13:46 / 08.01.2021
2 684

Duo psixologiyasi

Duo psixologiyasi
Duoni olimlar o‘rganishmayapti. Chunki u ilmiy emas. Duo – ilohiy. Biroq har qanday yetuk olimni shu darajaga yetishiga sababchi bo‘lgan, uning ustozi emas, balki bolaligida ota-onasidan olgan duosi emasmikan? Duo kuchini har qanday oddiy odam bilib-ko‘rib turadi, biroq uni olimlarimiz tadqiq qilmayapti. Nima uchun?

Duoni ilmiy tomondan asoslab berish qiyinligi yoki uning kuchi shundoq ham ma’lum bo‘lganligi uchunmi? Duo qanday kuchga ega ekanligini hayot ko‘rsatib turibdi va uni olimlar ko‘rsatib berishi shartmi, deb o‘ylayapsizmi? Duo ilmiy emas va shuning uchun ham uni tadqiq qilish shart emas, deb hisoblashayaptimi olimlar? Axir har qanday tilsimning sir-asrorini ochib tashlash olimlarning vazifasi emasmi?

Duo – ob’ektiv emas, balkim u sub’ektivdir. Ilmda sub’ektiv hodisalarni o‘rganishdan ko‘ra, ob’ektlarni o‘rganish osonroq. Chunki ularni qo‘l bilan ushlab ko‘rsa bo‘ladi. Qiziq! Kimgadir yoki nimagadir duo ketsa, uni qaytarishga eng kuchli olimning ham kuchi yetmaydi.

Duo sub’ektiv bo‘lsa-da, u bizning ob’ektiv hayotimizni keskin o‘zgartirib yuboradi. Demak, ilmdan ko‘ra ilohiyat kuchli! Unda nima uchun ilohiy kitobimiz bo‘lmish Qur’onda ilmga bag‘oyat katta urg‘u berilgan? Axir har qanday ilm Ollohni anglash uchun yaratilmaganmi?

Duo qanday kuchga ega ekanligini hayot har kuni bizga ko‘rsatib va anglatib turibdi. Vaqti kelib duo nega bunday qudratga ega ekanligini olimlar o‘rganishar. Biroq vaqtni boy bermasdan ota-onamiz duosini olib yashaylik yoki biz ota-onalar farzandlarimizni duo qilib yashaylik! Hadisda “Beshikdan qabrgacha ilm ol” degan o‘gitlar bor. Keling, beshikdan qabrgacha duo ham olib yashaylik!

Professor Zarifboy Ibodullayevning
“Asab va ruhiyat” kitobidan olindi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Duo psixologiyasi