan: “Sen nima uchun yashayapsan o‘zi” deb so‘rab qoldi. To‘g‘risi, bu savol ustida o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Keyin anglasam, men o‘zimdan keyingi davr uchun yashayotgan ekanman.
***
Urush bilan boshlangan yerdagi hayot urush bilan tugaydiganga o‘xshaydi.
***
Barcha tinchlik tarafdorlari urushni xush ko‘rishadi. Nega?!
***
Insoniyat hayotida 7 raqami juda suyukli va sirli. Masalan, 7 qavatli osmon, kamalakning 7 jilosi, 7 kundan iborat hafta va h.k. Biroq inson miyasining ruhiyat uchun javob beradigan qismi negadir 6 qavatdan iborat, har bir qavatning nomi ham bor, ular hatto darsliklarda ham bayon qilingan. Menimcha inson miyasi 7 qavatdan iborat bo‘lishi kerak edi, bu 7-qavat esa rivojlanmay qolgan. Agar u bo‘lganida aql-farosat qavati degan nomni olgan va odamlarni o‘zaro urushlardan tiyib turgan bo‘lar edi. Bu qavat oddiy insonda ham, yirik davlatlar rahbarlarida ham rivojlanmay qolgan. Afsus...
***
Uyqu – o‘limning bu dunyodagi kichik bir ko‘rinishi.
***
Korrupsiyaning “pulsiz shakli” ham bo‘ladi. Katta lavozimda o‘tirib olib ilmli insonlarga quloq solmay taraqqiyotga g‘ov bo‘layotgan amaldor pora olib tezda qo‘lga tushuvchi amaldordan ko‘ra o‘ta xavfli va dahshatlidir. Bundaylar amal kursisida uzoq yillar o‘tirib, davlatni va jamiyatni xarob qiladi va boz ustiga orden-medallar olib nafaqaga chiqib, rohat-farohatda umrguzaronlik qiladi. Ularning aybi faqat lavozimdan ketgandan keyin xalq orasida rivoyatlarga aylanib dillarda doston bo‘ladi, xolos.
***
Haqiqiy ilm atrofga shunday nur taratadiki, uning shul’asidan uzoq-uzoqdagilar ham bahramand bo‘ladi, soxta ilm esa o‘chay-o‘chay deb lipillab yonayotgan shag‘amga o‘xshaydi. Unda na taft bor, na naf.
***
Aqlim menga hech narsadan tap tortmay olg‘a boraver desa, qalbim menga o‘zingni ehtiyot qil deydi. Qay biriga quloq tutay?!
***
Ba’zi odamlar o‘tgan xatolardan saboq chiqarib bugungi va ertangi kun haqida fikr yurgizishdan ko‘ra og‘ir damlar og‘ushiga cho‘mib tushkun kayfiyatda yurishadi. Bundan bir naf bormi?
***
Bir yozuvchi ikkinchi yozuvchiga hasratini to‘kib soldi: “Anavi kuni 70 yillik yubileyimni o‘tkazishga ruxsat so‘rab vazirlikka boruvdim, meni tanishmadi-ya”. Shunda ikkinchisi dedi: “Qo‘y, aslo xafa bo‘lma, ular Navoiyni tanishmaydi-yu, sen faqirga yo‘l bo‘lsin”.
***
Odamlarni hissiyot emas, aql boshqarishini Ollohdan so‘rab qolgan bo‘lur edim.
***
Insonga rohat bag‘ishlovchi eng maqbul musiqa – bu sukunat bo‘lsa kerak.
***
Har qanday ilm Ollohni anglash uchun yaratilgan.
***
– Qanday odam kibrli bo‘ladi?
– Hayotda yutqazib yuradigan odam.
***
Iqtisodni buzadigan ham, tuzadigan ham – bu inson psixologiyasi.
***
Ulug‘larni tanqid qilishdan oldin, avvalo, ular qilgan ishning bir qismini qilishga harakat qilib ko‘r.
***
Baxt va tashvish yonma-yon yuradi, deyishadi. To‘g‘ri. Biroq qay birining qo‘lidan ushlasak, o‘sha bizga ko‘proq hamroh bo‘ladi.
***
Haqiqat tirikligida o‘ta xavfli, o‘lgandan so‘ng hech kimga xavf solmaydi. Shu bois o‘lgan haqiqatni ko‘klarga ko‘tarishadi, tirik haqiqatni esa yerga ko‘mishadi.
***
Kibrli shaxslardan ko‘p aziyat chekkan insofli va diyonatli odam mendan so‘rab qoldi: “Mana, Siz neyropsixologsiz, aytingchi, kibrni qanday qilib yo‘qotsa bo‘ladi? Uning davosi bormi?”. Men javob berdim: “Kibrni davolab bo‘lmaydi, qon bilan kirgan jon bilan chiqadi. Bundan xulosa shuki, kibrni dafn qilish mumkin, xolos! Biroq o‘sha qabristondagi yirik daraxtlar so‘lib qolmasligiga men kafolat bera olmayman...”.
***
“Davlat tilini himoya qiluvchi nodavlat tashkiloti” tuzish payti kelganga o‘xshaydi. Bu fikr qachon miyamdan o‘chib ketar ekan?
***
- Bizdagi olimlar nega o‘z ona tilida so‘zlashni bilishmaydi?
- Bunday olimlar ko‘p narsani bilishmaydi, shuning uchun ham ular doim izlanishda.
***
Nega odamlar to‘g‘ri va tekis yo‘l bo‘la turib egri yo‘ldan yurishni xush ko‘rishadi? Buning birinchi sababi – to‘g‘ri yo‘ldan ko‘ra egri yo‘llar ko‘pligi, ikkinchi sababi – to‘g‘ri yo‘lda to‘g‘ri yurganlarni o‘g‘ri urishi.
***
Insonning haqiqiy bahosini birov bera olmaydi. Birovning bahosi ko‘pincha yolg‘on bo‘lib chiqadi. Eng zo‘r baho – bu o‘zingga-o‘zing bergan baho va u a’lo bo‘lsin! O‘zingni o‘zing angla! Ana shunda seni birov anglab yetadi. Birov seni anglashi shart ham emas, bu uning shaxsiy ishi. Balkim ular sening shaxsingni to‘g‘ri baholay olish qobiliyatidan mahrumdir.
***
Ota qudratli bo‘lsa, farzandi ham qudratli bo‘ladi degani emas.
***
Bir davlatda ikki xil til bir xil maqomga ega bo‘la olmaydi, yo unisi yengib chiqadi yoki bunisi. Davlat va millat bitta ekan, uning so‘zlashadigan tili ham bitta bo‘lishi kerak.
***
Mafkura shu qadar kuchli qurolki, hali-xanuzgacha undan kuchli qurol yaratilgan emas va yaratilmasa ham kerak.
***
Otaning qahri qattiq bo‘lgani bilan qalbi yumshoq bo‘ladi.
***
Har narsaning cheki bor, biroq ilmning cheki yo‘q.
***
Odamlar bilan munosabatda ularni oq-qoraga bo‘lib tashlayvermang, o‘rtada boshqa ranglar ham bor.
***
Davlatni boshqarishdan ko‘ra oilani boshqarish qiyin. Chunki ota-ona nafaqat ta’lim-tarbiya vaziri, balki u moliya vaziri, himoya vaziri, savdo-sanoat vaziri, iqtisodiyot vaziri, sog‘liqni saqlash vaziri, mudofaa vaziri va h.k. Davlatda har bir vazirlikni bitta odam boshqarsa va ularning kamida o‘ntadan yordamchisi bo‘lsa, oilada shuncha vazirlikni bor yo‘g‘i ikkita shaxs boshqaradi va hech qanday yordamchisi yo‘q. Boz ustiga davlat har besh yilda vazirlarni o‘zgartirib tursa, oilada buning imkoni yo‘q, ya’ni ikkita shaxs shuncha “vazirlikni” umrining oxirigacha o‘zlari boshqarishga majbur. Chunki ota-ona – yagona va ularni o‘zgartirib bo‘lmaydi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ko‘ngilni quvnatuvchi nodir aforizmlar...