11:01 / 08.01.2021
4 304

12 yosh psixologiyasi haqida qiziq faktlar

12 yosh psixologiyasi haqida qiziq faktlar
Nima uchun aynan 12 yosh psixologiyasi haqida yozayapman. Hadisda 12 yoshgacha bo‘lgan davrdagi tarbiyaga alohida urg‘u berilgan. Uning ma’nosi quyidagicha: “Bola 12 yoshgacha ota-ona va ustozlari aytganini qiladi, 12 yoshdan so‘ng o‘z bilganini qiladi”. Demak, 12 yoshdan keyingi tarbiya – bu kechikkan tarbiya.

Tarbiya homiladan boshlanishi kerakligi, ya’ni ona qornidagi bola hamma narsani tinglab yotishi va ma’lumotlarni miyasiga yozib borishi haqida ham yozilgan. Bu kimgadir g‘alati tuyulmasin, biroq bu bor gap. Yaqin kelajakda ona qornida endi rivojlanayotgan bolaning miyasiga yozib olingan xotira izlari maxsus apparaturalar orqali biz ota-onalarga ko‘rsatib berilsa yoki eshittirilsa ajab emas.

Hozir homila davrini qo‘ya turib, 12 yosh psixologiyasiga qaytsak. Muammo shundaki, ota-ona 18 yoki 20 yoshga to‘lgan farzandiga salom-alikni o‘rgata olmay, so‘zini o‘tkaza olmay, ish buyura olmay sarson. U endi allaqachon izdan chiqib bo‘lgan farzandini mullaga o‘qitib ko‘radi, psixologga yuborib ko‘radi, do‘q-po‘pisa qiladi, “qachon sanga aql kiradi” deb yig‘lab-yolvorib ko‘radi. Biroq endi barchasi befoyda. Chunki bola tarbiya relsidan chiqib bo‘ldi. Bu urinishlardan faqat ota-ona asabi buzilgani va ruhiyati ezilgani qoladi xolos.

Nima uchun aynan 12 yosh tanlangan, degan savol tug‘iladi? Gap shundaki, bosh miyaning peshona qismida prefrontal soha bor. Faqat insonlarda bo‘ladigan ushbu soha 12 yoshda anatomik jihatdan shakllanib bo‘ladi va so‘ngra u takomillashib boradi xolos. Bu joyni “Oliy analitik markaz” deb atasa bo‘ladi. Ushbu analitik markaz shakllanib bo‘lgach, bosh miya atrof-muhitdan kelib tushayotgan ma’lumotlarni ko‘r-ko‘rona to‘plash bilan emas, balki ularni mustaqil ravishda tahlil qilib qaror chiqarish bilan shug‘ullanib boshlaydi.

Bosh miya 12 yoshgacha nimaiki to‘plagan bo‘lsa, keyingi hayot shular asosida shakllanib boradi. Agar shu davrgacha ota-ona bolaga yaxshi tarbiyani bera olmagan bo‘lsa, ya’ni salom-alik, mehr-muhabbat, qadr-qimmat, mehnat, e’tiqod va diyonatga o‘rgata olmagan bo‘lsa, bundan so‘ng ham o‘ragata olmaydi. Ha, afsuski shunday!

Endi 12 yoshgacha va undan keyingi davrning 12 xil sir-sinoati, ya’ni sabab va oqibat orasida nimalar yotganini ko‘rsatib o‘tamiz:
1.Kap-katta bola nega xarom-xarish yo‘llarga kirib ketdi, chunki 12 yoshgacha bo‘lgan davrda uning luqmasiga xarom-xarish aralashgan;
2.Kap-katta bola nega salom-alikni bilmaydi, chunki u 12 yoshgacha salom-alikka o‘rgatilmagan;
3.Kap-katta bola nega mehnatdan qochadi, chunki u 12 yoshgacha mehnatga o‘rgatilmagan, mehnat – bu buyuk tarbiya ekanligini ota-onaning o‘zi ham anglab yetmagan.
4.Kap-katta bola nega ota-onasidan yiroq yurishga intiladi, undan qochaveradi, chunki 12 yoshgacha bo‘lgan davrda ota-ona ham undan yiroq yurgan va yonida bo‘lishga vaqt topmagan;
5.Kap-katta bola nega kitob o‘qimaydi, ilmga intilmaydi, chunki 12 yoshgacha bo‘lgan bola ota-onasining kitob o‘qiganini ko‘rmay o‘sgan.
6.Kap-katta bola nega kattani hurmat, kichikni izzat qilmaydi, chunki 12 yoshgacha uning o‘ziga ham izzat ko‘rsatilmagan va hurmat qilinmagan;
7.Kap-katta bola nega ota-onasi, ustozlari, qolaversa jamiyatga tajovuzkor, chunki 12 yoshgacha unga tajovuzkor bo‘lishgan va jamiyat bola haqida qayg‘urmagan;
8.Kap-katta bola nega o‘g‘rilikka qo‘l urib jinoyat yo‘liga kirib qoladi, chunki u 12 yoshgacha to‘g‘rilik va o‘g‘rilik nimaligini bilmay o‘sgan yoki uning ko‘z o‘ngida o‘g‘irliklar sodir etilgan;
9.Kap-katta bola nima uchun hech kim bilan muloqotga kirisha olmaydi, nega uning so‘z boyligi kam, og‘ziga mum solgandek jim turadi, chunki u bilan 12 yoshgacha dildan suhbat qurilmagan, muloqotda bo‘linmagan;
10. Kap-katta bola nima uchun o‘zini-o‘zi himoya qila olmay, yomon odamlarga qo‘shilib qoladi, chunki 12 yoshgacha u himoyaga olinmagan va “Sen yomon bolasan” deb miyasiga quyib kelingan;
11. Kap-katta bola nima uchun qo‘rqoq va o‘z fikrini dadil ayta olmaydi, chunki 12 yoshgacha ota-onasi – uyda, tarbiyachi – bog‘chada, o‘qituvchi – maktabda uni faqat qo‘rqitib tarbiyalagan;
12. Kap-katta bola nega din nimaligini bilmaydi, Ollohni tanimaydi, chunki 12 yoshgacha bolaga bunday ma’lumotlar berilmagan yoki bu sohada ota-onaning o‘zi ilmsiz.

Zarifboy Ibodullayevning
“Asab va ruhiyat” kitobidan olindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 12 yosh psixologiyasi haqida qiziq faktlar